AsosiyShou-biznes

Sayyora YuNUSOVA: "MUXLISLAR DAVRASI ChARChATADI"

'Sayyora YuNUSOVA: "MUXLISLAR  DAVRASI  ChARChATADI"'ning rasmi

"Darakchi" gazetasining "Kecha va bugun" loyihasi qahramoni qahramonimiz hamkasblaridan butunlay farq qiladigan – mashhurlik va e`tiborga intilmaydigan, o`z dunyosiga ega, professionalizmni hamma narsadan ustun qo`yadigan aktrisa. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Sayyora YuNUSOVA ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...

"XAYoLOT DUNYoSIDA YaShAGANMAN"

— 1956 yilning 25 fevralida Toshkent shahrida ziyoli oilada dunyoga kelganman. Otam harbiy, onam tish shifokori edilar. Oilada bir o`g`il, bir qizmiz. Onam tarbiyamizga juda e`tiborli bo`lganlari bois, akam ikkimizga televizor ko`rish, ko`chada tengqurlarimiz bilan o`ynash, mehmondorchilikka borishga ruxsat bermasdilar. Deyarli ko`chaga chiqmaganmiz, qaergadir ketishsa, ustimizdan qulflashardi. Ko`chaga chiqqanimda esa, ko`p narsa men uchun yangilik bo`lardi. Cheklovlar bois onamdan yashirincha kino, spektakllar ko`rardim va rol ijro etganlar aktyor ekani va shu soha bo`yicha tahsil olish mumkinligidan xabar topganman. 8-sinfda o`qib yurgan kezlarim aktrisa bo`lish istagi tug`ilgan. Hozirgi ko`pchilik yoshlar tezroq tanilish, “yulduz” bo`lish uchun san`at sohasiga intilishadi. Bizning yoshligimizda maqsadlarimiz butunlay o`zgacha edi.

20-sonli rus maktabiga borganman. Astronomiya, tarix, adabiyot fanlarini yaxshi ko`rardim. Aniq fanlardan o`qishim yaxshi emasdi, lekin geometriyadan sinfdoshlarimning ham uy vazifalarini chizib berardim. Matematikadan uy vazifasini bajarmagan bo`lsam, “Tobim bo`lmayapti”, deb rolga kirardim. Darhol hovliga olib chiqib, elpishardi, shu bilan qutilib qolardim (miriqib kuladi). Matematika fani tugagunga qadar, hovlida o`ynab yurib, keyingi darsga kirardim. Maktabda sevishganlar orasida pochtachi edim (kuladi). Darsdan so`ng uyi­mizgacha oqadigan ariqqa portfelimni tashlab, ortidan yugurib borardim. Xayolimda daryoda kema suzib ketayotgandek tasavvur uyg`onardi. Uyga etganimda ariqdan portfelimni olib, daftar-kitoblarimni quritib o`tirardim. Bolaligimda ko`chaga chiqarishmagani uchunmi, odamovi, atrofdagilar bilan muloqot qilishga tayyor emasdim. Yolg`on gapirishsa, hazm qilolmasdim. Janjal, g`iybat, zarda qilish, aldov kabi jihatlar tabiatimga zid. Men uchun dunyoda yomon odamning o`zi yo`q. Hammaning yaxshi fazilatini topishga urinaman. Yomonlik qilgan odamga ham lom-mim, demayman. Shunchaki u men uchun yo`qqa chiqadi, xolos.

