Turkmanistonda o`tayotgan Yopiq inshootlarda va jang san`atlari bo`yicha V Osiyo o`yinlarining navbatdagi kuni ham sportchilarimiz uchun muvaffaqiyatli o`tdi.
Osiyo o`yinlarining balandlikka sakrash bahslarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Nadiya Dusanova 1.86 metrlik balandlikni zabt etib, oltin medalga sazovor bo`ldi. Ushbu yo`nalishda ishtirok etgan yana bir sportchimiz Safina Sa`dullaeva kumush medalni qo`lga kiritdi.
Turkman kurashining xotin-qizlar o`rtasidagi klassik yo`nalishida vazni 63 kilogrammgacha bo`lgan Dilafruz Mamajonova turkmanistonlik Dinara Xolieva, qirg`izistonlik Ulkan Albiyakizini mag`lubiyatga uchratib, terma jamoamiz hisobiga kumush medalni qo`shib qo`ydi.
Klassik yo`nalishidagi bahslarda terma jamoamiz a`zolaridan Islomjon Qo`ldoshev, Husan Nosirov, Fayzullo Ummatov, Shahobiddin Sangilov, Elbek Sotvoldiev, Ilhomjon Mashrabov, Obidali Mavlonov, Manzuroy Mo`ydinova, Havasxon Jo`raqo`zieva, Gulmira Ismatova bronza medal bilan taqdirlandi.
Jiu-jitsu bo`yicha bellashuvlarda Ravshan Husanov, taekvondo bo`yicha Valentin Xegay uchinchi o`rinni egalladi. Futzal bo`yicha o`tgan bahslarda O`zbekiston terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasini 5:1 hisobida mag`lubiyatga uchratdi. Endi futzalchilarimiz Maldiv terma jamoasiga qarshi bahslashadi.
Yopiq inshootlarda va jang san`atlari bo`yicha V Osiyo o`yinlarida hozircha O`zbekiston terma jamoasi hisobida 3 oltin, 5 kumush va 20 bronza medal mavjud, deb yozadi O`zA.






