AsosiySUG'DIYONA

IShQ VA IShDAGI MUAMMOLAR O`ZIMIZNI O`ZIMIZ SO`ROQQA TUTAMIZ!

'IShQ VA IShDAGI MUAMMOLAR O`ZIMIZNI O`ZIMIZ SO`ROQQA TUTAMIZ! 'ning rasmi

Ba`zida to`yib yig`lagingiz keladi. Xonanda kuylagandek: «Chorasiz dardlarning erur chorasi, kel, endi bir to`yib yig`laylik, ko`ngil...» Ammo yuragingizni ko`z yoshlar-la bo`shatsangiz ham, oradan ko`p o`tmay muammolar yana siz tomon bo`ylayveradi. Ha, ba`zida turmushimiz — baxtsizlik, ishimimiz — asabiylik, xullas, hayotimiz nursiz tuyuladi. Shunday kezlarda bir inson bo`lsa-yu, ongi-shuuringizdan jamiki muammoni tortib olsa... Ammo o`sha inson kim?

Dardingizdan to`rt devor tugul, dunyolarga sig`mayapsiz? Bir dardkash, yo`q, tabib, yo`q, sehrgar kerak sizga. Qo`lidagi tayyoqchasi bilan hamma-hammasini hal qilsa? Lekin o`sha sehrgarni kutib o`tiraversangiz, chumolingiz haqiqatda filga aylanadi. Tajribali mutaxassislar muammolarni echishning eng maqbul yo`lini tavsiya etishadi. Ya`ni o`zingizga chetdan, o`zga nigoh-la nazar solmoqni. Buning uchun o`zingizni o`zingiz so`roqqa tutsangiz bas. Marhamat, sizga «shpargalka».

Shaxsiy hayot

Turmush o`rtog`ingiz yoxud boshingiz ochiq bo`lsa, ko`ngil qo`yganingiz bilan munosabatlarda qanday xatolarga yo`l qo`yayapsiz va uni qanaqa hal qilish mumkin?

O`zimizga savol beramiz:

  • Ayni damdagi holatimga nima sabab?
  • Yorim bilan munosabatlarimizda qaysi jihatim tahsinga sazovar?
  • Qaysilari esa o`zimga yoqmaydi?
  • U bilan munosabatlarda menga nima noqulaylik tug`diradi (pul, tushunmaslik va hakozo)?
  • Men uning sog`ligi, xotirjamligi uchun g`amxo`rlik qilishga tayyormanmi? Va buning uchun o`z istaklarim, sog`ligimni qurbon qila olamanmi?
  • Juftligimizdan mamnunmanmi?
  • Bir-birimizning hamma gaplarimizni ikir-chikirigacha eshita olamizmi?

Mulohaza

Avvalo shuni bilingki, munosabatlar bu ko`zgudek gap. Agar biz ko`zguga o`zimizga oro berib qarasak, albatta, chiroyli qiyofamiz unda gavdalanadi. Tosh otsak, chil-chil sinadi.

Savollarga bergan javoblaringizni ko`zdan kechirib, tushkun kayfiyatga tushib qolmang. Ular muammodan dalolat bermaydi. Aksincha, o`zingizni yana yaxshiroq tushunishingizga ko`maklashadi, munosabatlaringizning o`rganilmagan tomonlarini o`rganishingiz imkonini tug`diradi va yangi takliflarni yuzaga keltiradi. Shu o`rinda yana o`zingizga savol bering: «Meni nima bezovta qilayapti?» «Bu inson menga kimni eslatayapti?» «Qachon men shunday hisni tuygandim?»

To`g`ri, ba`zida er-xotin yoki sevishganlar o`rtasida chidab bo`lmas darajada mojoralar yuz beradi. U bilan o`zingizni xotirjam his qilmaysiz, yashnab-yayrab yashay olmayapsiz? O`zingizni qo`lga olib, yana so`roqqa tuting: «Bu vaziyat men haqimda nimani bildirayapti?» «Shu muammoning yashirin foydasi nima?» «Agar vaziyat o`zgarsa, nima bo`ladi?» «Yo aloqani uzish kerakmi?» Mana shu oxirgi savol ustida yaxshilab o`ylang. Bu holatni boshqa boshdan kechirmaslik uchun munosabatlarga barham bermoqchimisiz? Agar «ha» deya javob bersangiz, bilingki, bu bilan mavjud muammodan xalos bo`lmaysiz, shunchaki uni itarib tashlaysiz. Yana bir kun oyoqlaringizga ilakishmasligiga esa kafolat yo`q.

Endi esa navbatdagi savol: «Undan o`zingiz istagandek munosabat kutishingiz to`g`rimi? Bunga haqlimisiz?»

Nima qilish kerak?

  • Qo`lingizga qog`oz va qalam oling. Xatni qo`lda yozishingiz shart. Shunda miyangizga mog`or bosib yotgan fikrlar uyg`onadi. Va o`zingiz yoki yoringizga xat yozing, faqat jo`natmang. Xatingizda «Men u bilan qanday tuyg`uni tuyaman?» «Agar u yonimda bo`lmasa, o`zimni qanaqa his qilaman? E`tiborsiz qolib ketgandekmi? Suvsiz baliqdekmi?» savollariga, albatta, javob bo`lsin.
  • Agar muammolar kundan-kun chigallashib ketayotgan bo`lsa, yoringiz bilan bafurja gaplashib oling. Faqat suhbat ayblovlardan xoli bo`lsin. Shunda u tomonidan kutayotganlaringiz amalga oshadi yoki masala jiddiy bo`lsa, munosabatlarga nuqta qo`yiladi. Muhimi esa muammo qanday bo`lsa, shundayligicha qoldirilmaydi.

