2017 yil 7 oktyabr Moskva vaqti bilan soat 20.00 holatiga ko`ra Vladimir viloyatida yuz bergan yo`l-transport hodisasi oqibatida 17 kishi halok bo`ldi (ulardan 15 nafari O`zbekiston fuqarosi, 1 nafari Qozog`iston fuqarosi, 1 nafari shaxsi aniqlanmagan), 3 nafar O`zbekiston fuqarosi shifoxonaga yotqizildi, 36 kishi engil tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilishdan bosh tortdilar.
Halok bo`lganlardan 15 nafar O`zbekiston fuqarolari jasadlari aniqlashtirildi. Jumladan 7 oktyabr kuni 29.08.1997 yilda Buxoro viloyatida tug`ilgan Mirzoev Mirshod Mirjon o`g`li jasadi aniqlashtirildi.
Rossiyaning tegishli organlari 16-jasad shaxsini va fuqaroligini aniqlash ishlarini olib bormoqda.
O`zbekiston va Rossiya sog`liqni saqlash vazirliklarining o`zaro kelishilgan qaroriga ko`ra mamlakatimizning uch nafar fuqarosi (og`ir ahvoldagi 2 voyaga etgan kishi va 1 yosh bola) sog`aytirish uchun Vladimir viloyatining klinik shifoxonasida qoldirildi. Ularni davolash uchun yuqori malakali mutaxassislar jalb etiladi.
8 oktyabrga o`tar kechasi avariyaga uchragan 36 fuqaro va 15 ta jasad bilan O`zbekiston maxsus samalyoti Jukovskiy aeroportidan uchib ketdi va Termiz shahriga etib keldi.
8 oktyabr tongda halok bo`lganlar jasadlari va jarohatlanganlar Termiz, Andijon va Buxoro shaharlariga etkazildi.






