O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 sentyabr kuni Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboev bilan bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari muloqot avvalida Qirg`iziston Prezidentini tug`ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etdi, deb yozadi O`zA.
Qirg`iziston Prezidentining qardosh xalqlarimiz o`rtasidagi an`anaviy yaqin va yaxshi qo`shnichilik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash, O`zbekiston – Qirg`iziston o`zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishda tutgan o`rni va faol sa`y-harakatlari chuqur mamnuniyat bilan alohida qayd etildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-6 sentyabr kunlari Qirg`izistonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko`targani, o`zaro hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani ta`kidlandi.
Turli darajalardagi aloqalar faollashgani qayd etildi. O`zbekiston va Qirg`iziston bosh vazirlari raisligida Ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya faoliyat ko`rsatmoqda, davlat chegarasini huquqiy jihatdan tartibga solish ishlarini yakunlash bo`yicha faol muzokaralar olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoevning tashrifi chog`ida O`zbekiston – Qirg`iziston davlat chegarasi to`g`risida shartnoma imzolangani hamkorlikdagi ishlarning eng muhim natijasi bo`ldi.
O`zaro savdo hajmi ortib bormoqda, yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 60 foizga o`sdi. Avtomobilsozlik, qishloq xo`jligi mashinasozligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamkorlik bo`yicha istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.
O`zbekiston va Qirg`iziston parlamentlari, hududlari va ishbilarmon doiralari o`rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, ikki davlat hukumatlari rahbarlari shafe`ligida faoliyat yuritadigan Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashining amaliy faoliyatini tashkil etishni tezlashtirish hamda madaniy-gumanitar sohada yangi dasturlarni amalga oshirish muhimligi ta`kidlandi.
Qirg`iziston Prezidenti Almazbek Atamboevning mamlakatimizga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko`rish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.
Muloqot so`nggida O`zbekiston Prezidenti Qirg`iziston Prezidentini yana bir bor samimiy tabriklab, unga mustahkam sog`liq va muvaffaqiyat, qardosh qirg`iz xalqiga tinchlik, osoyishtalik va farovonlik tiladi.






