21 yoshida unga ikki yildan keyin bu yorug` olamni tark etishi haqida aytishgandi. Bugun esa uning yoshi 74 da, uch nafar farzandi va uch nabirasi bor, o`zi Eynshteyndan keyingi eng zo`r fizik-nazariyachilaridan biri sanaladi.
Stiven Uilyam Xoking 1942 yilning 8 yanvar kuni Buyuk Britaniyaning Oksford shahrida Galileo Galiley o`lgan kundan roppa-rosa 300 yil o`tib tug`ildi. Otasi Frenk tibbiyot xodimi bo`lib, ilmiy faoliyat yuritar, onasi esa eri ishlaydigan tibbiyot markazida kotiba edi. Stiv ikki singlisi va Xokinglar oilasi saqlab olgan o`gay ukasi bilan birga o`sdi.
Parovozchalar va maktab
Uncha-muncha odamning tishi o`tmaydigan, o`ta murakkab teoriyalar muallifi, ajoyib olim Stiven Xoking bolaligida paravozchalar yig`ishga qiziqardi. Kattaroq bo`lganida esa uning kolleksiyasi o`yinchoq kemalar va samolyotlar bilan boyidi. «Bu qanday ishlaydi?» degan savolga javob topish istagida o`yinchoqlarni buzib ko`rar, ammo qayta yig`ish qo`lidan kelmasdi. Bu esa Xokingni qiziquvchan, ammo oddiygina bolakay bo`lganidan darak beradi.
Boshlang`ich sinflarda Xoking tengdoshlaridan yomonroq o`qir, ikkinchi sinfda, hatto, qoloq o`quvchi degan nomni ham olgandi. O`rta sinflarda uning o`qishi biroz yaxshilandi. Shunday bo`lsa-da, tengdoshlari Stivenning daho ekanini tushunishar va unga «Eynshteyn» degan laqab qo`yishgandi.
Baholari past bo`lgani uchun muammo ham kelib chiqdi: otasi uning Oksfordda o`qishini orzu qilar, biroq stipendiya ololmasa, ta`lim xarajatlarini ko`tara olishiga ko`zi etmasdi. Ammo bitiruv imtihonlarida Stiven o`zini ko`rsatdi, fizikadan eng yuqori ball olib, stipendiyaga sazovor bo`ldi.
Bekorchi talabaning oltin davri
Asosiy fan sifatida nazariy fizikani tanlagan Stiven talabalik gashtini sura boshladi. U birorta ko`ngilochar tadbirni o`tkazib yubormas, chiroyli qizlarning boshini aylantirardi. Darslarga borishdan ko`ra eshkak eshish sporti bilan shug`ullanishni yoqtirar, bo`sh vaqtlaridan esa shunchaki bekorchilik qilar, hushiga kelgandagina qo`liga kitob olardi. U yarim kungina darslikni varaqlab, boshqa talabalar bir haftada ham o`zlashtira olmagan materiallarni tushunib olar, kursdoshlaridan ancha yuqori natijalarga erishardi.
Beso`naqay o`spirin
Uchinchi kursda o`qiyotganida esa Stiven o`zini g`alati his qila boshladi. Negadir beso`naqay bo`lib qolgandi. Shu darajadaki, u hech bir sabablarsiz tayanch nuqtasini yo`qotib, tekis joyda ham yiqilib tushardi. O`sha paytlari hech kim, hatto, o`zi ham bu kelajakdagi baxtsizligining sababi bo`lishini hayoliga keltirmasdi. Shifokor o`shanda unga shunchaki kamroq pivo ichish kerakligini aytgandi, xolos.
Oksforddagi o`qishining oxirgi yili Stiven astrofizik bo`lishga qaror qildi. Imtihonlarni topshirganidan so`ng uni Kembrij kutayotgandi. Aspirant bo`lgach, u bor vaqtini nisbiylik nazariyasini o`rganishga sarflay boshladi. Biroq tibbiy ko`rikda shifokor yontomonlama amitrofik skleroz tashxisini qo`ydi-yu, uning hayoti jar ustida ekanligi aniq bo`ldi. Endigina yigirma bir yoshga to`lgan yosh olim dahshatga tushdi, axir shifokorlar unga atigi ikki yillik umri qolganini aytishgandi-da.
Dardlarga malham muhabbat
Stiven tushkunlikni kasallikning juda sekin rivojlanayotgani va ishdagi katta muvaffaqiyatlari tufayli enga boshladi. Taqdir hazilini qarangki, aynan shu damlarda Xoking nisbiylikning umumiy nazariyasini tushunib etishiga yaqin qolgandi. Xastalik asta-sekin rivojlanar, go`yo Stiven tanasidagi o`zgarishlarga ko`nikishiga imkon berardi.
1965 yili Xokingning hayotini butunlay o`zgartirib yuborgan voqea yuz berdi. U Jeyn Uayl ismli ajoyib qiz bilan tanishib qoldi, bu sohibjamolning muhabbati uning o`ziga bo`lgan ishonchini tikladi va astoydil hayot uchun kurashishga undadi.
