AsosiyJamiyat

“ITALIYa MODASI 60 YIL IChIDA” DEB NOMLANGAN KO`RGAZMA OChILDI

'“ITALIYa MODASI 60 YIL IChIDA” DEB NOMLANGAN KO`RGAZMA OChILDI'ning rasmi

O`zbekiston davlat san`at muzeyida O`zbekiston va Italiya o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganligining 25 yilligiga bag`ishlab “Italiya modasi 60 yil ichida” deb nomlangan ko`rgazma ochildi.

"Osiyo ramzi" O`zbekiston dizaynerlar va modelerlar uyushmasi, “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi, Italiya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida uyushtirilgan tadbirda keng jamoatchilik va diplomatik korpus vakillari, dizaynerlar, oliy o`quv yurtlarining talabalari, chevarlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o`rinbosari K.Oqilova, Italiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi A.Bertossi va boshqalar ikki davlat o`rtasidagi diplomatik munosabatlar xalqlarimizning do`stlik rishtalarini yanada mustahkamlashda muhim omil bo`layotganini alohida ta`kidladi.

– Ekspozisiyada italiyalik taniqli dizaynerlar yaratgan noyob liboslar va uslublar bilan tanishish mumkin, – deydi "Osiyo ramzi" O`zbekiston dizaynerlar va modelerlar uyushmasi raisi H.Komilova. – Ulardagi mato tanlash, uslub, bichuv, bezak detallari hech kimni befarq qoldirmaydi.

– Bugungi ko`rgazmada jahonning eng yaxshi moda kataloglari va ensiklopediyalariga kirgan 70 ga yaqin ayollar va erkaklar kiyimini o`zbekistonlik muxlislarga taqdim etdik, – deydi ko`rgazma kuratori Alessia Tota (Italiya). – Ularni birma-bir tomosha qilar ekansiz, Italiya moda san`atining tarixi va o`ziga xos jihatlari bilan tanishasiz. Roberto de Kamerino, Santorio Bonfani, Fendi, Roberto Kapuchchi, Lusiano Soprano, Gattioni, Salvadore Ferragamo kabi moda olami ijodkorlari tomonidan yaratilgan liboslar barchaga manzur bo`ladi, degan umiddamiz.

Ko`rgazma 2018 yil 15 yanvargacha davom etadi.

    Boshqa yangiliklar