AsosiySUG'DIYONA

BEHIDAN 4 TA FOYDALI RESEPT

'BEHIDAN  4 TA  FOYDALI RESEPT'ning rasmi

Yo`tal tutganida...

Bitta behini ikkiga bo`lib, urug`idan ajrating. Alohida idishda 100-150 gr. suv bilan aralashtirib, olovga qo`ying. O`rtacha olovda quyuqroq bo`lgunicha qaynating. So`ng olovdan olib, iliq holatda 1 osh qoshiqdan kuniga 3 mahal ovqatdan avval ichishingiz mumkin. Har kuni damlama yangidan tayyorlanadi. U quruq yo`tal hamda bronxlar shamollashida tavsiya etiladi.

Kamqonlikka qarshi

O`rtacha kattalikdagi behini urug`idan tozalab, ichini 2 choy qoshiq asal bilan to`ldiring. So`ng 15 daqiqa gaz pechiga qo`yib, yumshatib pishiring. Asalli behini bir kunda bir marotaba iste`mol qilish kifoya. U kamqonlik va hazm qilish faoliyati bilan bog`liq muammolarda asqotadi.

Buyrak bezovta qilsa...

Behi mevasining 1 osh qoshiq quritilgan bargi va shuncha miqdordagi tozalangan urug`ini 200 ml. qaynagan suvga damlab, olovga qo`ying. 5-6 daqiqa o`rta olovda qaynagach, tagini o`chiring-da, biroz sovuting. Ta`bga ko`ra, asal bilan aralashtirib, 1 osh qoshiqdan kuniga 3-4 mahal iste`mol qiling. Bu damlama peshob haydovchi xususiyatga ega.

Immunitet pasaydimi?

3 ta behi mevasini to`g`rab, sharbat siqqichdan o`tkazing. Ta`bga ko`ra, asal bilan aralashtirib, oz-ozdan kun davomida qabul qiling. Asal qo`shilgan behi sharbati qabziyatning oldini oladi va immunitetni mustahkamlaydi.

Boshqa yangiliklar