O`ZBEKISTON PREZIDENTI SANKT-PETERBURG GUBERNATORINI QABUL QILDI
O`zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburg gubernatorini qabul qildi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 8 noyabr kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Sankt-Peterburg shahri gubernatori Georgiy Poltavchenkoni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, joriy yilda bo`lib o`tgan oliy darajadagi samarali uchrashuvlar va ularning yakunlari bo`yicha erishilgan kelishuvlar, jumladan, aprel oyida imzolangan ikki mamlakat mintaqalari o`rtasida hamkorlik to`g`risida hukumatlararo bitim O`zbekiston Respublikasi hududlari va Rossiya Federasiyasi sub`ektlarining amaliy hamkorligini, avvalo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni faollashtirishga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Uchrashuvda O`zbekiston va Sankt-Peterburg shahri o`rtasidagi an`anaviy yaqin va o`zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko`rib chiqildi.
Bugungi kunda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 200 million dollarni tashkil qilmoqda. Sankt-Peterburg shahrida 1 millionga yaqin yurtdoshimiz mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda. Shaharning etakchi oliy o`quv yurtlarida 3 mingdan ziyod yoshlarimiz ta`lim olmoqda.
O`zaro savdo hajmini oshirish va etakchi korxonalar o`rtasida kooperasiyani kengaytirish uchun mavjud salohiyatdan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.
Sog`liqni saqlash, ta`lim va turizm sohalarida qo`shma dastur va loyihalarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi.
Sankt-Peterburg shahri gubernatori Georgiy Poltavchenko Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. O`zbekiston bilan ustuvor yo`nalishlarda keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.






