Beshbo`ynoq mahallasida istiqomat qiluvchi 93 yoshli Isoqjon Ibragimov Andijon tumani Xalq qabulxonasiga murojaat qildi. Ma`lum bo`lishicha, u Ikkinchi jahon urushida qatnashganiga aloqador barcha hujjatlarni janglardan birida yo`qotgan ekan. Oradan shuncha yil o`tsa-da, ularni tiklash imkoni bo`lmabdi.
— Otaxon, xavotir olmang, hujjat topiladi, — dedi Xalq qabulxonasi raisi Dilmurodjon Karimov unga tasalli berib. — Tuman mudofaa ishlari bo`limi bilan hamkorlikda qidiruv ishlarini olib boramiz.
Nuroniy mutasaddiga ishondi. Avvaldan minnatdorlik bildirib, uyiga qaytdi. Ko`p o`tmay Rossiya Federasiyasi mas`ul idoralari ko`magida Isoqjon boboga tegishli barcha hujjatlar yuborildi.
Umuman, joriy yilning o`tgan davrida tuman Xalq qabulxonasiga aholi tomonidan 1861 ta murojaat kelib tushdi. Ularning aksariyati, ya`ni 1433 tasi ijobiy hal etilgan.






