AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTON XALQARO AYoLLAR TADBIRKORLIGI KUNINI NIShONLAYDI

'​O`ZBEKISTON XALQARO AYoLLAR TADBIRKORLIGI KUNINI NIShONLAYDI'ning rasmi

Butun dunyoda 2017 yil 19 noyabr - Ayollar tadbirkorligi kuni sifatida keng nishonlanadi va bu kun ayollarning huquq va imkoniyatlarini qo`llab quvvatlovchi eng yirik jamoatchilik harakatiga aylanadi. Bu kun butun dunyodagi 4 milliard ayollarning tadbirkorlik orzularini ruhlantiradigan va rag`batlantiradigan kun bo`ladi. Bu kunning nishonlanishi tadbirkor ayollarning huquq va imkoniyatlarini qo`llashga mo`ljallangan yirik tashabbusdir. Bu tashabbus BMT shafeligida o`tib dunyoning 144 mamlakatida keng nishonlanadi. Tashabbusning maqsadi ayollarga iqtisodiy jarayonlarda ishtirok etish imkonini berish, etakchi, ixtirochi, yangilikka intiluvchi va tadbirkor ayollar hamjamiyatini tashkil etish, iqtisodiy o`sish va yangi g`oyalarni hayotga tatbiq etishdir. Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq, mamlakatimizdagi olamshumul islohotlar natijasida ayollar tadbirkorligi, ayollarning iqtisodiy - ijtimoiy faolligini qo`llab quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. Barcha yurtdoshlarimiz qatorida ishbilarmon ayollarimiz o`z bilim va tajribalarini qo`llagan holda, nafaqat o`z oilalari gullab yashnashi, balki iqtisodimiz rivojiga ham munosib hissa qo`shib kelmoqdalar. Shu tufayli bugun ayollarimiz muhim ijtimoiy va biznes loyihalarini hayotga tatbiq etib, xizmat ko`rsatish, oziq ovqat, engil sanoat, qishloq xo`jaligi va boshqa jadal rivojlanayotgan sohalarda faol ishtirok etmoqdalar.

“Tadbirkor ayol” O`zbekiston ishbilarmon ayollar assosiasiyasi 2016 yildan shu tashabbusga qo`shilib, mana ikkinchi yil, ayollar tadbirkorligi imkoniyatlari, mamlakatimizda bu harakatning jadal rivoji, ularning mustaqil va iqtisodiy jihatdan erkin bo`la olishlari, o`zlariga yangi imkoniyatlar ochib, muvaffaqiyatli va baxtli bo`la olishlarini namoyish etish maqsadida tadbirkor ayollar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tadbir o`tkazmoqda. O`zbekiston Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar qumitasi, O`zbekiston Oliy Majlisining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va o`zini o`zi boshqarish organlarini qo`llab quvvatlash qumitasi, O`zbekiston Xotin – qizlar qumitasi Ayollar tadbirkorligi kuni nishonlanishining bosh hamkorlaridir.

2017 yil 18 noyabr kuni “WYNDHAM” mehmonxonasi majlislar zalida “O`zbekiston iqtisodiy rivojida ayollar tadbirkorligining o`rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya va “ZARAFShON” kinokonsert zalida Assosiasiya tomonidan e`lon qilingan ko`rik tanlov g`oliblariga mukofot topshirish marosimlari bo`lib o`tdi. Konferensiyada xorijiy va mahalliy ekspertlarning ayollar tadbirkorligi holati, uning rivoji va iqtisodiyotimizdagi o`rni, ayollarning ijtimoiy faolligini oshirishda dolzarb vazifalar haqidagi ma`ruzalari tinglandi.

Mamlakatni modernizasiya qilishning yangi bosqichi va iqtisodiy siyosatining asosiy mazmuni iqtisodiyotni eksportbop yo`nalishda rivojlantirishning har tomonlama qo`llab – quvvatlanishidir. Shundan kelib chiqqan holda konferensiya ekspertlari va ishtirokchilari asosiy e`tiborni mahsulot va xizmatlar eksportida tadbirkor ayollar faolligini oshirish, ularning eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishdan manfaatdor bo`lishlari yo`llarini izlash, ayollar tadbirkorligi eksport salohiyatini oshirishda Assosiasiyaning o`rni va ahamiyati masalalariga e`tibor qaratdilar. Ushbu konferensiyaning ahamiyatli jihati shundaki, ilk bor bu yo`nalishdagi mavjud muammolarga hamjixatlikda javob topishga harakat qilindi.

O`zbekistonda Xalqaro ayollar tadbirkorligi kunini o`tkazish jamiyatning ushbu sohaga qiziqishi va qo`llab quvvatlash istagidan kelib chiqmoqda. Yoshlarni tadbirkorlik harakatiga keng jalb etish, o`z ishlarini boshlab olishlarida tajribali tadbirkorlardan o`git olishlari kunning muhim vazifalaridan bo`lib, tadbir yakunlari bo`yicha mamlakatda ayollar tadirkorligini yanada rivojlantirish bo`yicha taklif va mulohazalar davlat organlariga taqdim etiladi.

    Boshqa yangiliklar