Germaniyaning Gamburg shahrida o`tkazilgan boks bo`yicha 2017 yilgi jahon chempionatida oltin medalni qo`lga kiritgan Shahram G`iyosov bilan suhbatlashib, undagi ko`tarinki kayfiyat bizga ham ijobiy ta`sir qildi. Xalqaro havaskor bokschilar assosiasiyasi (AIBA)ning so`rovnoma natijasiga ko`ra, jahon chempionatining eng yaxshi bokschisi, deb topilgan hamyurtimiz bilan kechgan suhbatimiz sizga ma`qul keladi, degan umiddamiz!
— Shahram, jahon chempionatidagi g`alabangizni nima ta`minladi, deb o`ylaysiz?
— Bu — jahon chempionatidagi ilk ishtirokim. Avval, talabalar o`rtasida jahon chempioni bo`lganman, jahon kubogini olganman. Uch oy davomida bosh murabbiyimiz Marat Qurbonov boshchiligida ham jismonan, ham ma`nan puxta tayyorgarlik ko`rganim g`alabamni ta`minladi. Bilasizmi, inson o`z oldiga aniq maqsad qo`yib, tinimsiz mehnat qilishi lozim. Qolaversa, aqlni charxlash muhim. Chunki raqibning harakatlarini tezkor usulda tahlil qilish, zarba berish va zarbalarni qaytarish teran fikrlashlashni talab etadi. Shu tufayli, ertalab va kechki mashg`ulotlar orasida toza havoda sayr qilaman, telefonda kishini fikrlashga undovchi o`yinlarni o`ynayman, qiziqarli kitoblar o`qiyman.
— Raqiblaringiz qanday taassurot qoldirdi?
— Ularning ko`pi bilan oldin ham jang qilganman: Osiyo o`yinlarida, olimpiadada, xalqaro turnirlarda... Qozog`istonlik raqibimda o`zgarish katta. Ko`p mehnat qilgani ringda bilindi. Tan olaman, ozgina qiynaldim. Chunki raqiblarim bir joyda turmaydigan, harakatchan va izlanuvchi yigitlar. Umuman, o`z ustida ishlashni to`xtatgan va raqibini o`rganmagan bokschi g`oliblikni qo`lga kiritishi amrimahol. Shuning uchun doim zaxiramizda raqibimizga oshkor bo`lmagan usulimiz bo`lishi kerak.
— Kubalik raqibingiz Roniel Iglesiasni 5:1 hisobida mag`lubiyatga uchratsangiz ham, u quvonchingizga samimiy sherik bo`ldi. Odatda, raqiblaringiz bilan do`st bo`lib qolasizlarmi?
— Albatta! Chunki musobaqa avvalida bir-birimizga omad tilab, kim kuchli bo`lsa, o`sha g`oliblikka munosib, deya aytamiz. O`tgan yilgi olimpiadadan so`ng Kubada yarim professionallar o`rtasida o`tkazilgan uchrashuvda, Roniel meni mag`lubiyatga uchratgandi. O`shanda men ham uning jang olib borish texnikasiga qoyil qolib, muvaffaqiyat bilan tabriklagandim.
— Oltin medal olganingizda nimalarni his qildingiz?
— Jangga juda katta mas`uliyat bilan chiqqandim. Chunki 10 nafar bokschimiz orasida men oxirgi bo`lib ringga tushdim. Bor kuchimni berib, nafaqat raqibimni, hakamlarni ham yutishim kerakligini bilardim. Jang muvaffaqiyatli tugagach esa, albatta, mehnatlarim samara berganidan, meni qo`llab turgan murabbiylarimiz, ota-onam, yurtdoshlarim va bokschi do`stlarimiz ishonchini oqlaganimdan mamnun bo`ldim.
— Va Ronaldu kabi sakradingiz...
— Quvonchimni o`zim sevgan sportchim uslubida nishonlashga odatlanganman. Krishtianu Ronaldu men uchun birinchi raqamli futbolchi. Uning hamisha odamlarga yordamga shayligi meni to`lqinlantiradi.
— Bolalikda diplomat bo`lishni orzu qilgan ekansiz...
—To`g`risi, bu qanday sohaligini bilmasdim. Onam «Diplomat bo`lasan», derdi doim. Diplomat so`zi qulog`imga chiroyli eshitilganidan shu kasbni orzu qilganman.
— Dadangiz ham boks bilan shug`ullangan ekan. U kishi birinchi murabbiyingiz bo`lsa kerak?
— O`n yoshimda otam va amakim sabab boksga kirib kelganman. Avvaliga otam ko`p yo`l-yo`riq ko`rsatardi. Talaba bo`lganimdan keyin menga ishonchlari ortdi va shundan buyon faqat murabbiylarim bilan shug`ullanaman.
— Xonanda Shahzodaning «Billionaire» qo`shig`iga ishlangan klipda suratga tushganingizdan so`ng Shahramdan tuppa-tuzuk aktyor chiqarkan, deb o`ylab qoldik.
— (kuladi) San`atga qiziqishim bor, biroq vaqtim yo`q. Chunki 4–5 daqiqalik klip ikki kun vaqtimni oladi. Reklama roliklari ham xuddi shunday. Yaqinda rejissyorlarimizdan biri sportchi hayoti bilan bog`liq film suratga olishni rejalashtirayotganini aytib, bosh rolga taklif etdi. Rad etdim. Sababi, men o`zimni shou-biznesda emas, boksda ko`raman. Charm qo`lqoplarim orqali dunyoga tanilishni istayman.
Shoira ShAGIAHMEDOVA suhbatlashdi.
Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi






