AsosiyJamiyat

​ShAVKAT MIRZIYoEV JAHON BANKI PREZIDENTI JIM YoNG KIMNI QABUL QILDI

'​ShAVKAT MIRZIYoEV JAHON BANKI PREZIDENTI JIM YoNG KIMNI QABUL QILDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 sentyabr kuni Nyu-York shahrida Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari Jahon banki O`zbekistonning ishonchli va strategik sherigi ekanini alohida ta`kidladi, deya xabar qiladi O`zA muxbiri.

Mazkur bank va mamlakatimiz moliya muassasalari o`rtasida amaliy muloqotlar yo`lga qo`yilgan. Bugungi kunda o`zaro hamkorlik energetika, irrigasiya va kommunal tarmoqlarni modernizasiya qilish, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini qamrab olgan.

O`tgan yili qabul qilingan 2020 yilgacha hamkorlik qo`shma dasturiga 27 ta muhim loyiha kiritilgan. Ularning umumiy qiymati 4 milliard dollardan iborat, shundan 3 milliard dollari Jahon banki kreditlaridir.

Uchrashuvda mamlakatimizda Ma`muriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilingani, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Xalqaro valyuta jamg`armasi tavsiyalari asosida valyuta sohasida bozor mexanizmlari joriy etilgani, savdodagi turli to`siqlar olib tashlangani, ishbilarmonlik va investisiya muhiti yanada yaxshilanayotgani alohida ta`kidlandi.

Prezidentimiz ushbu islohotlarni amalga oshirishda Jahon bankining ulkan tajribasi qo`l kelishi, O`zbekiston bank bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini ta`kidladi.

Mamlakatimizda samarali mikromoliyalash tizimini joriy etish, irrigasiya-drenaj va yo`l-transport infratuzilmalarini modernizasiya qilish, agrosanoat kompleksini rivojlantirish va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Jahon banki prezidenti O`zbekistonda bank-moliya tizimini takomillashtirish, qulay ishbilarmonlik va investisiya muhitini yanada yaxshilash bo`yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar biznes rivojiga xizmat qilishini ta`kidladi.

Muloqotda o`zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo`yicha aniq takliflar, istiqbolli loyihalar muhokama etildi.

Boshqa yangiliklar