AsosiyJamiyat

TURKMANISTON PREZIDENTI KITOBINING TAQDIMOTI O`TKAZILDI

'TURKMANISTON PREZIDENTI KITOBINING TAQDIMOTI O`TKAZILDI'ning rasmi

Poytaxtimizda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning “Turkmaniston — Buyuk Ipak yo`lining yuragi” nomli kitobi taqdimoti bo`lib o`tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik hamda idoralar, mamlakatimizda akkreditasiyadan o`tgan diplomatik korpus vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Tadbirda so`zga chiqqan Turkmanistonning O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shiri Shiriev hamda boshqalar ikki davlat o`rtasidagi an`anaviy do`stlik va hamkorlik aloqalari yangi zamon ruhida rivojlanayotganini ta`kidladi.

O`tgan yillar davomida erishilgan natijalarda bir qancha huquqiy hujjatlar muhim asos bo`lmoqda.

Turkmaniston Prezidentining yangi kitobi “Jayhun bo`ylab”, “Qadimgi Marv”, “Saraxs va Anau oralig`ida”, “Nisadan Dehistongacha”, “Qadimiy Dashovuz erlarida” hamda “Mo``jizaviy dunyo” deb nomlangan olti bobdan iborat.

Ushbu asarda Buyuk Ipak yo`lining rivojlanish tendensiyasi, tarixiy dinamikasi va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdagi roli hamda xalqlar o`rtasidagi savdo aloqalarining ravnaqi haqida batafsil ma`lumot berilgan. Uning yana bir o`ziga xosligi shundaki, kitobdagi ma`lumotlar Buyuk Ipak yo`lining tarixi va madaniyatini ilmiy asosda o`rganadiganlar uchun juda muhim qo`llanmadir.

Kitob Turkmaniston davlat nashriyoti tomonidan turkman, ingliz hamda rus tillarida chop etilgan.

Tadbir ishtirokchilari ushbu asarda mintaqamiz davlatlarining do`stona munosabatlarini mustahkamlash masalalariga alohida e`tibor qaratilganini qayd etdilar.

    Boshqa yangiliklar