— Shu kunlarda chap qulog`im yaxshi eshitmayapti. Vaholanki, hech qanday og`riq yoki bezovtalik yo`q. Bu nimadan bo`lishi mumkin?
G`ayrat Omonov, Toshkent viloyati
Timur MADAZIMOV, shifokor otolaringolog:
— Quloq bitishining turli sabablari bo`lishi mumkin. Ahvolingizga aniqlik kiritish uchun bezovtalik kunning qaysi qismida boshlanayapti, qancha davom etayapti shularga diqqat qiling. Eshitish qobiliyatining sustlashishi tashqi eshituv yo`lida quloq kirining to`planib qolishi, shamollash asoratlari va nevrit sabab kelib chiqishi aytiladi. Maslahatim, vaqtni bekor o`tkazmay shifokor ko`rigiga boring. Tashqi eshituv yo`lida to`siq bor-yo`qligi tekshirilgach, shunga ko`ra zarur muolajalar o`tkaziladi. Vaqti-vaqti bilan sodir bo`layotgan quloq bitishi atmosfera bosimining almashishi tufayli ham kelib chiqishi mumkin. Masalan, samolyotda parvoz qilish, er osti yo`llarida harakatlanish kabilar shular jumlasidan. Mustaqil tarzda quloqni yuvish yoki shu kabi tozalash ishlarini bajarish tavsiya etilmaydi.






