2017 yil 19 sentyabr kuni BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Prezidentimiz O`zbekiston fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, chinakam demokratik huquqiy davlat barpo etishning qat`iy tarafdori ekanini ta`kidladi, deb yozadi O`zA.
Shavkat Mirziyoev 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli o`zgarishlarni qo`llab-quvvatlayotgani uchun Oliy komissarga minnatdorlik bildirdi.
Oliy Komissar O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo`llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi hamda 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi keng ko`lamli yangilanishlar uchun mustahkam asos bo`layotganini qayd etdi.
Zayd Raad al-Husayn mamlakatimiz va Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar boshqarmasi (IHOKB) o`rtasidagi amaliy va ochiq muloqotni kengaytirish va mustahkamlashga yangi sur`at baxsh etgan 2017 yil may oyida O`zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlarini yuksak baholadi. Iyun oyida parlament Boshqarma bilan hamkorlik bo`yicha 90 dan ortiq tadbirdan iborat harakatlar rejasini qabul qildi. IHOKBning Bishkekdagi mintaqaviy ofisi bilan faol hamkorlik rivojlanmoqda. Sentyabr oyi boshida ushbu ofis rahbari O`zbekistonda bo`ldi. Sentyabr oyi oxirida BMTning din va e`tiqod erkinligi masalasi bo`yicha maxsus ma`ruzachisi A.Shahidning O`zbekistonga tashrif bilan kelishi rejalashtirilgan.
Zayd Raad al-Husayn Shavkat Mirziyoevga 2017 yil 10-11 noyabr kunlari Samarqandda o`tadigan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning dolzarb muammolari bo`yicha xalqaro anjumanda ishtirok etishga taklif qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.






