AsosiyJamiyat

​TOJIKISTONNING 150 KORXONASI «O`ZEKSPOMARKAZ»DAGI KO`RGAZMA-YaRMARKADA QATNAShMOQDA

'​TOJIKISTONNING 150 KORXONASI «O`ZEKSPOMARKAZ»DAGI KO`RGAZMA-YaRMARKADA QATNAShMOQDA'ning rasmi

Tadbir O`zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Tojikiston Respublikasi Investisiyalar va davlat mulkini boshqarish qo`mitasi, Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi, «Tojikinvest» DUK hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Tojikiston Respublikasining neft-gaz, qurilish, transport, foydali qazilmalar, agrosanoat, farmakologiya, engil sanoat, qayta ishlash sohalari, sog`liqni saqlash, ta`lim, fan-texnika, turizm kabi tarmoqlarida faoliyat ko`rsatayotgan 150 dan ziyod kompaniyalari vakillari, tadbirkorlar qatnashmoqda.

O`zbekiston bilan Tojikiston o`rtasidagi hamkorlik do`stlik, o`zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan. Ikki davlat rahbarlari tomonidan O`zbekiston – Tojikiston munosabatlarini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e`tibor xalqlarimiz tub manfaatlariga xizmat qilmoqda. Ishbilarmon doiralar o`rtasidagi aloqalar, madaniy-gumanitar sohadagi muloqotning kengaytirilayotgani xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik va yaqin qo`shnichilikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ko`rgazmaning ochilishida O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Tojikiston Respublikasi Investisiyalar va davlat mulkini boshqarish qo`mitasi raisi Fayziddin Qahhorzoda va boshqalar O`zbekiston bilan Tojikiston o`rtasidagi hamkorlik xalqlarimizning asrlar davomida shakllangan yaxshi qo`shnichilik, bir-birini qo`llab-quvvatlash va do`stlik munosabatlarini mustahkamlashga intilishini mujassam etishini ta`kidladi. Mamlakatlarimiz o`zaro samarali hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy sohada qo`shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Joriy yil aprel oyida Dushanbe shahrida tashkil etilgan O`zbekiston sanoat korxonalari mahsulotlari milliy ko`rgazmasi hamda ikki davlat ishbilarmonlari biznes-forumi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida yangi sahifa ochdi. Ushbu tadbirlar yakunida tadbirkorlarimiz o`rtasida o`zaro manfaatli bitimlar imzolandi. Iyun oyida O`zbekiston delegasiyasining Tojikistonga tashrifi chog`ida Dushanbe shahrida O`zbekiston savdo uyi ochildi.

– Mamlakatimiz O`zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor bilan qaraydi, – deydi Tojikiston Savdo-sanoat palatasi raisi o`rinbosari Manzura Rustamova. – Mazkur forumdan ko`zlangan maqsad ikki davlat ishbilarmonlarining savdo aloqalarini kengaytirish, yangi qo`shma korxonalar soni va ikki tomonlama mahsulot aylanmasi hajmini oshirishdan iborat. Ushbu ko`rgazmaga puxta hozirlik ko`rildi. Tadbir doirasida imzolanadigan barcha kelishuvlar o`zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

– 2014 yil tashkil etilgan kompaniyamiz M-400, M-500 va M-600 markali sement turlarini ishlab chiqaradi, – deydi «Chjungtsay mohir sement» MChJ rahbari Dilafro`z Sherova. – Joriy yil boshida o`zbekistonlik hamkorlar bilan ushbu sanoat mahsulotini etkazib berish bo`yicha shartnoma tuzgan edik. Hozirgi kunda Surxondaryo viloyatidagi qurilish ob`ektlariga sement etkazib bermoqdamiz. Mazkur ko`rgazmada yangi hamkorlar izlab topish va istiqbolli shartnomalar imzolash niyatidamiz.

«Xo`jand tekstil» mas`uliyati cheklangan jamiyati Rossiya, Belarus, Turkiya, Eron kabi davlatlarga tayyor to`qimachilik mahsulotlari eksport qiladi. Korxona mazkur ko`rgazmadagi ishtiroki orqali O`zbekiston bozoriga mahsulot eksport qilishni yo`lga qo`yishni maqsad qilgan.

– Korxonamiz gazlama, sochiqbop mato, tayyor tikuvchilik mahsulotlari va bo`yalgan ip ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi korxona direktori Rahim Nabiev. – 100 foiz paxta tolasidan tayyorlangan mahsulotlarimizga jahon bozorida qiziqish katta. Tadbirda O`zbekistondagi to`qimachilik kompaniyalari bilan qo`shma loyihalarni amalga oshirish bo`yicha shartnoma imzolashga muvaffaq bo`ldik. Mamlakatingiz ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda jahonning etakchi davlatlari bozorini zabt etishimizga ishonamiz.

Tojikiston milliy mahsulotlari ko`rgazmasi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi ham o`tkazildi. Unda O`zbekiston va Tojikistonning engil sanoat, energetika, mashinasozlik, metallurgiya, avtomobilsozlik, transport-logistika, oziq-ovqat, kimyo sanoati, qurilish materiallari, qishloq xo`jaligi, turizm kabi sohalarga ixtisoslashgan vazirlik, kompaniya va firmalari vakillari ishtirok etdi.

Biznes-forumda mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotgani, O`zbekistonda xorijlik hamkorlar uchun yaratilayotgan qulay investisiyaviy muhit, taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar tojikistonlik ishbilarmonlar uchun ham keng imkoniyatlar yaratayotgani ta`kidlandi. Ikki mamlakat iqtisodiyotining etakchi tarmoqlari salohiyatiga bag`ishlangan taqdimotlar o`tkazildi.

Tadbir doirasida kimyo, transport kommunikasiyalari, engil sanoat, qishloq xo`jaligi, turizm, sanoat ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

    Boshqa yangiliklar