BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining din va e`tiqod erkinligi masalasi bo`yicha maxsus ma`ruzachisi Ahmad Shahid boshchiligidagi delegasiya a`zolari 2 oktyabr kuni Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan uchrashdi.
Muloqotda mamlakatimizda turli millat va din vakillarining huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlash, ularning qonuniy manfaatlarini ta`minlash masalalari muhokama qilindi, deya xabar beradi O`zA.
Mamlakatimizda ayni paytda 2 ming 241 diniy tashkilot faoliyat yuritayotgani ham buni tasdiqlaydi. Islom, xristian tashkilotlari, yahudiy, bahoiy jamoalari, Krishna jamiyati va Budda ibodatxonasi fuqarolarning diniy ibodat va marosimlarni to`liq ado etishiga imkon berayotir. O`zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o`rta maxsus va oliy ta`lim muassasalari, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O`zbekiston eparxiyasining Toshkent pravoslav seminariyasi hamda Toshkent protestant seminariyasida ta`lim olish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgani yurtimizda hukm surayotgan bag`rikenglikning amaliy ifodasidir.
O`zbekistonda istiqlol yillarida inson huquqlari bo`yicha milliy institutlar, ta`limning o`zbek, rus, qozoq, qirg`iz, tojik tillari, jami etti tilda olib boriladigan tizimi yaratildi. Diniy bag`rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash orqali jamiyat taraqqiyotini ta`minlashda davlat tashkilotlari bilan birga, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarida diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo`yicha maslahatchilar faoliyat yuritayotgani, Prezidentimizning joriy yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni asosida fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha respublika kengashi ta`sis etilib, diniy-ma`rifiy masalalar bo`yicha rais o`rinbosari lavozimi joriy etilgani yoshlarni ma`rifat, ezgulik va bag`rikenglik ruhida tarbiyalashda muhim omil bo`layotir.
Uchrashuvda mamlakatimizda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar ijrosi, shuningdek, o`zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining din va e`tiqod erkinligi masalasi bo`yicha maxsus ma`ruzachisi A.Shahid boshchiligidagi delegasiya a`zolari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, Tashqi ishlar va Adliya vazirliklarida ham muzokaralar o`tkazdi.






