Rioda Olimpiada hali nihoyasiga etmay turib, Tokio 2020 yilda o`tkaziladigan Olimpiadaga tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi. Chunki Braziliyada o`tkazilgan Olimpiada vaqtida bir qancha muammolarning yuzaga kelishi, tayyorgarlik ishlarining oldinroq boshlab yuborilishiga sabab bo`ldi. Braziliyada Olimpiada ishtirokchilari etib kelgan kundanoq turli noqulay vaziyatlar yuzaga kelgan bo`lsa, Rossiyaning Sochi shahrida o`tkazilgan qishki sport o`yinlari paytida bir qancha qurilishi nihoyasiga etmagan, chala bitgan, foydalanishga yaroqsiz imoratlar qolib ketdi.
1964 yilda Yaponiya Olimpiada sharafiga “Tokaido Shinkansen” nomli tez yurar poezdini ishlab chiqargan edi. Hozirga kelib, mamlakatda texnologiya rivojlanib ketgan. Yaponiyaliklar 2020 yilgi Olimpiada uchun ulkan rejalarni tuzib qo`ydi. 2020 yilda Tokioda xalqaro musobaqaning asosiy markazida “Vodorodli qishloq” bunyod etiladi. Uning nomidan ishtirokchilar istiqomat qiladigan joy yashil daraxtlarga burkanishi, ko`plab ekologik toza bo`lgan texnologiyalar barpo etilishini anglash qiyin emas. “Qishloq”ni yonilg`i bilan ta`minlash, yonilg`i qo`yish vodorod stansiyalari qurish uchun Tokio hukumati hozirdanoq 367 million dollar mablag` ajratdi.
“Sport musobaqalari tugagach, bu er ekologik toza tumanga aylandi. Uning aholisi esa vodorod bilan ta`minlanadi”, deydi Xikariko Ono.
Qishloqda robot-taksilardan foydalaniladi. Hozirda bunday taksilar Kanagava prefekturasida sinovdan o`tkazilmoqda. Musobaqa ishtirokchilari va mehmonlarini turli mamlakat sportchilarining olgan ballari, medallari ro`yxati bilan tanishtirishda gologrammadan foydalanish ko`zda tutilgan.
Olimpiada-2020 yangi texnologiyalar erasi uchun ilk qadam bo`lib qolishi taxmin qilinmoqda.






