“XUSUSIY TAShKILOTDAN DEKRET PULINI QANDAY TALAB QILAMAN?”
Xususiy tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlasa, dekret puli to`lanadimi? Buyudjetida etarli mablag`i bo`la turib, to`la olmaymiz, deyishlari ham mumkinmi? Agar byudjetida etarli mablag`i bo`lsa, dekret pulimni to`lashlarini qaysi qonun doirasida talab etishim mumkin?
M.Eshimova, Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri
B.NIZOMOV, O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o`rinbosari:
— O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 233-moddasiga asosan, ayollarga tuqqunga qadar etmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug`ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug`ilgan hollarda - etmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug`ish ta`tillari berilib, davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqa to`lanadi.
Homiladorlik va tug`ish ta`tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug`ishga qadar amalda bunday ta`tilning necha kunidan foydalanilganidan qat`i nazar ayolga to`liq beriladi.
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2002 yil 8 mayda 1136-son bilan ro`yxatga olingan Davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqalar tayinlash va to`lash tartibi to`g`risidagi Nizomga asosan homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqani tayinlash va to`lash uchun belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo`ladi.
Homiladorlik va tug`ish bo`yicha (shu jumladan, homila tushgan hollarda) nafaqa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko`rsatilgan barcha davr uchun to`lanadi.
Homiladorlik va tug`ish bo`yicha (shu jumladan, homila tushgan hollarda) nafaqa xususiy tashkilotlar tomonidan to`liq to`lanishi shart. Homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqa korxona tomonidan to`lanmasa, huquqni muhofaza qilish organlariga yoki Davlat huquq mehnat inspeksiyasiga murojaat qilish tavsiya etiladi.





