AsosiyJamiyat

​ALIMENT TO`LAMAY YuRGAN 2 MINGGA YaQIN ShAXSGA TEGIShLI ChORALAR KO`RILDI

'​ALIMENT TO`LAMAY YuRGAN 2 MINGGA YaQIN ShAXSGA TEGIShLI ChORALAR KO`RILDI'ning rasmi

ALIMENT TO`LAMAY YuRGAN 2 MINGGA YaQIN ShAXSGA TEGIShLI ChORALAR KO`RILDI

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma`naviy-ma`rifiy islohotlar jarayonida oilalarni yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik-xotirjamlik, jamiyatda ahillik va o`zaro hurmat muhitini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Mustahkam oila – jamiyat tayanchi. Shu bois oilalarda sog`lom muhitni qaror toptirish, oilaviy ajralishlar, erta turmush va yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikohlarning oldini olish, oilaviy nizolarni bartaraf etish borasida Andijon viloyatida ham tizimli ishlar yo`lga qo`yilgan.

– 769 mingdan ziyod oilaning 25 foizdan ko`prog`i yosh oilalardir, – deydi Andijon viloyati hokimi o`rinbosari, xotin-qizlar qo`mitasii raisi Manzura Yunusova. – Prezidentimiz tashabbusi bilan oilalardagi ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish maqsadida tashkil etilgan maxsus ishchi guruhlar joriy yilning o`tgan davrida har bir xonadonda bo`lib, oilalarning ahvoli, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni chuqur o`rgandi. Hayotda namunali, sog`lom oilalar bilan birga, afsuski, notinch oilalar ham uchrab turadi. Ko`proq ana shunday oilalar bilan ishlash, ularda ma`naviy sog`lom muhitni qaror toptirish muhim vazifamizdir.

O`rganishlar davomida 3 mingdan ortiq nizoli oila borligi aniqlandi. Ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida 2 mingdan ziyod oila ajralib ketishining oldi olindi. Aliment to`lamay yurgan 2 mingga yaqin shaxsga tegishli choralar ko`rildi.

Viloyatda yiliga o`rtacha 25 mingdan ortiq yangi oila barpo bo`ladi. Biroq, joriy yilning o`tgan davrida 1 ming 700 ga yaqin oilaning qonuniy ajralib ketish holati qayd etilgani achinarlidir. Ana shu ajrimlar tahlil etilganda, bunga ko`proq farzandsizlik, qaynona-kelin mojarosi, qudalar o`rtasidagi kelishmovchiliklar, erkakning qonuniy nikohi bekor bo`lmasdan boshqa oila qurib olishi singari qator omillar sabab bo`layotgani aniqlangan. Bu esa yosh oilalarni mustahkamlash, ularning muammolarini hal etish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishni taqozo etadi.

– Viloyatdagi 866 mahallada xotin-qizlar qo`mitasi boshlang`ich tashkilotlari etakchilari, fuqarolar yig`inlarining diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo`yicha maslahatchilari, “Qaynonalar kengashi” jamoatchilik kengashi a`zolari hamkorligida oilalarni mustahkamlash, ayniqsa, yosh oilalar bilan bog`liq muammolarni bartaraf etish bo`yicha zarur ishlar olib borilmoqda, – deydi viloyat xotin-qizlar qo`mitasi qoshidagi “Qaynonalar kengashi” jamoatchilik uyushmasi raisi Zamira Tillaeva. – Natijada oilaviy munosabatlar bilan bog`liq salbiy holatlar bartaraf etilmoqda.

Muammoning o`ta dolzarbligi hisobga olinib, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlarining qo`shma sessiyasi o`tkazildi. Unda oilalarni, uning qonuniy asoslarini mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, to`y-hasham va boshqa marosimlarni tartibga solish to`g`risidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Majlisda ko`plab mahalla fuqarolar yig`inlari raislari, maslahatchilari, profilaktika inspektorlari, imom-xatib va otinoyilar faoliyati tanqidiy tahlil etildi. Shuningdek, to`y va boshqa marosimlarni qisqartirish, tartibga solish, oilalarni mustahkamlash, ajralish yoqasiga borib qolgan oilalarni saqlab qolish masalalariga alohida e`tibor qaratish zarurligi ta`kidlandi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan qabul qilingan “Viloyatda oilalarni, uning qonuniy asoslarini mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida amalga oshirilishi zarur bo`lgan ishlar to`g`risida”gi qarorda mazkur yo`nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko`tarish, xususan, mahallalar va har bir oilada ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlash, to`y-hasham, oilaviy marosimlarni ixchamlashtirish, chet eldan kirib kelayotgan turli g`oyaviy tahdidlar, “ommaviy madaniyat” ko`rinishlari, erta turmush va yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikohlarning, oilaviy mojarolar bilan bog`liq salbiy holatlarning oldini olish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilikning roli va hamkorligini kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

Mahalla fuqarolar yig`inlari, mehnat jamoalari, ta`lim muassasalarida huquqshunoslar, psixologlar, ko`pni ko`rgan nuroniylar ishtirokida o`tkazilayotgan turli tadbirlar, davra suhbatlarida oilalar muammolari bilan bog`liq holatlar atroflicha muhokama etilmoqda, salbiy holatlar kelib chiqishining oldini olish, qaynona-kelin munosabatlari qanday bo`lishi, shuningdek, yosh oilalar vakillari hamda oila qurish arafasida turgan yigit-qizlarga oilaning muqaddasligi, oila a`zolarining burchi va mas`uliyati haqida keng tushunchalar berilmoqda.

– Bu kabi tadbirlar o`zining ijobiy natijalarini ko`rsatmoqda, – deydi Andijon shahar “Ayollar maslahat markazi” rahbari Nasiba Rahimova. – Yilning birinchi yarmida markazimizga turli muammolar bilan 500 dan ziyod xotin-qiz murojaat qilgan bo`lsa, ularning aksariyati oilaviy masalalar bilan bog`liq. Quvonarlisi, olib borilayotgan tushuntirish-targ`ibot ishlari samarasida keyingi uch oyda bunday murojaatlar soni keskin kamaydi.

    Boshqa yangiliklar