AsosiyJamiyat

​ShAVKAT MIRZIYoEV SOChIDA O`TGAN MDH DAVLAT RAHBARLARI KENGAShI MAJLISIDA IShTIROK ETDI

'​ShAVKAT MIRZIYoEV SOChIDA O`TGAN MDH DAVLAT RAHBARLARI KENGAShI MAJLISIDA IShTIROK ETDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 10-11 oktyabr kunlari Rossiya Federasiyasining Sochi shahrida bo`lib o`tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi.


Sammitning asosiy tadbirlari 11 oktyabr kuni bo`ldi.

Sochidagi Xalqaro kongresslar markazida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.

Dastlab MDH davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv o`tkazdi. Unda Hamdo`stlik doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ushbu xalqaro tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi 1991 yil 8 dekabrdagi MDHni tuzish to`g`risidagi bitim hamda 1991 yil 21 dekabrdagi mazkur bitimga protokol asosida tashkil qilingan. Ushbu xalqaro tuzilmaga O`zbekiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog`iston Respublikasi, Qirg`iziston Respublikasi, Moldova Respublikasi, Rossiya Federasiyasi, Turkmaniston, Tojikiston Respublikasi va Ukraina a`zo hisoblanadi. Ijroiya qo`mita MDHning ijro etuvchi, ma`muriy va muvofiqlashtiruvchi idorasidir.

O`zbekiston MDH doirasidagi ko`p tomonlama hamkorlikda faol ishtirok etib kelmoqda. Bu a`zo mamlakatlar bilan turli sohalardagi aloqalar rivojiga hissa qo`shmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Hamdo`stlik mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiyot, investisiya, transport, turizm, ilm-fan, ta`lim va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini ta`kidladi. Yil boshidan buyon mamlakatimiz bilan MDH davlatlari o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foiz o`sgan.

O`zbekiston tuzilmadagi ishtirokini yanada faollashtiradi. Shu yil 3 noyabr kuni poytaxtimizda MDH Hukumat rahbarlari kengashi yig`ilishi o`tkaziladi.

Davlatimiz rahbari a`zo mamlakatlar o`rtasida o`zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, Hamdo`stlik doirasida yangi, aniq loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish zarurligini qayd etdi.

Transport va kommunikasiyalar hamkorlikning strategik muhim yo`nalishi hisoblanadi. O`zaro integrasiyalashgan transport tizimlarini rivojlantirish, Hamdo`stlik mintaqasining ulkan tranzit salohiyatidan to`la foydalanish barcha uchun manfaatli. Ma`muriy jarayonlarni takomillashtirish va o`zaro imtiyozlar berish bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.

Turizm sohasidagi imkoniyatlar ham to`la ishga solinmagani, bu imkoniyatlarni tahlil qilish va aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi ta`kidlandi.

Afg`onistondagi vaziyatga ham e`tibor qaratildi. Jinoiy daromadlarni legallashtirish, korrupsiya, terrorizm, narkobiznes kabi xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilindi.

MDHga raislik qiladigan navbatdagi mamlakat masalasi ko`rib chiqildi. Umumiy qarorga muvofiq, 2018 yildan ushbu xalqaro tuzilmaga raislik Tojikiston Respublikasiga o`tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shu munosabat bilan Prezident Imomali Rahmonni tabrikladi va ushbu mas`uliyatli vazifani bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Davlat rahbarlari muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi.

Majlisda Hamdo`stlik mamlakatlarining Parlamentlararo assambleyasi faoliyatini takomillashtirish, Tashqi ishlar vazirlari kengashi va Iqtisodiy kengashini rivojlantirish, kelgusi yillarda MDHning madaniy poytaxtlarini belgilash kabi masalalar muhokama qilindi.

MDHga a`zo mamlakatlar davlat rahbarlarining Oila instituti va an`anaviy oilaviy qadriyatlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha bayonoti, Hamdo`stlikda 2019 yilni Kitob yili, 2020 yilni 1941-1945 yillardagi ulug` Vatan urushida qozonilgan g`alabaning 75 yilligi yili, deb e`lon qilish haqida qaror qabul qilindi.

Hamdo`stlik mamlakatlarining jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizm va qirg`in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorligiga doir konsepsiyalar ma`qullandi.

Shuningdek, MDH mamlakatlari o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yana qator hujjatlar qabul qilindi.

Sammit doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Shavkat Mirziyoev ushbu uchrashuvdan mamnunligini bildirib, O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari aniq amaliy mazmun bilan boyiganini alohida ta`kidladi.

Vladimir Putin Shavkat Mirziyoevni Sochiga tashrifi bilan qutlab, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi chog`ida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani va bu o`z samaralarini berayotganini qayd etdi.

O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi hamkorlik 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to`g`risidagi shartnoma asosida izchil rivojlanib bormoqda. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

O`zbekiston Prezidentining Rossiyaga davlat tashrifidan so`ng o`tgan qisqa davrda o`zaro aloqalar sezilarli faollashdi. Hamkorlik doirasiga yangi sohalar qo`shildi. Keyingi oylarda hukumatlararo va hududlararo darajada bir qancha tashriflar amalga oshirildi.

Rossiya O`zbekistonning muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan. Mamlakatimizda Rossiyaning etakchi kompaniya va banklari ishtirokida yirik investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Eksport va importning barcha ko`rsatkichlari bo`yicha o`sish kuzatilmoqda. Yil boshidan buyon o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan oshgan.

Yaqinda Toshkentda bo`lib o`tgan O`zbekiston – Rossiya biznes-forumida ikki mamlakat ishbilarmonlari ko`plab istiqbolli kelishuvlarga erishdi.

Sanoat va qishloq xo`jaligi tarmoqlari o`rtasida kooperasiya kuchayayotgani, biznes vakillari hamkorligi kengayayotgani, xalqlarimiz o`rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanib borayotgani ta`kidlandi. Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirillning O`zbekistonga tashrifi ham xalqlarimiz o`rtasida do`stlik va o`zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilgani qayd etildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Shavkat Mirziyoev davlat rahbarlarining 2016 yil Samarqandda o`tgan uchrashuvidan keyin O`zbekiston va Belarus munosabatlari faollashgani, o`zaro savdo aylanmasi sezilarli oshganini ta`kidladi. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to`ldirishi, qishloq xo`jaligi, to`qimachilik, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati va boshqa sohalarda foydalanilmagan katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Aleksandr Lukashenko Belarus O`zbekiston bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.

Belarus O`zbekistonga Markaziy Osiyodagi muhim iqtisodiy sherik sifatida qaraydi. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlar do`stlik va o`zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda.

Qo`shma korxonalar tashkil etish, savdo uylarini kengaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash bo`yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni O`zbekistonga taklif etdi.

    Boshqa yangiliklar