Mamlakatimiz sog`liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy madaniyatini yuksaltirish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham bu ishlarga munosib hissa qo`shayotir.
“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan sohaga oid davlat dasturlari ijrosini ta`minlash, bemor va nogiron bolalarni sog`lomlashtirish maqsadida xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining “Siloam Center for the Blind”, “Vision Care Servise” xalqaro fondi va boshqa muassasalar bilan o`rnatilgan hamkorlik natijasida tug`ma yurak nuqsoni, qo`l-oyoq bo`g`imlari, teri kuyishi asoratlari va boshqa xastaliklar bilan og`rigan bolalarni bepul sog`lomlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
2015-2017 yillarda Farg`ona va Buxoro shaharlarida ko`z sohasida kasalligi bo`lgan 4 mingga yaqin bemor chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. 589 nafar bemorda katarakta xastaligini bartaraf qilish va ko`z gavharini almashtirish jarrohlik amaliyoti o`tkazilib, sog`lomlashtirishga erishildi.
Bu yilgi aksiyada ham Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlaridan bemorlar Janubiy koreyalik malakali shifokorlar ko`rigidan o`tkazilmoqda. Aniqlangan kasalliklar jarrohlik amaliyoti bilan bartaraf etilayotir.
Janubiy koreyalik malakali shifokorlar tomonidan o`tkazilayotgan jarrohlik amaliyotlari viloyat shifokorlarining tajriba va mahoratini yanada oshirishga xizmat qiladi.






