NIShONDA SAMARQAND VILOYaTINING KATTAQO`RG`ON, IShTIXON, OQDARYo TUMANLARI
Joriy yilning 15 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirilayotgan bo`lsa-da, ayrim hududlarda jinoyatlar sezilarli kamaymagani, ba`zi jinoyat turlari oshgani tanqid qilindi. Ayniqsa, qotillik, o`g`irlik, firibgarlik va xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning oshgani kuzatilgan mahallalardagi muhitni sog`lomlashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda mahalla ma`sullari, profilaktika inspektorlari, hokimlik, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlari hamda jamoatchilik vakillarining ma`suliyatini oshirish, zarur chora-tadbirlar ko`rish bo`yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.
Prezidentning xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so`zlagan nutqida ham viloyatda xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlari uchun etarli sharoit yaratilayotganiga qaramasdan kutilgan natijaga erishilmayotgani tanqid ostiga olingandi.

O`zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasining ma`lum qilishicha, tanqiddan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o`rinbosari, polkovnik A.Mirzaev tanqid ostiga olingan Samarqand viloyatining Kattaqo`rg`on shahridagi G`arb machit, Ishtixon tumanidagi O`zbekiston, Oqdaryo tumanidagi Po`latdarxon mahallalari mutasaddilari, hokimlik, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlari hamda aholi bilan uchrashdi, joylarga borib haqiqiy holatni ko`zdan kechirdi.
Kattaqo`rg`on shahridagi G`arb machit mahallasida bo`lib o`tgan uchrashuvda jinoyatchilik ahvoli yana bir bor tahlil qilinib, jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlar yaxshi yo`lga qo`yilmagani aytib o`tildi. Ishsizlik, huquqbuzarlik sodir etishga moyil fuqarolar, notinch oilalar, ichkilikbozlikka ruju qo`yganlar, kelishmovchilik kuzatilayotgan xonadonlar ro`yxati tuzilgan bo`lsa-da, ular bilan bevosita samarali ish yuritilmagani olib borilayotgan profilaktik ishlarni puchga chiqargani qayd etildi.
Xuddi shunday uchrashuv Ishtixon tumanidagi O`zbekiston mahallasi mutasaddilari va tumandagi barcha mahallalar raislari ishtirokida davom etdi. Tahlillarga ko`ra, mahallada profilaktik hisobda turuvchilar soni 28 nafarni tashkil etadi. Hududda joriy yilda turli ko`rinishdagi 20 ta jinoyat sodir etilgan.
Xo`sh, bu kabi salbiy holatlarga yo`l qo`ymaslik, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida mahallada qanday ishlar qilinmoqda? Mutasaddi rahbarlar tanqiddan to`g`ri xulosa chiqaryaptimi?
Ta`kidlash lozimki, jinoyatlarning oldini olish, sodir etilganlarini tez fursatda fosh etish jamoat joylari, do`kon va guzarlarga kuzatuv moslamalarining o`rnatilishi muhim o`rin tutadi. Muqaddam tuman hududidagi bozorlar, gavjum joylarga 60 ta zamonaviy videokamera o`rnatilgan edi. Jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish maqsadida O`zbekiston mahallasi hududida qo`shimcha 21 ta kuzatuv kamerasi o`rnatildi. Jamoatchilik maskanlari, tungi postlar va navbatchilik guruhlari tuzilib, ularning faoliyati kuchaytirildi. Yangi sport to`garaklarini tashkil etish, ularga yoshlarni jalb etish choralari ko`rilmoqda.
Uchrashuvlarda shuningdek, aniq ishlab chiqilgan “Yo`l xaritasi” asosida ish ko`rish, sektorlarga mutasaddi rahbarlarning ish yuritish tartibini tubdan o`zgartirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozimligi ta`kidlandi.






