Saralanish pallasida yagona va betakror bo`ling!
- Ko`zga birinchi bo`lib tashlanadigan, ilk taassurot uyg`otadigan, istaymizmi-yo`qmi, bu libos. Aziz onalar, istalgan payt istalgan joyda o`z ortidan sovchi ergashtirib kelishi mumkin bo`lgan bo`y qizingizning kiyinishiga nihoyatda e`tiborli bo`ling. Shim kiymasin, soch bo`yamasin, demaymiz, faqat durkun qizingiz shimning kolgotkadek yopishib turadiganini tanlab, «rangim qoracharoq» deb sochini sap-sariqqa bo`yab olishini nazorat qiling. Chunki har kuni «xip-xop» uslubida kiyinadigan qizingiz bir aylanib kostyum-yubkada uchrashuvga chiqqani bilan surishtiruv va tekshiruv pallasida asl holatiga qaytgan bo`ladi. Amaliyot guvoh, juda ko`pchilik qizlardan aynib ketishlarining sabablaridan biri ham shu. Yo asling kabi ko`rin, yo ko`ringaning kabi bo`l, deyishadi-ku!
- Boshqa bir yangi maqolni eshitganmisiz: modaning uchi ham bo`lma, tubi ham bo`lma, o`rtasi bo`l. Uchiga chiqqan modachi bo`lsang, tenging topilmaydi, tubi bo`lsang, beging topilmaydi, o`rtasida yursang, sovchilaring kamaymaydi. Qizlar uchun yana bir gap: ko`pchilik qizlar ozg`in ko`rinay yo sirli tuyulay, deb qora, jigarrang, kulrang kiyimlarga ruju qo`yishadi. Bizningcha, qiz bolaning liboslari yoshiga xos yorqin va gulgun bo`lishi, kishi ko`rganda bahri dili ochiladigan bo`lishi kerak. Toki, yaqin atrofdan o`tib ketayotgan shahzodalar sizni sezmay qolmasinlar, o`g`li yo jiyaniga qiz axtarayotgan xolaposhshalar esa birinchi bo`lib sizga ko`z tashlasinlar.
- Quloqqa birinchi bo`lib eshitiladigan, ilk hissiyot uyg`otadigan suhbat, bu — salomlashish, tanishuv suhbatidir. Sovchilarga choy olib kirayotganda ham, yigit bilan birinchi marta uchrashilayotganda ham qizlarning aksariyati noto`g`ri salom berib, yo juda faol yoki o`ta sust hol-ahvol so`rashadilar: «Assokum», «Salomaleykim...» kabi. Ba`zi qizlar obdon salomlashib, sovchilar bilan quloch ochib so`rashib ketadi. Ba`zi qizlarning nihoyatda uyalib aytgan salomini burnidan boshqasi eshitmaydi. «Osmondagi bolalar» filmidagi sovchilikka tayyorlanish sahnasi bejiz emas. Onalar, repetisiyaning aybi yo`q, qizingizning ilk nutqi va harakatlari ustida ishlang.
- Uchrashuvga chiqayotgan qizni so`rab-savolga tutuvchilar, aqliga aql, husniga husn qo`shmoqchi bo`lganlar ko`p bo`ladi. Imidjingizni o`zgartirishni uchrashuvga chiqish kuniga rejalashtirmang. Soch kesish, turmaklash, qosh terish kabilar insonni o`zi kutganidan ham ko`proq o`zgartirishi va noqulay ahvolga solishi mumkin. Eksperimentlar bir kun avval bajarilsa, baland poshnalar, yangi kiyimlar bir kun avval kiyib sinalsa, nimalarni gaplashish, nimalarga qanday javob berish haqida obdon o`ylab olinsa, foydadan holi bo`lmaydi.
- Kamgap qizlar biroz faolroq bo`lib, to`liqroq javob berishni, sergap qizlar biroz kamtarroq bo`lib, ko`proq sukutni mashq qilganlari durust. Oltin bo`lmasa-da, hech bo`lmasa, kumush mezonni topishga harakat qilmoq kerak.
- Onalar va qizlar: talablarni o`ta yuqori qo`ymang. Uyingizning serhashamligi, sarpongizning quyuqligi, qizingizning diplomi, oilangiz tinchligi, kattalarning yaxshi joyda ishlashi… bular hammasi sizning yutug`ingiz va baxtingiz. Shuning uchun ham o`z tengingizni kutish va topishga haqlisiz. Biroq «yanada boyroq, obro`liroq bo`lsin, qizimga olib qo`ygan sarpolarim uyiga sig`sin» deb kelgan tengingizni o`zingiz yo`qqa chiqarmang. U tomonning bir minusi sizning plyusingiz bilan, sizning bir kamingiz ularning yutug`i bilan yopilsin. Ammo nafaqat yigit va qizning, balki ikki oilaning ma`lumoti va dunyoqarashi ham bir-biriga mutanosib bo`lishini bosh maqsad qilib oling.
- «Taqdir bo`lsa, hech narsaga qaramas ekan», degan gaplarda ham jon bor. Ammo «taqdir bo`lmasa, nachora» deb, ikki qo`lni ko`tarib, taslim bo`lishga erta. Ko`pincha qiz tomonga ma`qul tushgan yigit taraf qaytib kelmasa, dilxiralik bo`lib, «qaerda xato qilgan ekanmiz, bizni kim yomonlab qo`ydi ekan?» kabi savollarga javob izlanadi. Agar yigit taraf sizga ma`qul kelayaptimi, onalar va qizlar, buni u tomonga vaqtida bildirishdan tortinmang. Ko`pincha yigit taraf ham ikkilanishlar oldida turgan bo`lib, tayyor yo`ldan, yaxshi qizdan adashgan hollar ko`p uchraydi. Baxtingizni boy bermang!
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.






