AsosiyJamiyat

​PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV TURIZM MASALALARIGA BAG`IShLANGAN YIG`ILISh O`TKAZDI

'​PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV TURIZM MASALALARIGA BAG`IShLANGAN YIG`ILISh O`TKAZDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda turizmni izchil rivojlantirish istiqbollari, sayyohlik ob`ektlaridan samarali foydalanish, ko`rsatilayotgan xizmat turlari sifatini oshirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini ko`paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi, deb yozadi O`zA.

Bugungi kunda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlardan ko`zlangan pirovard maqsad mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan.

Turizm – iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, ushbu tarmoqni yanada takomillashtirish zarur, buni davrning o`zi taqozo etmoqda, dedi Shavkat Mirziyoev.

O`zbekiston ham sayohat, ham ziyorat uchun qulay mamlakat. Chunki ona zaminimizda butun dunyoga ma`lum va mashhur bo`lgan ajdodlarimiz mangu qo`nim topgan. Ular qoldirgan boy ma`naviy-madaniy merosga xalqaro maydonda qiziqish juda katta. Sohani yanada rivojlantirish uchun, avvalo, zarur infratuzilmani takomillashtirish shart. Birinchisi, transport, ikkinchisi logistika, deb ta`kidladi Prezidentimiz.

Mamlakatimizda turizmning yangi istiqbollari ochilib, turli yo`nalishlarda keng qamrovli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi yillarda alpinizm, otda, tuyada, velosipedda sayohat qilish, off-road sayyohatlari, baliq ovi, rafting, xeliski, geoturizm, ta`lim turizmi, tibbiy turizm kabi yangi sayyohlik yo`nalishlari ommalashmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 2 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni turizm tarmog`ini jadal rivojlantirishni ta`minlash, turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berish, mintaqalarda turizm salohiyatidan samarali foydalanishda muhim omil bo`lmoqda.

Farmonda belgilab berilgan maqsadli vazifalar hamda ustuvor yo`nalishlarni tashkil qilish va muvofiqlashtirish maqsadida O`zbekston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tashkil etildi.

O`tgan qisqa davr mobaynida O`zbekiston turizm salohiyatini kompleks rivojlantirishga qaratilgan 16 normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Ushbu hujjatlar asosida turizm sohasi sub`ektlariga sezilarli soliq va bojxona imtiyozlari hamda boshqa engilliklar taqdim qilindi.

Mamlakatimiz turizm tarmog`ini Standartlashtirish bo`yicha xalqaro tashkilot (ISO) talablariga mos kelishini ta`minlash maqsadida turizm terminologiyasi va mehmonxona xo`jaliklari xavfsizligi talablari bo`yicha yangi 2 ta davlat standarti ishlab chiqildi va ro`yxatdan o`tkazildi.

Bulardan tashqari, Prezidentimizning tegishli qarori bilan hududlarda turizm sohasining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hamda Xiva va Shahrisabz shaharlari hokimlarining turizm masalalari bo`yicha o`rinbosarlari lavozimi joriy etildi.

O`tgan davr mobaynida davlatimiz rahbari topshiriqlari asosida Xorazm, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax va Farg`ona viloyatlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash, yangi sayyohlik yo`nalishlari tashkil etish hamda hududlarning turizm salohiyatini keng targ`ibot qilishga qaratilgan dasturlar qabul qilindi. Jumladan, Buxoro va Samarqand shaharlarida sayyohlar uchun kunu tun faoliyat ko`rsatuvchi, har birining hududi 10 gektardan iborat "Qadimiy Buxoro" va "Samarqand siti" turizm hududlarini barpo etish bo`yicha ishlar boshlab yuborilgan.

Toshkent viloyatining Bo`stonliq, Parkent va Ohangaron-Angren turizm klasterlari hududlarida mehmon uylarini tashkil etish bo`yicha komlpeks chora-tadbirlar ishlab chiqildi va bugungi kunda amaliyotga joriy etilmoqda.

Prezidentimizning 2017 yil 16 avgustdagi “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko`tardi.

Qarorga ko`ra, 2018-2019 yillarda soha oldida turgan muhim masalalar echimiga bag`ishlangan alohida dastur tasdiqlandi va uning to`liq ijrosini ta`minlash va sohada olib borilayotgan ishlarni idoralararo muvofiqlashtirish maqsadida Turizmni rivojlantirish bo`yicha muvofiqlashtirish kengashi tuzildi.

