AsosiySUG'DIYONA

BOLANGIZGA PUL BERASIZMI?

'BOLANGIZGA PUL BERASIZMI? 'ning rasmi

Ba`zi ota-onalarning fikricha, bola pul bilan muomala qilishni qancha erta o`rgansa, shuncha yaxshi. Yana bir guruh ota-onalar esa pul bolaning tarbiyasini buzadi, deyishadi. Ana shunday qarama-qarshi qarashlarga echim topish maqsadidaruhshunos ANJIM ShAMShIMETOVAga murojaat qildik.

Bola va pul: ilk suhbat qachon?

Bolaning aqliy rivojlanishidan kelib chiqib, pul haqida ilk bor uning 3-4 yoki 5 yoshida suhbatlashish mumkin. Masalan, “Men, sen va singling sog`lom bo`lishimiz uchun dadang mana shu mevalarni olib keldi. Ularni pulga sotib olgan” kabi gaplarni nazarda tutayapmiz. Pul haqida gapirganda ko`proq oilaviy qadriyatlarga urg`u bersangiz, bolada ahillik tushunchasi shakllanib boradi.

Moliyaviy muammolar sir bo`lsin

Boshlang`ich sinf o`quvchisida pulga ehtiyoj yuqori sinflarnikiday bo`lmaydi. Shu bois ular ota-onaning moliyaviy masaladagi suhbatini eshitishsa-da, u qadar parvo qilishmaydi. O`smirlar uchun esa bunday muammolarmuhokamasidaishtiroketish – kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan to`siqlardan hayiqish, oilaviy hayotni eplay olmaslikdan xavfsirash kabi komplekslar yuzaga kelishiga sabab bo`lishi mumkin. Demak, imkon qadar bolangizning yonida moliyaviy masalalarni ularga eshittirmay hal qiling.

Ota-ona daromadi muhimmi?

Kichik bolalar, asosan, do`stlariningo`yinchoqlariga qarab, u yoki bu kasb haqida tasavvur qilishadi. Bunday paytda bolaning yoshini hisobga olib, kasbingiz va unga qanday erishganingizni tushuntirishingiz kerak. O`smirfarzandingiz esa kasb-korni ijtimoiy darajaga qarab baholaydi. Shu bois u mehnatingizni qadrlashi uchun bir kunlik eng zarur xarajatlariga oylik maoshdan qancha ajratishingizni sodda qilib tushuntirib boring. Aslo “Ko`rdingmi men qancha topaman” yoki “Falonchidan ham ko`p pul ishlayman”, degan so`zlarni qo`llamang. Aks holda bolangizda “shaxsparastlik” paydo bo`ladi.

Bolaga pul berish tartibi

Bola 1-sinfga borgan paytdan boshlab, unga oz-ozdan pul berib borish kerak. Shu bilan birga farzandingizning kundalik xarajatlari, bergan pulingizni nimalarga sarflayotgani haqida surishtirib boring. Masalan: “Bugun tushlikka nima olib eding?”, deb so`raysiz. Bolangiz, albatta, buni yashirmaydi. Shunday surishtiruvlar asnosida kunlik xarajat uchun berayotgan pulingizdan ortib qolayotganini sezsangiz, e`tibor bering: bolangiz buni sizdan yashirmayaptimi?

“5” baho olsang, 1000 so`m beraman!”

Ayrim ota-onalar farzandlarining o`qishga layoqati oshishini istab, kundalik baholarni pullik mukofot bilan rag`batlantirishadi. To`g`ri, bu bilan pulga qiziqqan bola yaxshi o`qishga, a`lo baho olishga harakat qila boshlaydi. Biroq ikkinchi tarafdan unda har narsaning qiymatini pul bilan o`lchash mumkin, degan tasavvur hosil bo`lishi ham mumkin.

Aqchadon (kopilka) olib bering!

Bolalikda o`zimiz ham katta-kichik tangalar yoki ota-onamiz bergan qaytim pullarni yig`ib borganmiz. Eslasangiz, ko`pchilikning o`z “aqchaqutisi” bo`lgan. Hozir aqchaqutilarning rang-barang xillari mavjud bo`lib, uni boladagi qiziqishga qarab, tanlash mumkin. Bu usul bilan bolaga pul yig`ishni o`rgatish uning fe`l-atvorida tejamkorlik, kelajakda biror maqsadni ko`zlabharakat qilish kabi tushunchalar shakllanishiga yordam beradi. Shu bois farzandingiz aqchadonga pul yig`a boshlasa, uni qanday sarflashini birgalikda maslahatlashing. Yig`ishi uchun har kuni pul beravermang. Kunora yoki haftada 2-3 marta oz-ozdan berib borsangiz, kifoya.

Ishonch yaxshi, ammo...

Boshlang`ich sinfdagi bolaning kunlik xarajatlarini taxminan hisob-kitob qila olasiz. O`smirlarga kelganda esa kundalik ehtiyojlardan tashqari ortiqcha qiziqishlar, demakki, xarajatlar ham ko`zga tashlanadi. Agar ziyrak ota-ona bo`lsangiz, buni darrov fahmlaysiz. Yaxshisi, o`smir o`g`il-qizlarni tekshirib turishdir. Masalan, qo`shimcha mashg`uloti uchun to`lanadigan pulni o`qituvchisiga bir safar uning o`zidan berib yuboring. So`ng orqavarotdan bergan-bermaganini surishtiring. Farzandingiz sizning ishonchingiz bilan birga nazoratingizni ham his qilsin. Bundan tashqari unga: “Men senga ishonaman! Axir, meni aldamaysan-ku, to`g`rimi?” qabilida gapirib, mas`uliyat hissini qaror toptirib boring.

“Bolaga pul kerak emas”

Bu noto`g`ri fikr. Chunki bolaning yoshiga qarab, unga oz-ozdan zarur xarajatlari uchun pul berib turish zarur. Agar bu borada cheklov qo`yib, pullik masalalarni sen uchun ham o`zim hal qilaman, desangiz, keyinchalik u moliyaviy masalalarda uddaburon bo`lolmaydi. Mabodo, pul uning tarbiyasiga salbiy ta`sir etishidanxavotirlansangiz, kerakli narsani bola bilan birga xarid qiling. Shu asnoda moliyaviy masalalarni hal etish, xarajatlarning eng zarurlari-yu, keraksiz chiqimlar haqida tushuncha bering.

Boshqa yangiliklar