Mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining din va e`tiqod erkinligi masalasi bo`yicha maxsus ma`ruzachisi Ahmad Shahid boshchiligidagi delegasiyasi a`zolari 7 oktyabrda Buxoro viloyatida bo`ldi.
Mehmonlar viloyatga tashrifini islom olamida mashhur naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi Bahouddin Naqshband me`moriy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. Ulug` pir qabri oldida Qur`on tilovat qilindi.
BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashining din va e`tiqod masalasi bo`yicha maxsus ma`ruzachisi shu erda viloyatning bir guruh imom xatiblari bilan muloqotda bo`ldi. Unda islom tinchlik va ezgulik dini ekani ta`kidlandi. Er yuzining turli nuqtalarida ekstremistik oqimlar o`zlarining g`arazli maqsadlari yo`lida islomni noto`g`ri talqin qilib, dunyo jamoatchiligida muqaddas dinimiz haqida buzg`unchilik va qo`poruvchilik manbai sifatida tasavvur uyg`otishga harakat qilmoqda. Shu niyatda, ayniqsa, hali oq-qorani yaxshi ajratolmaydigan yoshlar ongini zaharlashga urinayotir. Mamlakatimizda jaholatga qarshi ma`rifat bilan kurashishga qaratilgan turli ma`rifiy-tarbiyaviy tadbirlar olib borilmoqda.
Ahmad Shahid boshchiligidagi delegasiya a`zolari Buxoro viloyati hokimi O`.Barnoev bilan uchrashdi. Mehmonlarga fuqarolarning konstitusiyaviy huquqlari, qonuniy manfaatlarini ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bunda viloyat, tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari muhim o`rin tutayotgani to`g`risida so`zlab berildi. Xalqaro nufuzli tashkilot vakillari o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Mehmonlar qadimiy Masjidi Kalonda ham bo`ldi.
Buxoro viloyatida uchta diniy ta`lim muassasasi – Mir Arab oliy madrasasi, Mir Arab o`rta maxsus islom bilim yurti, Jo`ybori Kalon ayol-qizlar o`rta maxsus islom bilim yurti faoliyat ko`rsatmoqda.
BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining din va e`tiqod erkinligi masalasi bo`yicha maxsus ma`ruzachisi va delegasiyasi a`zolari Mir Arab o`rta maxsus hamda Jo`ybori Kalon ayol-qizlar o`rta maxsus islom bilim yurtlarida bo`lib, tolibi ilmlar va mudarrislar bilan uchrashdi. Mir Arab o`rta maxsus islom bilim yurtida qadimiy xattotlik san`ati namunalari va toliblarning “ustoz – shogird” an`anasi asosida arab yozuvining turfa usullarini puxta egallayotgani bilan tanishdi. Ayol-qizlar islom bilim yurtida talabalarning dars mashg`ulotlaridan so`ng milliy xalq hunarmandligi to`garagida shug`ullanib yaratgan zardo`zlik va patdo`zlik buyumlari ko`rgazmasini, ish jarayonini ko`zdan kechirdi.
Mehmonlar tashrif doirasida Buxoro shahridagi Ahmad Donish nomidagi mahalla fuqarolar yig`inida bo`ldi. Bu erda 7 millat vakillari ahil va hamjihat istiqomat qiladi. Diniy amallari turlicha. Lekin mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy masalalari, yoshlar tarbiyasiga butun jamoatchilik mas`ul.
Ahmad Shahid boshchiligidagi delegasiya a`zolari mahalla faollari, turli madaniy markazlar vakillari bilan uchrashuvda o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.
10.10.2017 06:56
BMT VAKILI AHMAD ShAHIN BUXOROGA BORDI