Shu yilning o`zidayoq Xoking va Uayld turmush qurishdi. Stiven o`zini ancha oldirib qo`ygandi, hassa bilan yurardi. 1957 yilda esa qo`ltiqtayoqsiz qadam tashlolaydigan bo`lib qoldi. Jeyn yosh olimni buyuk ishlarga undadi. Oilasini boqish uchun Xoking universitetega ishga kirishi kerak edi, buni dessertasiya himoya qilmasdan amalga oshirish mumkin emasdi. Astrofizikning o`zining aytishicha, bu uning ilk bora jiddiy ishga kirishishi edi.
«Muhimi – taslim bo`lmaslik!»
1970 yili qo`ltiqtayoq o`rnini nogironlar aravasi egalladi. Oila byudjetiga hamshiralarga to`lanadigan maosh ham kiritilgandi. Olim qimirlay olmasa-da, ilmiy tadqiqotlar qilar, fanda yuqori cho`qqilarni zabt etardi. 1985 yili u o`pkasini shamollatib qo`yib, yana bir baloga yo`liqdi. Pnevmoniya natijasida gapirolmay qoldi. Negaki, olimning hayotini saqlab qolish uchun shifokorlar uning traxeyasini jarrohlik yo`li bilan olib tashlagandilar.
Amerikacha lahja
Butunlay falaj (faqat chap yuzi va o`ng bilagining mushaklarigina nisbatan yaxshi ishlardi) Xokingning karerasiga nuqta qo`yilgandek edi. Ammo do`stlari va hamkasblari uni tashlab qo`yishmadi. Kaliforniyalik Uolt Uoltoss olimning ishlayotgan mushaklari harakati bilan kompyuter ekranidagi so`zlarni tanlash imkonini beradigan dastur ishlab chiqdi. Devid Meyson ismli olim esa Xokingning aravasini jajji kompyuter bilan jihozlab, dastur tomonidan qayd etilgan signallarni qabul qiluvchi nutq sintezatorini o`rnatdi. Bu olimga avvalgi ishini davom ettirish – kitob va maqolalar yozish, ma`ruza o`qish imkonini berdi. Kompyuter amerikaliklar tomonidan loyihalashtirilgani bois endi Stiven amerikacha lahjada «gapira» boshladi.
Qora tuynuklar
Stiven ilmiy jamoatchilik tomonidan qabul qilingan kosmologik konsepsiyani barbod qildi. U koinotdagi qora tuynuklar, unchalik ham qora emasligini, ular nur taratishini isbotladi. Professor Xokking 12 ta faxriy ilmiy unvonga ega, jumladan, nufuzli fanlar akademiyalarining haqiqiy a`zosi hamdir. Stiven Xokingning «Vaqtning qisqacha tarixi» deb nomlangan kitobi bestsellerga aylandi. Borliqning yaratilishi, fazo, makon va vaqt tushunchalari, buyuk portlash va qora teshiklar haqidagi bu kitobda atigi bittagina formula — «E=mc2» borligi, oddiy va tushunarli tilda yozilgani fizikani tushunmaydigan keng o`quvchilar auditoriyasining e`tiboriga tushdi.
Nogironlar aravasiga mixlangan Stiven butun dunyo bo`ylab sayohat qilar, ma`ruzalar o`qir, uch nafar farzandi va uch nevarasiga vaqt ajratardi. «Simpsonlar» multfilmida o`ziga-o`zi ovoz berdi, turli xil ko`rsatuvlarda va filmlarda ishtirok etib, aniq fanlarni ommalashtirishga hissa qo`shib kelmoqda.
Oila
Shu orada Xokingning oilasi darz ketdi. Astrofizikka uch farzand tug`ib bergan Jeyn 1991 yili, 26 yillik turmushdan so`ng ajrashishga ariza topshirdi. Jeyn bolalar va nogiron er parvarishidan charchagandi. 1995 yili esa Stiven o`z hamshirasi Elayn Meysonga uylandi. Elayn imkoniyati cheklangan insonga boyligi uchun erga tegdi, degan gaplar urchidi. Keyinchalik uning eriga qo`pol munosabatda bo`layotgani haqida mish-mishlar ham paydo bo`ldi. Xoking xotini unga nisbatan jismoniy tazyiq o`tkazganini rad etgan bo`lsa-da, o`n bir yil o`tib, bu ittifoq ham buzildi. Stiven Elayndan qutulganidan farzandlari ham, do`stlari ham quvonishdi.
Tinib-tinchimas Xoking
Xastaligi va tom ma`noda ojizligigi qaramay, Xoking faol hayot tarzini olib boradi. 2007 yili u maxsus samolyotda vaznsizlik holatida uchadi, agar dunyo inqirozi yuz bermaganida, 2009 yili fazoga uchishi ham mumkin edi.
Stiven Xoking 1979 yildan to 2009 yilgacha Kembrij universitetining Lukas professori lavozimini egallab keldi. Bu dunyodagi eng nufuzli akademik lavzozimlardan bo`lib, uni bir paytlar Isaak Nyuton ham egallagandi.
Olim butun umr sevgan ishi bilan shug`ullandi va aynan shu narsa unga oldinga intilishga va kasalligi bilan kurashishga quch-quvvat berganiga shubha yo`q. Etmish to`rt yoshli Stiven bobo ilmiy faoliyatini yakunlash niyatida emas, u borliqni tushunishni va «Nima uchun biz mavjudmiz va olam shunday tuzilgan?» degan savolga javob izlashni davom etmoqda.
ShODIMULKBONU tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