"YaShIRINChA INSTITUTGA KIRGANMAN"

— Maktabni tugallashim arafasida qarindoshlar qaysi sohani tanlashimni so`rashganida, aktrisa bo`lmoqchiligimni aytganman. O`shanda “Voy, artist bo`lasanmi?” deb ustimdan kulishgan. Bu qalbimga ozor etkazgan, qattiq xafa bo`lganman. Fe`limda shunday jihat bor: qancha to`siqqa uchrasam, intilishim ikki karra ko`proq oshib boradi. “Hali shunday zo`r aktrisa bo`layki!” deya oldimga katta maqsad qo`yganman. Avvalgi Toshkent Teatr va rassomlik institutiga talabalar qabul qilinayotgani haqidagi e`lon qo`limga tushib qolgan. Istagimni uydagilarga aytsam, otam “San`atkorning farzandigina shu soha egasi bo`ladi. Sening hatto bitta she`r o`qiganingni ko`rmaganmiz”, deya onam bilan qat`iy qarshilik qilishgan. Bu vaziyatni indamay engganman va ota-onam dam olgani ketganlarida yashirincha imtihonga borganman. O`quv teatri sahnasida chiroqlar ostida o`tadigan imtihondan vahimaga tushganman. Aktyorlik mahorati bo`yicha o`tkazilgan imtihonning ikkita bosqichidan o`tolmaganman. Tortinchoq, soddagina, ko`rimsizgina bo`lganman-da. Shunda domlalar Qo`g`irchoq aktyorligi bo`limi ochilgani va unga hech kim hujjat topshirmagani, istaganlar shu bo`limda o`qishi mumkinligini aytishgan. O`ylab o`tirmay, hujjatlarimni shu yo`nalishga o`tkazganman. Baxtim shunda bo`lganki, bu yo`nalishda dars beradigan dom­laning o`zi bo`lmagan. Va drama aktyorligi yo`nalishiga o`qishga qabul qilingan talabalar bilan o`qiyverganmiz. O`zimga ishonchim bo`lmagani bois deyarli partaning tagiga yashirinib o`tirardim. Shunda domlamiz Izza Iseeva “Nega berkinasan, qani chiq-chi”, deb e`tibor qaratardi. Domla menda yashirin iqtidorni ko`rgan bo`lsa kerak-da, barini uddalashimga ishonch uyg`ota olgan. Kursimizda talaba kam bo`lsa-da, juda iqtidorli edik. Sara spektakllarda rol o`ynaganmiz, tanlovlarda doim birinchi o`rin bizga nasib qilardi. Institutni tamomlagach, Samarqand teatriga yo`llanma bermoqchi bo`lishdi. Shunda ota-onam qarindoshlarga bildirmay o`qitishayotganini aytib, rad etganman. Dekanimiz “Unda o`zing Toshkentdagi teatrlardan biriga ish so`rab bor”, degan. O`shanda qo`rqmay, hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatriga borganman. Ichkariga kirganda yig`lab yubormaslik uchun tashqarida turib, to`yib-to`yib ko`zyosh to`kib olgandim. Teatr bosh rejissyori Bahodir Yo`ldoshev “Kursing bilan kel, badiiy kengashga parchalar ko`rsatasizlar”, degan. Saralash kuni besh daqiqalik muhokamadan so`ng ustoz san`atkor Nabi Rahimov “Tabriklayman, Sayyora!” degani hanuz yodimda. So`ng o`z davrining etuk aktyorlari bilan suhbat bo`lgan, ochig`i, ularning salobati bosgan. O`sha vaqtda tajribaga to`la keksa aktyor-aktrisalarimiz o`n beshtachani tashkil qilardi. Hozir afsuski, keksa avlod aktyor-aktrisalari juda kam. Ularning borligi yosh aktyorlar uchun tayyor “maktab” vazifasini o`taydi.

