AsosiySUG'DIYONA

SIFATLI MAHSULOT XARID QILIShNING 5 QOIDASI

'SIFATLI MAHSULOT XARID QILIShNING 5 QOIDASI'ning rasmi

Qimmat mahsulot xuddi shu turkumdagi arzon mahsulotlarga nisbatan ancha sifatli bo`ladi, degan fikr bor. Albatta, bu haqiqat, biroq qisman! Bugungi kunda aksariyat hollarda yuqori narx ortida sifatsiz mahsulot yashirinmoqda. Nega deysizmi? Chunki qimmat mahsulotning qalbakisini ishlab chiqarib, buning ortidan mo`may daromad oladiganlar ko`p. Narxi o`rtachalarini esa qalbakilashtirish u qadar katta foyda keltirmaydi. Demak, mahsulot xarid qilayotganda quyidagi 5 ta qoidaga amal qilsangiz, zazar ko`rmaysiz.

1-qoida. Xijolat bo`lmang!

Eng avval sifatli mahsulot xarid qilayotganda uyat va xijolat degan so`zlarni unutib turing. Siz halol pulingizga xaridni amalga oshirayapsiz. Mahsulotga tegishli barcha ma`lumotlarni so`rab-surishtirish, uning sifatli ekaniga ishonchingiz komil bo`lishi lozim. Bunga haqqingiz bor. Siz, hatto, bozorda mahsulot xarid qilayotganingizda ham sifat sertifikatlari, kafolat majburiyatlari bilan tanishib chiqishingiz kerak. Xarid qilayotganingiz biror kichikroq buyum bo`lsa ham. Mahsulot sertifikati unga tegishli hamma narsa: ishlab chiqarilgan sanasi, oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibi va h.k. ma`lumotlar mavjud. Ularni diqqat bilan o`rganing.

2-qoida. Qadog`ini o`rganing!

Odatda mahsulotlarning qadog`ida kerakli axborotlarning barchasi yozilgan bo`ladi. Bunda eng muhimi, ishlab chiqarish va yaroqlilik sanasi hamda eng mayda yozuvlar bilan ko`rsatilgan ma`lumotlardir. Aynan mayda shriftlarda mahsulotning salbiy ta`siri yoki nojo`ya sifatlari, bir so`z bilan aytganda, kamchiliklari bayon etiladi. Shuningdek, ikkita shtrix kod bir-birining ustiga yopishtirilmaganiga amin bo`ling. Chunki muddati tugagan mahsulotlarning «umrini uzaytirish» maqsadida ko`pincha «tadbirkor» sotuvchilar shu ishga qo`l urishadi. Yana vakuumli qadoqlarda birorta ham teshik yo`qligiga ishonch hosil qiling. Chunki aynigan mahsulot havoga to`lib, shishib qoladi. Buni yashirish maqsadida odatda sotuvchilar o`ramning biror joyini teshib, havosini chiqarib yuborishadi.

3-qoida. Arzonning sho`rvasi tatimaydimi?

Juda arzon narxlarga uchmaslikka harakat qiling. Agar mahsulotni birinchi qo`ldan olsangiz, bu borada balkim adashmassiz. Ammo asli bilan uning nusxasining sifatidagi farq, narxiga ham ta`sir ko`rsatmay qolmaydi.

4-qoida. Bir kattaning, bir kichikning gapiga kiring!

Mahsulot haqida yaqinlaringiz, do`st-dugonalar, qarindoshlar aytgan fikrlarni ham, albatta, inobatga oling. Axir ular biror-bir mahsulotni bekorga reklama qilishmaydi. Shuningdek, birorta savdo belgisini bekorga yomonlashmaydi. Ayniqsa, ayollar yaxshi buyum xarid qilishsa va uni a`lo sifatli deb baholashsa, bu axborotni hamma bilan bo`lishgilari keladi. Shuning uchun odatiy xarajatlardan tashqari, biror kattaroq buyum xarid qilish uchun otlanganingizda yaqin o`rtada qaysi tanishingiz ayni shu turdagi mahsulotni xarid qilganligini yodga olishga harakat qiling va fikrlari bilan tanishing.

5-qoida. Reklama 100 % haqiqat emas!

Do`kon peshtaxtasida o`zingizga tanish mahsulotni ko`rib, darrov unga qo`l cho`zishga shoshilmang. Yoki teleekrandan sizga ancha «qadrdon» bo`lib qolgan savdo belgisi ostidagi mahsulotni shoshib-pishib xarid qilmang. Axir ishlab chiqaruvchilar aynan shu xislatingizdan, ya`ni ishonuvchanligingizdan foydalanishmoqchi. Umringizda ishlatib ko`rmagan narsangizni har kuni kamida 20 marta namoyish etiladigan reklama roligi orqali yaxshi bilib olasiz va 100 % ishonch bilan uni xarid qilasiz. Uyga olib kelib foydalanganda esa unga nisbatan ancha arzon va reklama qilinmaydigan o`zingiz bilgan boshqa mahsulotning sifati bunisidan yaxshiroq ekaniga amin bo`lasiz. Ammo endi kech. Mana shunday holatga duch kelmaslik uchun reklama qarmog`iga ilinmang. Maslahatchi sotuvchilardan so`rang, o`zingiz tekshirib, sifatiga amin bo`lgach, keyin xarid qiling.

IRODA tayyorladi.

Manba: “SUGDIYONA gazetasi

Boshqa yangiliklar