AsosiyJamiyat

PREZIDENT RAQOBAT QO`MITASINING IShINI QONIQARSIZ BAHOLADI

'PREZIDENT RAQOBAT QO`MITASINING IShINI QONIQARSIZ BAHOLADI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida bugun, 27 oktyabr kuni xususiylashtirilgan davlat mulki negizida xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatini yangi sifat darajasiga ko`tarish, xususiylashtirilgan tadbirkorlik sub`ektlarini samarali qo`llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchici, Bosh vazir o`rinbosari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig`ilishda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan bajarilgan ishlar tahlil qilinar ekan, korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish va modernizasiyalash, yangi ish o`rinlari yaratish, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash ko`lamini kengaytirish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish, kommunikasiya tarmoqlariga ulanish va tijorat banklaridan kredit ajratilishida ularga ko`maklashish maqsadida xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirishning “yo`l xaritasi”ni ishlab chiqish va joriy etish bo`yicha qilinayotgan ishlar qoniqarsiz, deb baholandi.

Mutasaddilarga mulk egalari bilan birgalikda ishlamay turgan 1 ming 200 ob`ekt faoliyatini tiklash va rivojlantirish yuzasidan loyihalar va “yo`l xaritasi” ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishni ta`minlash bo`yicha izchil chora-tadbirlar ko`rish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig`ilishda xususiylashtirilgan korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati va moliyaviy-iqtisodiy ahvolini monitoring qilish, ularni kredit va moddiy resurslar bilan ta`minlash, mavjud muammolar va ularning sabablarini aniqlash, muhandislik ishlab chiqarish infratuzilmasini tiklash, bozor topishda tadbirkorlarga amaliy ko`mak berish masalalariga davlat idoralari tomonidan etarlicha e`tibor qaratilmayotgani ta`kidlandi.

Raqobat muhiti va qimmatli qog`ozlar bozorini rivojlantirish, iste`molchilar huquqlarini muhofaza qilish, birja faoliyatini lisenziyalash, zamonaviy kadrlarni tizimli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, sohaga eng rivojlangan davlatlar tajribasini tatbiq etish kabi masalalar muhokama qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, istiqbolga belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar