Aholi, ayniqsa, voyaga etmaganlar va yoshlar o`rtasida kurashni yanada rivojlantirish hamda ommalashtirish, o`sib kelayotgan avlodda milliy iftixor va vatanparvarlik tuyg`ularini mustahkamlash, shuningdek, jamiyatda sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish va jahon sport maydonlarida yuqori natijalarga erishishni ta`minlash maqsadida 2017 yil 3 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaror qabul qilindi.
Qarorda “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash nazarda tutildi.
Dasturga muvofiq kurashni ommalashtirish va yoshlarning bo`sh vaqtini sifatli o`tkazishni ta`minlash maqsadida Nukus shahri va viloyat markazlarida “Kurash” milliy sport turi markazlari, har bir tuman (shahar)da esa zamonaviy sport klublari va seksiyalari tashkil etiladi.Shuningdek, kurash bo`yicha respublika, xalqaro musobaqalar va turnirlarni doimiy asosda tashkil etish va o`tkazish, musobaqa va turnirlar ishtirokchilarining avtomatlashtirilgan ma`lumotlar bazasini joriy etish, “Kurash” yo`nalishida oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalariga qabul kvotalarini oshirish, mazkur sport turi bilan shug`ullanish uchun jahon standartlariga javob beradigan “yaktak” sport anjomlari va “kurash gilam”lari ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish, kurashni ommalashtirish yuzasidan media-reja ishlab chiqish nazarda tutildi.
Mazkur choralar aholi, ayniqsa, yoshlar o`rtasida kurashni rivojlantirish va ommalashtirishga, sport anjomlari va inventarlarini tayyorlash sohasida mahalliy brendni yaratishga, O`zbekiston kurash federasiyasi faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Kurash “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o`yinlari dasturiga kiritiladi.
Keyingi yillarda asrlar davomida mardlik, bag`rikenglik, olijanoblik va halollikning timsoli sifatida e`zozlanib kelingan, o`zbek xalqining tarixiy merosi – “Kurash” milliy sport turini (keyingi o`rinlarda kurash deb yuritiladi) qayta tiklashga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Davlatimizning bevosita qo`llab-quvvatlashi natijasida kurash xalqaro sport turi sifatida keng e`tirof etildi, “kurash”, “halol”, “ta`zim”, “to`xta” va “yonbosh” kabi atamalar esa xalqaro sport lug`ati tarkibidan mustahkam o`rin egalladi.
2010 yilda Kurash xalqaro assosiasiyasi Olimpiya o`yinlari dasturiga kiritish uchun buyurtma berishda muhim talab hisoblangan Jahon dopingga qarshi agentligining e`tirofiga sazovor bo`ldi. 2017 yil 20 sentyabrda Ashxobod shahrida bo`lib o`tgan Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida “Kurash” milliy sport turi tarixda ilk bor XVIII yozgi Osiyo o`yinlari dasturiga rasman kiritildi.