Shunday qilib, 1977 yilning sentyabridan ishga tushganman. Bosh rejissyor Bahodir Yo`ldoshev qo`rqmay “ro`yxatlarda yo`q” spektaklidagi bosh qahramon rolini bergan. “Oltin devor”da Zuhra, "Al-Farg`oniy”da Firdavs, "Gamlet”da Gertruda kabi katta-katta rollarni ishonib topshirardi. Bahodir aka “Zebuniso”da Zebuniso rolini berganida ko`pchilik hamkasblarim “Sayyora nazokatli, nafis ayol emas, rolga tushmaydi!” degan. Shunda Bahodir akaga “Boshqa aktrisani oling” deganimda, “Bu ayol siyosatchi, qat`iyatli. Aktrisasiz, nima rol berilsa, shuni o`ynaysiz” degan. Sira “Falon rolni o`ynasam edi”, degan orzuga berilmaganman. Qanday rol berilmasin, undagi insoniylik va o`ziga xos xarakterini izlab, o`sha rol bilan “kasallanaman”, xayolim faqat qahramonimda bo`ladi. Men uchun aktyorlik sohasining lazzati shunda. Taqdimot, qarsaklar, muxlislar davrasi, e`tibor, tinmay televizorda ko`rinaverish charchatadi. Birgina misol: “Opa-singillar” serialida rol o`ynamasam bo`lar ekan. Ko`chada har qadamda to`xtatib, savolga tutaverishadi. Gap shundaki, piyoda, o`z dunyoimda yurishni yoqtiraman. Hamkasblarim rolining so`zini yodlashadi, men esa har bitta so`zda yashayman. Odatda piyoda yurganimda rolimni ijro qilib ketsam, atrofdagilar “Telbami?” deb o`ylasa kerak (kuladi). Agar ko`rinmas odamga aylantiradigan qalpoq bo`lganida, echmay kiyib yurardim. Dom­lalarimiz “Muxlis bilan san`atkor o`rtasida ko`rinmas devor bo`lishi kerak. Ularni bir vaqtning o`zida ham his qilish kerak va aksincha”, deb o`rgatgan. To`g`ri, mehnatimiz muxlislar uchun, lekin sahnaga chiqqanda qahramonim hayotiga shu qadar kirib ketganimdan tomoshabin borligini unutaman.

“Bir koshona sirlari”da tijoratchi, o`ziga bino qo`ygan Dilora ismli ayol rolini berishganida, “Mening tabiatimga teskari ekan”, deb rad etganman, shunda rejissyor “Aktrisasiz, eplaysiz!” degan. Bilasizmi, boshqa odam qiyofasiga kirib yashash zavq beradi. Hozirda buvi rollarini o`ynashga o`tdim. Avvallari “Voy, kampirlarni o`ynaymanmi?” deb vahima bosardi (kuladi). Rejissyor bilan ishlashni, vazifa olishni yaxshi ko`raman. Hatto 70-80 yoshga kirsam ham, 1-sinf o`quvchisidek diqqat bilan rejissyorga quloq solib ishlasam kerak. Avvallari mumtoz asarlar sahnalashtirilsa, tarix domlalari teatrga kelib, aktyorlarga dars berishardi. Hozir negadir bu an`ana yo`qolib ketdi. Teatrda dramaturgiya, rejissuraning yo`qligi dilimni xufton qiladi. Teatrni teatr qiladigan bu – bosh rejissyor. Aktyorlar esa uning mehnatini yuzaga chiqarib beradigan sababchilar.

"XARAKTERLI ROLLARNI IJRO ETGIM KELYaPTI"

— Kinoga turmush o`rtog`im, rejissyor Jahongir Qosimovning “Shaytanat” seriali orqali qadam qo`yganman. So`ng “Suv yoqalab”da rol berdilar. Aslida rejissyor tanlamayman, menga ssenariyning “yuk”i borligi muhim. Biroq Jahongir akadan sira rol so`ramayman, taklif qilsalar rad etaman. Boisi, Jahongir akaga suratga olish maydonchasida rejissyor sifatida qarolmayman. Shu bois, hammaning oldida tanbeh bersalar yuragimga og`ir botadi. Boshqa rejissyor urishsa, zarracha ko`nglimga olmayman.

