Ispaniya poytaxtida «O`zbekiston tarixi va zamonaviyligi, an`analari hamda salohiyati» mavzuiga bag`ishlangan taqdimot bo`lib o`tdi. Unda Ispaniyaning nufuzli oliy o`quv yurtlaridan biri-Nebrixa universitetining o`qituvchi va talabalari, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, akademik va ekspert doiralari, vazirlik va idoralari, diplomatiya korpusi, sayyohlik agentliklari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar. Bu haqda "Jahon" axborot agentligi xabar bermoqda.
O`zbekistonning Madriddagi elchixonasi va Antonio Nebrixa jamg`armasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur marosim chog`ida tadbir qatnashchilari mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy va sayyohlik salohiyati, diqqatga sazovor asosiy qadamjolari bilan yaqindan tanishdilar. Taqdimot doirasida respublikamizning Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz singari tarixiy shaharlari bag`rida joylashgan betakror me`moriy yodgorliklar haqida hikoya qiladigan suratlar ko`rgazmasining namoyishi esa mehmonlarga insoniyat tarixidagi ko`hna transkontinental savdo yo`lagi-Buyuk Ipak yo`lining qoq markazida joylashgan O`zbekiston bo`ylab fikran sayohat qilish imkoniyatini yaratdi.
Taqdimot dasturining madaniy qismida o`zbek pianinochisi Sofya Baxtiyarova hamda ispaniyalik ashulachi Karmen Kano o`zbek va ispan bastakorlarining asarlaridan namunalar ijro etdilar.
Tadbirdan orttirgan taassurotlarini o`rtoqlashar ekan, Nebrixa universiteti rektori Manuel Villa-Sellino keyingi yillar davomida O`zbekiston ispaniyaliklar uchun tarixiy-madaniy va bilim orttirish sayyohligining ommabop yo`nalishlaridan biriga aylanganini qayd etdi.
- Ko`pgina vatandoshlarimiz Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xivani ko`rib kelishgan, o`zbek xalqining mehmondo`stligidan bahramand bo`lishgan, mahobatli va betakror tarixiy yodgorliklardan hayratlanib qaytishgan, - dedi ispaniyalik olim. - Do`stlarimning o`zbeklar zaminidan orttirib qaytgan taassurotlari va so`zlab bergan hikoyalari meni O`zbekistonning tarixi va zamonaviy rivojlanishini o`rganishga rag`batlantirgan. Respublika yuqori bahoga sazovor bo`lgan muvaffaqiyatlarni qo`lga kiritdi. Jumladan, O`zbekiston rahbariyatining hukumat va xalq o`rtasida muloqotni kuchaytirish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ilmiy salohiyatni oshirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga yo`naltirilgan tashabbuslari katta e`tiborga loyiqdir.
Nebrixa universitetining institusional aloqalar bo`yicha direktori, Antonio Nebrixa jamg`armasi rahbari Nuriya Baranda ushbu sermazmun tadbirni tashkil etishga bosh-qosh bo`lgani uchun O`zbekistonning Madriddagi elchixonasiga minnatdorlik izhor etdi.
- Universitetimiz xalqaro oliy o`quv yurti hisoblanadi, - dedi u. - O`zbekiston bilan aloqalar biz uchun juda qiziqarlidir. Umid qilamizki, bugun bo`lib o`tgan taqdimot marosimi o`zbek olimlari va talabalari bilan o`zaro samarali aloqalarimizning rivojlanishiga xizmat qiladi. Mazkur taqdimotning barcha ishtirokchilari O`zbekistonning chiroyiga mahliyo bo`lishganiga hamda o`zbek xalqining madaniy va tarixiy boyligini o`z ko`zlari bilan ko`rishni niyat qilishganiga ishonchim komil.






