UYIMNI IShONChNOMA ORQALI SOTIShIM MUMKINMI?
Menga tegishli bo`lgan ko`chmas mulkni sotish uchun o`zga shaxsga ishonchnoma berishim mumkinmi?
S.Panaev, Sirdaryo viloyati
Farruxjon Fayziev, huquqshunos:
— Adliya vazirligi tomonidan 2010 yil 30 martda 2090-son bilan ro`yxatga olingan “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to`g`risida”gi Yo`riqnomaning 194-bandiga asosan, notarius ko`chmas mulk va avtomototransport vositasini tasarruf etish huquqi bilan ishonchnomani tasdiqlash paytida ishonchnoma beruvchi eri yoki xotinining mulkni tasarruf etishga roziligi haqidagi arizasi olinib, imzosi shahodatlantiriladi.
Agar er yoki xotin ishonchnoma tasdiqlanayotgan vaqtda notarial idoraga kelmagan hollarda ishonchnoma matnida Oila kodeksining 23 va 24-moddalari mazmuni tushuntirilganligi haqida va tasdiqlovchi yozuvda esa ishonchnoma beruvchining nikohdan o`tganlik holatini ko`rsatib o`tishi lozim.
Ishonchnoma ko`pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat ko`rsatilgan bo`lmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida o`z kuchini saqlaydi.
Berilgan kuni ko`rsatilmagan ishonchnoma haqiqiy hisoblanmaydi.






