Google qidiruv tizimi Levi’s brendi bilan hamkorlikda dunyodagi ilk “aqlli” kurtkani ishlab chiqishdi. Mazkur kurtka mustahkam denim matosidan tikildi...
Kurtka haqiqiy ma`noda yangi kashfiyot bo`ldi. Uning “aqlli” kurtka deb nomlanishi ham bejizga emas. Kurtkaning englari maxsus mikrosensor zarralar bilan ta`minlangan. Mikrosensorlar esa kurtkani kiygan kishining haqiqiy ma`nodagi dastyori bo`la oladi. Sababi, ular qo`ng`iroqni qabul qilish, pleerni boshqarish kabi xususiyatlarga ega.
Mazkur loyiha “Google Jackard” nomini oldi. U birinchi marta o`tgan yili namoyish etilgan edi. Kurtkani yaratish va mukammallashtirish ustida maxsus guruh ish olib bordi.
Mazkur guruh kompaniyaga uzviy bog`liq bo`lgan va “Advanced Technology and Project” nomini olgan innovasion texnologiyalarga ixtisoslashgan.
Endilikda jahondagi eng ommabop qidiruv tizimi Google o`zining jinsi ishlab chiqarish bo`yicha etakchi kompaniya Levi’s bilan hamkorlikdagi yangi kashfiyoti bilan barchani xursand qiladi.
Kurtka tashqi ko`rinishi bilan boshqa an`anaviy kurtkalardan deyarli farq qilmaydi.
U velosport ishqibozlariga mo`ljallangan. Biroq, ularning oddiy kurtkalardan farqi shundaki, uning manjetlariga maxsus mikrosensorlar tikib chiqilgan.
Oddiy jinsi matosi inson xatti-harakatlariga javob bera oluvchi interaktiv matoga aylandi. Kurtka smartfon bilan Bluetooth va maxsus mobil dastur vositasida bog`lanadi.
Uni kiygan sportchi velosiped haydab ketayotganida kirish qo`ng`irog`iga javob berish uchun cho`ntagini kovlamaydi. Kiruvchi sms-xabarlarni ham o`qish unchalik qiyin emas. Kurtkani kiygan kishi uning manjetiga qo`l tekkizishining o`zi etarli.






