AsosiySUG'DIYONA

KUZ-QISh MAVSUMDA KIYINIShNING 5 QOIDASI

'KUZ-QISh MAVSUMDA KIYINIShNING 5 QOIDASI 'ning rasmi

Latofatli bo`lish uchun nima kerak? Ko`p pul?! Ideal qaddi-qomat?! Ichiga liboslar sig`mayotganidan eshiklari lang ochiqtushayotgan kiyim javonimi? Yo`q va yana bir bora yo`q! Aslida kiyimlarni o`zaro mutanosib tanlash, xuddi ovqat tayyorlash, rasm chizish yoki musiqa asbobini chalishdek gap. Asta-sekinlik bilan va doimiy ravishda tajribani orttirib, mahoratni charxlab borish lozim. Ayniqsa, kiyim tanlay turib eng ko`p yo`l qo`yiladigan besh xatoni har bir ayol bilib qo`ysa, foydadan holi bo`lmaydi. Ularni dizayner Dilnoza MAQSUDOVA sanab o`tadi.

1-xato: qo`nji kalta etik va tizza uzunligidagi yubka

Sarvqomat qizlar boldirning o`rtasigacha uzunlikdagi etiklardan chiroyli oyoqlarga urg`u berish uchun foydalanishadi.Ammo to`ladan kelganlar bunday etiklarga murojjat qilmaganlari ma`qul. Ayniqsa, qora etik bilan badan rangidagi kapron paypoq oyoqni yanada semiz ko`rsatadi va atrofdagilar e`tiborini aynan shu kamchilikka qaratilishiga sabab bo`ladi. Uzun qo`njli etik, etik rangidagi kolgotka va shu rangdagi yubka yordamida oyoqlarni naqd 10 sm.gacha baland ko`rsatish imkoni bor. Kalta qo`njli etikni esa shim bilan kiygan ma`qul.

2-xato: “Vodolazka” har kimga ham to`g`ri kelavermaydi

Agar bo`yningiz oqqushnikidek uzun bo`lsa, yopishib turuvchi yoqali kofta (vodolazka)lar aynan siz uchun yaratilgan. Ammo bo`yni qisqa, ko`kragi katta, elkalari keng, yuzi dumaloq yoki to`rtburchak shakldagi ayollar bunday kiyimlardan ehtiyot bo`lganlari ma`qul. Chunki, “vodolazka”lar bo`yinni bekitib, e`tiborni ko`krakka qaratadi. Agar bo`yningiz uzun bo`lmasa yaxshisi V shaklida o`yilgan yoqali ko`ylak va koftalarga ixtiyor bering. Qishning sovuq kunlarida “vodolazka”ning o`rniga sharfdan foydalanishni tavsiya etmiz. Axir to`g`ri tanlangan sharf tananing yuqori qismini, shu jumladan bo`yinni ham uzunroq ko`rsatish xususiyatiga ega.

3-xato: Kapron paypoqni poyabzalga mos emasligi

So`nggi yillarda do`kon rastalarini och jigarrang (“zagar” rangli) kapron paypoqlar egallab oldi. Ammo oq-sariqdan kelgan qizlarga bunday rangdagi kapron paypoqlar yarashmaydi. Kapron paypoqni ko`lga kiyib ko`rib, tana rangiga qanchalik mos kelishini oson bilib olish mumkin. Ko`pchilik ayollar kapron paypoqlarni aynan ko`ylak rangiga moslab tanlashga odatlangan. Biroq dizaynerlar poyabzal bilan rangi mutanosib kapron paypoq kiyishni tavsiya etishadi. Bu bilan ayolning bo`yini balandroq ko`rsatish mumkin. Shuningdek, rasmli, gulli yoki naqshli kapron paypoqlarni gulsiz ko`ylaklar bilan kiygan ma`qul. Ular oyoqni semiz ko`rsatishini inobatga olib qo`ying.

4-xato: “Qalamcha” yubka va “mokasin”tufli

“Qalamcha” shaklidagi yubkani kiyishning o`ziga xos qoidalari mavjud. Masalan, u qancha uzun bo`lsa, tuflining poshnasi ham shuncha baland bo`lishi lozim. Qalin matodan tikilgan klassik “qalamcha” yubkani yupqa ipak (shifon) yoki trikotaj kofta bilan moslashtirish mumkin. Bo`yi past qizlarga tizzadan uzun “qalamcha” shaklidagi yubkalar ta`qiqlanadi, chunki u oyoqlarni kalta ko`rsatib qo`yishi mumkin. Agar bo`yingiz past bo`lsa-yu, “qalamcha” yubka kiyishni istasangiz,kaltaro-ini – tizadan yuori turadiganini tanlang. Shuningdek, bunday bichimdagi yubkani “mokasin” yoki “baletka” tuflilar bilan kiyish ham tavsiya etilmaydi.

5-xato:Jinsi shimni etik ichiga kiritish

Bu mato ancha dag`al va qalin bo`lgani tufayli pochasini etik ichiga kiritganda istaymizmi, yo`qmi buklanib qoladi. Gorizontal chiziqlar esa ayolning bo`yini pastroq ko`rsatishiga yana bir sababdir. Sarvqomat ko`rinish uchun esa pochasi keng yoki klassik bichimdagi shimlarni kiyish tavsiya etiladi. Shuningdek, soni yo`g`on ayollar yopishib turuvchi shimlarni kiymasliklari lozim.

SAODAT tayyorladi.

Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi

Boshqa yangiliklar