Ish

Ish faoliyatingizda egallagan lavozimingiz sizni qoniqtiradimi? Ish joyingiz yoki rejimingizni o`zgartirish niyatingiz bormi?

O`zimizga savol beramiz:

«Haftasiga qancha vaqtimni ishga, ijtimoiy hayotga ajrataman?»

«Ishga kirayotganimda men uchun nima muhim edi: e`tirof, daromad, qiziqish, ijodiy tomoni, muloqot, liderlik? Hozir-chi?»

«Menga karera pog`onalarida yuqoriga ko`tarilishimda nima kuch bergan va bunga sabab? Nimalar esa ishtiyoqimni so`ndirgan?»

«Qaysi besh jihat istalgan sohada yoki joyda ishlashim uchun muhim? Shular hozirgi ishimda mavjudmi?»

Mulohaza

Ish hayotimizning katta qismini tashkil etadi. Undan qoniqmasligimiz, uni yaxshi ko`rmasligimiz esa turmushimizning boshqa jabhalariga ta`sir qiladi. Ayni damda ishingizni o`zgartirish haqida o`ylayotgan ekansiz, demak, o`zgarishlar payti kelibdi. Balkim ish faoliyatingizdan kutganlaringiz amalga oshmagandir, yoki qarashlaringiz o`zgargandir, yoxud bir joyda qotib qolgandirsiz. Eng yomoni esa oilaviy hayotingizga bu kayfiyatingiz, holatingizning ta`sir o`tkazayotgani.

Xo`sh, endi do`ppini erga qo`yib, bir eslang. Faoliyatingizda sizga kuch bag`ishlaydigan va aksincha bo`lgan vaziyat qachon, nima uchun, kim bilan yuz bergan? E`tiborni butun faoliyatingizga qarating, faqat oxirgi kunlarga emas. Diqqat bilan mulohaza qiling, ishingiz borasida bosh qotirishingizga nima yoki kim sabab bo`ldi? Endi muammolarni ikkiga bo`lamiz:

1-atrofdagilar bilan munosabat. Talabchan, qattiqo`l, ziqna boshliq, mijg`ov, zaxarxanda, qo`pol yoki mas`uliyatsiz hamkasb bilan kelisha olmay qoldingizmi? Yoki yaiqnlaringizning ishingizga bo`lgan salbiy munosabatimi? Balkim kundalik muammolardir?

2-karera masalasi. Ya`ni ishdagi nufuzingiz, lavozimingiz, vazifalaringiz, ijodkorlik ruhi, ishdan zavqlanish tuyg`usi, ish haqi kabilar.

Masalaga oydinlik kiritgan bo`lsangiz, o`z ustingizdagi tergovni davom ettiring: «Ishxonada, ishlash jarayonida meni nimalar xursand qiladi?» «Yana chuqur bilimga, mukammal tajribaga erishishim uchun nimalar qilishim kerak?» «Shuncha ter to`kib, nima topayapman: pul, e`tirof?» «Faoliyatimda menga nima etishmayapti: jamoaning qo`llovi, erkinlik?» Ushbu savollarga javob topa olsangiz, aniq qarorga kelishingiz osonlashadi.

Nima qilish kerak?

O`zingiz ishongan, sizni yaqindan tanigan kishi bilan gaplashing. Balkim mutaxassis suhbati zarurdir? U bilan ishingizni muhokama qiling, shunda o`zingizning ojiz va kuchli tomonlaringizni yaqqolroq ko`rish baxtiga muyassar bo`lasiz. Va ish jarayonida o`zingizni baxtiyor his qilishingizga nima xalaqit berayotganini anglaysiz.

Ishxonadagi rolingizni aniqlab oling. Marhamat, rahbaringizning huzuriga kiring. Vazifalaringizni va u sizdan nimalar talab qilayotganini o`z og`zidan eshiting. Faoliyatingizni qanday baholashini ham oydinlashtirib olsangiz, nur ustiga nur. Agar suhbatning asl mag`zini chaqolsangiz, bu sizni umidlantiradi va ishingizga ijobiy ta`sir qiladi.

Kichik o`zgarishlar qiling. Darrov ariza yozib, ishdan bo`shamang-da, biror treninglarga qatnashing yoki ruhshunos qabuliga boring. Sizni asabiylashtiradigan vaziyatlarda o`zingizni qanday tutishni o`rganing. Muvozantni ushlashni biling.

Butun ishni boshdan-oyoq rejalashtirish shartmas. Hammasini asta-sekin boshlang. Yo elkangizda majburiyatlarni, rejimingizni o`zgartirib ko`ring. Agar natija bo`lmasa, ishingizni almashtirish haqida o`ylashingiz mumkin. Ishxonada ham shunday bir rolni tanlangki, u sizni faqat oldinga qadam tashlashga undasin.

Aytgancha...

Savollarni qog`ozga yozib, javoblarni ham unga tushirsangiz, ta`sir kuchi kuchliroq bo`ladi. Keyingi sonimizda esa yaqinlaringiz — ota-onangiz, do`st-birodarlaringiz va o`zingizga bo`lgan munosabatingizni tahlil qilamiz.

Shoira VAFOEVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Boshqa yangiliklar