Ohangaron tumani hududida 4 nafar shaxsning o`limiga sabab bo`lgan yo`l transport hodisasi sodir bo`ldi.
Xususan, Guliston – Angren avtomobil yo`lining 159 km.da NEXIA avtomashinasi haydovchisi yuk mashinasi bilan to`qnashuv sodir qilib, natijada engil avtomashina haydovchisi va 3 nafar yo`lovchisi voqea joyida vafot etishgan.
Voqea joyida favqulodda xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishladi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Joriy yilning o`tgan davrida Toshkent viloyati hududida 900 dan ziyod yo`l transport hodisalari sodir etilib, ularning natijasida yuzlab insonlar turli og`irlik darajasidagi tan jarohatlari olishgan, o`nlab insonlar halok bo`lishgan.
Yo`llarda yuz berayotgan avtotransport vositalarini boshqarish bilan bog`liq ko`plab fojea va baxtsiz hodisalarning asosiy sabablaridan biri bo`lib, yo`l harakati ishtirokchilari tomonidan xavfsizlik qoidalariga rioya etilmasligi hamda mazkur sohadagi korrupsiya holatlari bo`lib qolmoqda.
Masalan, joriy yilning avgust oyida haydovchilik guvohnomasini berishdagi korrupsiyaviy holat fosh etildi.
Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqarolar B.A. va A.A. ariza bilan murojaat qilib, «Avto-moto xavaskorlar» MChJ avtomaktabi instruktorlari D.Kurbonov i S.Axatovlar haydovchilik guvohnomasini olish uchun sinov imtihonlaridan o`tkazib berish evaziga ularning har biridan 130 ming so`m miqdoridagi pul mablag`larini talab qilayotganligini bildirishgan.
Mazkur ariza asosida Bekobod shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hamkorlikda bir qator tezkor-tergov tadbirlari o`tkazilib, ularning natijasiga ko`ra avtomaktab instruktorlari D.Kurbonov (1983 y.t.) va S.Axatov (1973 y.t.), viloyat yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi tumanlararo bo`linmasi xodimi N.Sultonov (1984 y.t.) va uning “norasmiy” yordamchisi D.Abduvaxidovlar (1975 y.t.) 260 ming so`m pul mablag`larini pora tariqasida olganligi uchun ushlandi.
Tadbir davomida gumonlanuvchilar bundan oldin ham YHXB xodimiga fuqarolardan pora olishda “ko`mak” berganliklarini bildirib, D.Abduvaxidov ixtiyoriy ravishda muqaddam N.Sultonovga berib qo`yish uchun yuqoridagi avtomaktab instruktorlaridan olib, o`z avtomashinasida saqlab kelayotgan 1 mln. so`m pul mablag`larini tergovga taqdim etdi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210 va 212-moddalari (pora olish va pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.
Mazkur sohada huquqbuzarliklar va baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan aholidan yo`l harakati xavfsizligi qoidalariga qat`iy rioya etish, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish ishida ishtiroksiz qolmaslik so`raladi.
Siz korrupsiyaga qarshi kurashdagi o`z hissangizni saytimizdagi anonim ijtimoiy so`rovda ishtirok etgan holda qo`shishingiz mumkin.






