AsosiyJamiyat

INHA UNIVERSITETI PROFESSORI XUSNIDDIN OLIMOV XALQARO “SCIENCE LEADER” MUKOFOTINI QO`LGA KIRITDI

'INHA UNIVERSITETI  PROFESSORI XUSNIDDIN OLIMOV XALQARO “SCIENCE LEADER” MUKOFOTINI QO`LGA KIRITDI'ning rasmi

Toshkent shahridagi Inha universiteti professori, Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti xodimi, fizika-matematika fanlari nomzodi Xusniddin Olimov fizika-texnika sohasidagi xalqaro “Science Leader” mukofotini qo`lga kiritdi. Bu haqda oliy ta`lim muassasasining veb-saytida ma`lum qilingan.

Xabarda aytilishicha, O`zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi hamda AQShning “Clarivate Analytics” kompaniyasi tomonidan Toshkent shahrida “Web of Science Awards 2017” xalqaro akademik mukofotini tantanali topshirish marosimi o`tkazilgan.

“Web of Science Awards 2017” xalqaro mukofoti laureatlari “Clarivate Analytics” xalqaro kompaniyasi tomonidan mamlakatimizdagi oliy ta`lim va ilmiy muassasalarda faoliyat yuritayotgan olimlar orasidan tanlab olindi. Ularning ilmiy ishlari “Web of Science” xalqaro ilmiy-tahliliy elektron ma`lumotlar bazasidagi ilmiy nashrlarda so`nggi 10 yil ichida chop etilgan maqolalarning soni va ularga keltirilgan havolalar asosida baholandi.

“Web of Science Awards 2017”ning asosiy xalqaro mukofoti turli fan sohalarida faoliyat yuritayotgan olti nafar o`zbekistonlik etakchi olimlarga berildi.

“Science Leader” mukofotini qo`lga kiritgan olimlar ichida Inha professori Xusniddin Olimov ham bor.

U “Web of Science” xalqaro ilmiy-tahliliy elektron ma`lumotlar bazasidagi ilmiy nashrlarda 41 ta ilmiy maqola chop etgan. Maqolalarga 200 dan ortiq havolalar bo`lgan.

G`oliblar Fan va texnologiyalar agentligi hamda AQShning “Clarivate Analytics” kompaniyasining diplomi, sertifikati, qimmatbaho sovg`asi, Vazirlar Mahkamasining faxriy yorlig`i, pul mukofoti bilan taqdirlangan.

Shuningdek, “Eng yaxshi ayol tadqiqotchi”, “Eng yaxshi yosh olim”, “Eng yaxshi ilmiy jurnal”, “Eng yaxshi oliy ta`lim muassasasi”, “Eng yaxshi ilmiy-tadqiqot muassasasi” nominasiyalari bo`yicha g`oliblar aniqlandi.

    Boshqa yangiliklar