Parhezda emassiz, sport bilan shug`ullanmaysiz, vaqtida dam olasiz, ammo negadir vazningiz kamayishda davom etayaptimi? Unda zudlik bilan shifokorga murojaat qilganingiz ma`qul. Organizmingizdagi o`zgarishlar odatiy allergiya, shish kasalliklari yoki endokrin tizim faoliyati bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Vazn etishmasligining boshqa sabablari ham bor. Bular asosan ruhiyat bilan bog`liq. Agar tashqi ko`rinishingizga mos chiroyli semirishni istasangiz, quyidagi tavsiyalarimiz aynan siz uchun!
Mutaxassis – shifokor dietolog Muhayyo AІMEDOVA
BIRINChI ISh!
Avvaliga nima sababdan vazn yo`qotganingizni aniqlashtiring. Agar yaxshi ovqatlansangiz, hayotingizda hech qanday muammo bo`lmasayu, ozib ketayotgan bo`lsangiz, shifokorga uchrashing. Organizmdagi o`zgarishlar sababi endokrin tizim, gormonal muvozanat buzilishi, me`da va o`n ikki barmoqli ichak kasalliklari, moddalar almashinuviga bog`liq bo`lishi mumkin.
QANI BOShLADIK!
Vazn orttirish uchun har kuni 1500 kilokaloriyali mahsulot iste`mol qilishingiz lozim. Xo`sh, bu ko`rsatkichga qanday erishasiz? «Tort, pirojniy yoki yog`da to`yinib pishgan guruch tanovul qilib, semirish»ni maqsad qilgan bo`lsangiz, to`xtang! To`g`ri, bu usul yordamida darrov vazn yig`asiz. Ammo huzurini to`lishgan belingizu, bo`ksangiz ko`radi. Kaloriyalarda adashmaslik uchun mahsulot yorlig`iga diqqat qiling. Іar bir tanlangan mahsulotni kaloriyasi bo`yicha hisoblab, xarid qilsangiz 1500 kkal.ni hosil qilolasiz.
Etarlicha kaloriyalar yordamida 1 haftada (har bir ayol uchun invidual) bir necha gramm vazn orttirish mumkin. Shuni unutmangki, har bir organizmning o`z xususiyati bor. Ba`zan to`lishish uchun boshlagan parhezingiz ich tozalanishi bilan nomoyon bo`ladi. Bu normal holat. Keyingi haftalarda organizm yangi «sharoit»ga ko`nikadi.
OCh YuRMANG!
Achchiq, sho`r, va non mahsulotlarini me`yorda eyishingiz mumkin. Kun davomida 5-6 marotaba o`rtacha miqdorda ovqatlaning. Іamisha nonushta qiling. Ertalab iste`mol qilingan uglevod va oqsillar kun davomida saqlanib qoladi. Taomlanish oralig`ida ochlik hissi yuzaga kelmasin. Agar buning aksi bo`lsa, ishtahangizni jilovlashga urina boshlaysiz. Bu ong ostida ro`y beradigan sezgi refleksining ishi. Vaqtida uxlashni ham unutmang.
OVQATLANAMIZMI?
Parhez davomida murakkab uglevod hamda oqsilga boy ozuqalarni iste`moliga ahamiyat bering. Misol uchun: parranda va mol go`shti, baliq, sut, tuxum. Bunday mahsulotlar kalsiyga boy. Sut, tvorog, smetana, qaymoq, qatiq mahsulotlarining yog`lilik darajasi 3 foizdan kam bo`lmasin. Tanaga quvvat beruvchi kokteyl tayyorlashingiz mumkin. Buning uchun 200gr tvorog, 1 piyola qatiq, asal va istalgan rezavorlardan birini blendrda ezg`ilab olsangiz kifoya.
Kerakli tavsiya:
- Bir kundagi oqsilga boy eguliklar miqdori inson vazniga qarab iste`mol qilinadi.
- Oqsillarni yaxshisi klechatkalar bilan birgalikda iste`mol qilgan ma`qul.
- Issiq haroratdan qochilsa, oqsilning foydali ozuqa qiymati saqlab qolinadi.
- Bu turdagi mahsulotlarni hazm qilish jarayoni uzoqroq bo`ladi. Shuning uchun taomlanish orasida proteinli kokteyl ichib turgan yaxshi.
Fermentlar to`g`ri ishlashi hamda ovqat hazm bo`lishi uchun kun davomida kamida 2 litr suyuqlik iching. Bular: sutli yoki asalli choy, quruq sutli qahva, quyuq sharbatlar va oddiy suv. Salat tayyorlaganda unga zaytun yog`ini qo`shing.
NAVBAT MAShQLARGA!
Qorin sohasida keraksiz yog`larni g`amlab olmaslik uchun sport mashg`ulotlari bilan shug`ullanib turing. Jismoniy mashqlar to`g`ri to`lishishga yordam beradi, ya`ni mushaklarni chiroyli ko`rinishga keltiradi. Kun tartibingizni rejalashtirib, jismoniy mashqlarni bajaring. Chiroyli qomatga ega bo`lishda ko`krak sohasi, qo`l, oyoq, bo`ksalar uchun maxsus mashqlarni bajarish lozim. Shunda ushbu sohalardagi teri osilib qolmaydi.
KAMOLA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