Rejissyor Rustam Sa`diev filmlariga ko`p chaqiradi, Mirmaqsud Oxunov kabi tajribali rejissyorlarning filmida ishtirok etganman. So`nggi vaqtlarda rejissyorlar ezilgan, qiynalgan onalar “qolip”iga solib qo`yishdi, bunga qiyofam sababdir. Bir xillikdan charchaganim bois bir yildan buyon filmlarda suratga tushmayapman. Faqat yaqinda rejissyor Abduxalil Mingnorovning “Zurriyod”ida qat`iyatli ayol rolini ijro etdim. Fe`limga teskari bo`lgan xarakterli rollarni ijro etgim kelyapti. Bilasizmi, rejissyorlar tayyor aktyorlar bilan ishlashni istashadi, ortiqcha mehnat qilib vaqt yo`qotishni xohlashmaydi.

"IJOD YO`QOLIB, QIYINChILIK KO`PAYGAN"

— Teatrda ishlab yurgan kezlarim, Rimma Ahmedova va Hojiakbar Nurmatov dublyajga olib borishgan. Ancha yillar epizod rollar bilan tajriba orttirib yurganman. Erkli Malekboeva, Hamza Umarov, Rimma Ahmedova, Obid Yunusov, Yoqub Ahmedov kabi dublyaj ustalarining birgina nafasining o`zidan lol qolardim, hayajon bosardi. Ilk bor “Kelinlar qo`zg`oloni”da aktrisa Dilorom Egamberdievaga ovoz bergandim. Birinchi katta rolim esa, “Oshin” nomli yapon serialida Oshin rolini ovozlashtirganman. Bu sohada menga katta yordam bergan dublyaj ustasi Oybarchin Bakirova.

Hozirgi dublyaj – sinxron tarjima bo`lib qolgan. Ijod yo`qolib, qiyinchilik ko`paygan, xolos. Nazarimda, har biri 10 ta qahramonga ovoz beradigan to`rtta aktyorning o`rniga, matnni bitta aktyor o`qiydigan qilib qo`yish kerak. Dublyaj maktabini qayta tashkil qilish uchun O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida dublyaj yo`nalishi ochish kerak. Har yili qanchadan-qancha talabalar bitiradi, lekin teatrlarda bo`sh ish o`rni yo`q. Natijada ular tirikchilik qilish uchun to`yga chiqishni boshlashadi.

"YuRAGIM "JIZ" ETGANDI"

— Turmush o`rtog`im Jahongir Qosimov bilan san`at sababli tanishganmiz. Kunlarning birida teatr yo`lagida Muqaddas Xoliqova, Zuhra Ashurova, Mahfuza Bobotillaeva, Luiza Qosimova bilan ertangi kunning jadvalini ko`rib tursak, eshikdan kulrang palto, oq sharfda bir yigit kirib kelgan. O`shanda yuragim “jiz” etgandi. Ke­yin bilsam, Jahongir akaning ham yuragi allanechuk bo`lgan ekan. Do`sti rejissyor Abduxalil Mingnorov “Bir yigit siz bilan tanishmoqchi”, deb elchilik qilgandi (kuladi). Uch kundan keyin yuragini ochganlar. So`ng sovchi yuborganlar, 1984 yilda oila qurganmiz. Uch farzandimiz bor, Javohir rejissyor, Bahodir montajchi. Ikki o`g`limni uylantirganmiz, 4 nabiraning buva-buvisimiz.

Qizim Iroda esa Toshkent davlat sharqshunoslik institutining xalqaro iqtisod yo`nalishining 3-bosqich talabasi. Javohir “Aktyor bo`laman”, deganida ruxsat bermagandim, boisi, aktyor rejissyorga qaram “xalq”. Farzandlarim teatrda katta bo`lganining ham ta`siri bormikin, qizim hozir rejissyor Bahodir Yo`ldoshevning “Diydor” teatr studiyasiga qatnayapti. Nazarimda, bir yilda bir yurakni to`kish uchun san`at xobbing bo`lishi kerakdek. Chunki hammaga iqtidor berilgan, unga urg`u berilsa, katta marralarni zabt etishi shubhasiz.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV

    Boshqa yangiliklar