AsosiySUG'DIYONA

ZAMONAVIY «SURMA»LARNING KENG TARQALGAN 5 TURI. O`ZINGIZGA MOSINI TANLANG!

'ZAMONAVIY «SURMA»LARNING KENG TARQALGAN 5 TURI.  O`ZINGIZGA MOSINI TANLANG!'ning rasmi

Odri Xepbyorn va Sofi Lorening go`zallik siri nimadaligini bilasizmi? Ular erkaklarnining hayolini otash qarashlari bilan mahv etishgan. Jozibali ayol bo`lish uchun ko`z va nigohlarga urg`u berish kerakligini o`z vaqtida anglab etishgan-da. Momolarimiz ham bunday usullarni yaxshi bilishgan va surma, o`sma singari vositalardan unumli foydalanishgan. Bugungi kunda esa surmalarning zamonaviy turlari ko`payib ketdi. Ulardan qay biri aynan sizga mos kelishini esa mutaxassis Olesya SAVOSKINAdan bilib olishingiz mumkin.

1. Flomaster yoki marker — ko`rinishi oddiy flomasterni yodga solsa-da, ichi suyuq bo`yoq bilan to`ldirilgan. Bo`yoq esa suv, akril yoki spirt asosida tayyorlanadi. Suv asosidagi bo`yoq oson surtiladi. Biroq qovoqlaringiz yoki teningiz yog`li bo`lsa, vaqt o`tishi bilan surkalib, kun oxiriga borganida chiziqlar bilinmay ketishi mumkin. Shuningdek, yuzingizni makiyajdan tozalash chog`ida qiynalmaysiz, oson artiladi. Spirtli asosda ishlangan “podvodka”lar qotganidan so`ng surkalmaydi. Ammo qovoq terisini quritib qo`yishi mumkin. Marker uchining ingichkaligini ham ustunlik, ham kamchilik desa bo`ladi. Agar chiziqlaringiz nozik ko`rinishini istasangiz, marker qulay. Biroq qalinlashtirish uchun bir necha bor yurgizganingizda chegaralar aniq chiqmasligi mumkin. Spirtli va akril turlari suvga chidamli sanaladi. Akrill asosidagi flomasterlarning esa allergiya keltirib chiqarish ehtimoli bor.

2. Suyuq qalam — u ham flomaster singari suv, spirt va akril asosida ishlab chiqarilgan bo`ladi. Tarkibidagi bo`yoq nisbatan ko`proq bo`lgani uchun chiziqlaringiz yaltiroq va to`q rangli chiqishi mumkin. Suv asosidagi suyuq qalamlar sekinroq quriydi. Odatda flomaster bir oydan keyin qurib qolsa, suyuq qalam anchaga etishi bilan ahamiyatli. Akrildan tayyorlangan suyuq qalamlardan qalin chiziq chizish tavsiya etilmaydi. Vaqt o`tishi bilan u qurib, darz ketishi, bo`yog`i qovoqlaringizdan to`kilishi mumkin. Huddi sifatsiz tush kabi.

3. Gelli “podvodka” — odatda qopqoqli kichik bankachalarga solinadi. Yagona sharti undan foydalanish uchun alohida mo`yqalam xarid qilishingiz kerak. Mutaxassislar mo`yqalamning mo`yi qiyalatib kesilgan turini tavsiya etishmoqda. Foydalanganingizdan so`ng uni spirt va o`simlik moyi aralashmasida tozalash lozimligini ham unutmang. Qanchalik tejamkor deysizmi? Odatda gelli “podvodka” ikki yilga bemalol etadi. Suyuq qalamdan farqli o`laroq tarkibi quyuq bo`lgani uchun kiyimga oqib ketmaydi. Oson surkalishi va vaqt o`tishi bilan biroz qurib to`kilishi mumkin.

4. Quruq vosita — bir qarashda preslangan tenga o`xshab ketadi. Undan foydalanish uchun mo`yqalamni oddiy suvda xo`llash kerak. Agar chiziqlaringiz tekis chiqmasa, xuddi tenga o`xshab surtib olishingiz mumkin. Qurib qolmaydi va anchayin tejamkor vosita sanaladi. Ba`zi vizajistlar quruq “podvodka” dan “smoky eyes” uchun foydalanishadi.

5. Kremli “podvodka” — ishlab chiqarilayotganiga hali ko`p bo`lmagan kremli “surma” bir qarashda gellisiga o`xshab ketsa-da, surtish ancha osonligi tufayli ko`pchilik xonimlarning e`tiboriga tushdi. Uni ham ten sifatida, ham chiziq tortish uchun ishlatishingiz mumkin.

Boshqa usullarichi?

Agar qo`l ostingizda yuqoridagi vositalar bo`lmasa, oddiy qalam yoki ten yordamida ham qovoqlaringizga chiziq chizishingiz mumkin. Qora va jigarrandan boshqa suyuq qalamlardan foydalanishga qaror qilgan bo`lsangiz, gelli yoki suyuq turdagi vositalarni tanlaganingiz ma`qul. Mabodo har tong qimmatli 10-15 daqiqangizni ko`zga chiziq tortish uchun ketkazishni istamasangiz, tatuaj yordamiga murojaat qiling.

Bu qiziq!

Ko`zga bejirim va bir tekis chiziq tortishni o`rganish uchun o`rta hisobda 100-150 marta mashq qilish kerak bo`ladi. Xonimlar go`zal ko`rinishni istasangiz sabrli bo`lishni o`rganing. Agar pardoz davomida iyakni biroz ko`tarib, ko`zni yarim ochiq holda tutsangiz chiziqlaringiz tekis chiqadi. Keyin esa 15-20 soniya kutishingiz lozim, yo`qsa shuncha mehnatingiz surkalib ketishi mumkin.

Maftuna tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Boshqa yangiliklar