Milliy matbuot markazida "O`zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyati tomonidan matbuot anjumani o`tkazildi.
Tadbirda mamlakatimiz elektrostansiyalarida bir yilda ishlab chiqarilayotgan qariyb 60 milliard kilovatt soat miqdordagi elektr energiyasining 6,5 milliard kilovatt soati gidroelektrostansiyalar hissasiga to`g`ri kelishi ta`kidlandi. Hozir bu ko`rsatkichni yanada oshirish orqali tabiiy, ekologik toza, arzon va qayta tiklanuvchi energiya manbaidan foydalanishni kengaytirish choralari ko`rilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 18 maydagi "O`zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to`g`risida»gi farmoni mavjud gidroelektrostansiyalardan samarali va xavfsiz foydalanish, O`zbekistonda yagona gidroenergetika tizimini yaratishda yangi imkoniyat eshiklarini ochdi.
“O`zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig`i Habibullo Azizovning ma`lum qilishicha, gidroenergiya ulushini iqtisodiyotda ko`paytirish maqsadida 18 ta gidrostansiyada ta`mirlash ishlari boshlab yuborildi. Yangi quvvatlarni ishga tushirish maqsadida yurtimizda birinchi marta pilot loyiha asosida mikro GESlar qurish boshlandi. Katta Farg`ona kanalida, Tuyamo`yin suv ombori, Qamchiq daryosi bo`yidagi ixcham GESlar shular sirasidandir.