Dastur asosida yuqoridagi kabi alohida turizm hududlari Toshkent, Urganch shaharlarida va Farg`ona viloyatida tashkil etilishi belgilangan.

Shuningdek, dastur doirasida turizmning tibbiy, rekreasiya, agro va ekoturizm yo`nalishlari bo`yicha alohida dasturlar qabul qilinishi ham belgilab qo`yildi.

Zamonaviy turizm istiqbollaridan biri – noyob tabiiy maskanlar hisoblanadi. O`zbekiston Markaziy Osiyoda ekoturizm eng rivojlangan etakchi davlatdir. Yurtimiz boy hayvonot va o`simlik dunyosi, betakror landshaft manzarasi, milliy an`analar va taomlar oshxonasi bilan sayyohlar e`tiborini qozonib keladi. Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bog`i, uning tarkibiga kiruvchi Chotqol davlat biosfera qo`riqxonasi, Aydar-Arnasoy ko`llar tizimi va Chimyon-Chorvoq kurort-rekreasiya zonalarida O`zbekistonda turizmni rivojlantirish masalalari doirasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari yig`ilishda har bir yo`nalish bo`yicha, ya`ni Evropa, Osiyo va boshqa qit`alardan keladigan sayyohlar uchun maxsus dasturlar ishlab chiqish, charter reyslar va temir yo`llarda qatnovlar sonini ko`paytirish, turizm rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini mukammal o`zlashtirish, ichki turizmni rivojlantirish, sayyohlik ob`ektlarini takomillashtirish, xizmat ko`rsatish sifatini yaxshilash borasida o`z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Mamlakatimizda turizm yo`nalishida mutaxassislar tayyorlovchi 5 oliy o`quv yurti, jumladan, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamda o`ndan ortiq o`rta maxsus bilim yurti faoliyat ko`rsatmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi sayyohlik sohasida ta`lim olayotgan yoshlar, sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarning Evropa hamda Osiyoning yirik sayyohlik markazlari va o`quv yurtlarida malaka oshirishiga ko`maklashmoqda.

Soha istiqbolida yana bir muhim jihat – bu hududlardagi barcha madaniy-tarixiy meros ob`ektlari, tabiiy o`lkashunoslik, milliy qo`riqxona hududlarining yagona ma`lumotlar bazasini yaratish, turizm sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, mintaqalarda turizmni rivojlantirish uchun joylardagi mahalliy hokimiyat organlari va jamoatchilik kuchlarini birlashtirishdan iborat. Bu boradagi izchil ishlarni amalga oshirishda mamlakatimizda mustahkam huquqiy baza yaratilgan bo`lib, hududlar uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilgan va jarayon izchil davom etmoqda.

Mamlakatimiz turizm industriyasi jadal rivojlanishida xususiy sektorning ustuvor ishtirokini ta`minlashga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Hozir yuzlab tadbirkor va hunarmandlar turizm sohasiga jalb qilingan bo`lib, ular suvenir mahsulotlari ishlab chiqarish, mehmonxona xo`jaligi, sayyohlarga xizmat ko`rsatish bilan shug`ullanadi.

Turizmni rivojlantirishda xorij mamlakatlarida bo`lib o`tadigan sayyohlik ko`rgazma va anjumanlari muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimiz milliy madaniy merosini chet ellarda ommalashtirish, mamlakatimizga xorijlik sayyohlarni ko`proq jalb qilish va ichki turizmni rivojlantirish maqsadida mamlakatimiz sayyohlik tashkilotlari Madrid, Riga, Berlin, Parij, Tokio, London, Moskva, Istanbul kabi dunyoning yirik shaharlarida qator ko`rgazmalar tashkil etmoqda yoki xalqaro ko`rgazmalarda qatnashmoqda. Bu, albatta, o`z samarasini berib, xorijiy sayyohlarning yurtimizga oqimi tobora ko`paymoqda.

Yig`ilishda turizm industriyasini jadal rivojlantirishda xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish, ularga imtiyozlar taqdim etish, sohada kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, yangi sayyohlik mahsulotlari turini ko`paytirish masalalari ham ko`rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari mutasaddi qo`mita, vazirlik va idoralar rahbarlariga sayyohlikni mavsumiy emas, balki yil davomida daromad manbaiga aylantirish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, sayyohlarni jalb qilishda yangicha usul va yondashuvlardan samarali foydalanish, ko`rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar loyihalarini tayyorlash bo`yicha topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar