2017 yilning 6 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Deputatlar ko`pgina masalalarni ko`rib chiqdilar. Xususan, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta`minlashga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi.
Deputatlar o`z ishlarini «Formali kiyim-boshlarni tasdiqlash, tayyorlash va kiyib yurish mexanizmi tartibga solinishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o`qishda muhokama qilishdan boshladilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot xizmati.
Ushbu qonun loyihasi formali kiyim-boshlarni tasdiqlash, tayyorlash va kiyib yurish mexanizmini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun loyihasiga binoan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga, «Davlat bojxona xizmati to`g`risida»gi, «Davlat soliq xizmati to`g`risida»gi hamda «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda. O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xarbiy xizmatchilari va xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurganlik uchun javobgarlik to`g`risidagi modda bilan to`ldirilmoqda.






