GEORGIY POLTAVChENKO: O`ZARO HAMKORLIGIMIZ IMKONIYaTLARI KENG
O`zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federasiyasi o`rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib bormoqda. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar barcha sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga ko`tarmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi doirasida imzolangan hukumatlararo bitimga muvofiq ikki mamlakat hududlari o`rtasida aloqalar jadal rivojlanmoqda.
Sankt-Peterburg shahri gubernatori Georgiy Poltavchenko mamlakatimizga tashrifi doirasida o`tkazilgan uchrashuvlar haqida O`zA muxbiriga quyidagilarni so`zlab berdi:
– O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuv juda samarali bo`ldi. Unda O`zbekiston bilan Sankt-Peterburg o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir keng ko`lamli masalalar muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarda imkoniyatlar keng. Masalan, O`zbekistonga Sankt-Peterburgdagi Kirov zavodida ishlab chiqariladigan qishloq xo`jaligi texnikalarini etkazib berishimiz mumkin. Sankt-Peterburgda ekologik toza, sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga talab yuqori. O`zbekiston shunday mahsulotlarga boy. Delegasiyamiz tarkibida oziq-ovqat sanoati va savdosiga ixtisoslashgan ko`plab tashkilotlar vakillari kelgan. Bu borada yo`lga qo`yilgan tizim asosida mamlakatingizdan qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari olishni ko`paytirishdan manfaatdormiz.
O`zbekistonda farmasevtika tarmog`ini rivojlantirishga katta e`tibor qaratilmoqda. Shahrimizda bu sohada yaxshi salohiyat mavjud. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish, dori vositalari va tibbiy texnikalar ishlab chiqarish bo`yicha qo`shma korxonalar tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.
Uy-joy, kommunal xo`jaligi, jamoat transporti, aholiga xizmat ko`rsatishni avtomatlashtirish masalalari muhokama qilindi.
O`zbekiston qadimiy madaniyat o`lkasi, buyuk allomalar vatani. Sankt-Peterburg Rossiyaning madaniy poytaxti hisoblanadi. Uchrashuvda ko`p yillik madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalariga ham e`tibor qaratildi.
Bu kelishuvlarni tez orada huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlaymiz. O`zbekiston bilan keng ko`lamli hamkorlikni izchil davom ettiramiz.






