Shavkat Mirziyoev saylovda 88,61 foizi ovoz to`plab, ishonchli g`alabani qo`lga kiritgan edi.
O`zbekiston xalqi 2016 yilning 4 dekabr sanasini uzoq yillar xotirasida saqlaydi. Boisi shu kuni xalq o`z irodasi va ishonchiga tayanib, Prezidentlik lavozimiga munosib nomzod Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirmonovich Mirziyoevni sayladi. 4 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi bo`yicha ro`yxatga olingan 20 million 428 ming 891 saylovchining 17 million 941 ming 955 nafari ovoz berish jarayonlarida ishtirok etdi. Bu ro`yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,83 foizini tashkil etadi. Shavkat Mirziyoev esa saylovda 88,61 foizi ovoz to`plab, ishonchli g`alabani qo`lga kiritdi.
Shavkat Mirziyoev 14 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma majlisida Prezidentlik qasamyodini qabul qildi. Unda O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug`bek Abdusalomov ishtirok etib, Shavkat Mirziyoevga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti guvohnomasi va O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining shahodatnomasini topshirdi.






