Pishirig`ingiz tagiga olayaptimi?
Gaz pechida pishiriladigan pishiriq va kekslarning atrofi zarqog`oz (folga) o`rab qo`yilsa, kuyib ketmaydi.
Nonlarni issiqqina saqlash uchun...
Pishiriqlaringiz sovib qolmasligini istasangiz, ularni sochiq bilan o`rab, tagiga bir qavat zarqog`ozdan qo`ying. U issiqlikni qaytarish xususiyatiga ega bo`lib,turli pishiriqlar: go`shtli pirog yoki nonlar uzoq muddat issiq saqlanishiga xizmat qiladi.
Idish yuvishda tayyor dastyor!
Tagiga olgan va kuygan qozonlarni tozalash uchun folganing bir parchasini dumaloqlab, undan foydalansangiz, muammodan osongina xalos bo`lasiz.
Kumush anjomlarni saqlash
Kumush buyumlar uzoq muddat jilosini yo`qotmasligi uchun har bir buyumni alohida-alohida folga qog`ozga o`rab qo`ying.
Qaynonangizga issiqqina ovqat olib boray desangiz
Ovqat solingan tog`orachani yoki kosani folgaga o`rab, keyin elim xaltaga solsangiz, taomingiz biror soat sovimay saqlanadi.
Katta bayramlarda
Qoyillatib, tort pishirdingiz-u, ammo unga mos lagan yoki patnis topilmasa, kartondan kerakli kattalikdagi doira yoki to`rtburchak shaklni qirqib, ustini zarqog`oz bilan qoplang.






