AsosiySport

Hasanboy DO`SMATOV: "NOMDOR SPORTChIDAN BEZORI ChIQMAYDI”

'Hasanboy  DO`SMATOV: "NOMDOR SPORTChIDAN  BEZORI ChIQMAYDI”'ning rasmi

Muhtaram Birinchi Prezidentimiz yoshlarga qarata “Marrani doimo yuqori oling. Zero, O`zbekiston yoshlari hech kimdan kam emas va hech qachon kam bo`lmaydi” degan so`zlari kun sayin o`z isbotini top­yapti. Shu ma`noda, galdagi qahramonimiz boks bo`yicha Olimpiya o`yinlari g`olibi, ikki karra Osiyo chempioni, “Oltin Mangust” xalqaro mukofoti sovrindori, “Olimpiada-2016”ning eng yaxshi bokschisi sifatida Vel Barker Kubogi sohibi Hasanboy DO`SMATOV. "Darakchi" gazetasi yutuqlarni yanada ko`paytirish niyatida Germaniyada yurgan bokschimiz bilan internet orqali bog`lanib, eksklyuziv suhbat uyushtirdi...

— Bilishimcha, sizdagi sportga bo`lgan ilk qiziqishni buvangiz Do`smatjon ota, buvingiz Buoyshaxon aya uyg`otgan. Besh yoshida qishloqdagi karate va kikboksing to`garagiga olib borishgan. O`sha vaqtlardayoq mushti tugilib turadigan kichkinagina Hasanboy keyinchalik nega karateni davom ettirmadi?

— To`g`ri, buvam va buvim menda sportga bo`lgan mehr, katta qiziqishni uyg`otgan. Xuddi kechagidek yodimda, 2006 yil buvim Andijon olimpiya zaxiralari kollejiga olib borganlar. U erda kikboksing sport turi yo`qligi bois tanlovim boksda to`xtagan.

— O`sha vaqtdagi tanlovingizdan bugun mamnunligingiz shubhasiz. Yo karateda ham yuqori marralarga chiqa olarmidingiz?

— Albatta, tanlovim­dan bugun mamnunman! Boisi kikboksing olimpia sport turiga kirmagan. Le­kin sport­ning bu turi bilan shu­g`ul­lan­ganimda ham chempion bo`lishim mumkin edi. Biroq tan olib aytaman, xuddi hozirgidek mashhur bokschi bo`lolmasdim. Shu ma`noda boksni tanlaganimdan sira afsus qilmayman.

— Qiziqishlaringiz shun­­chaki bolalarcha in­jiq­lik emasligini ang­lagan buvijoningizdan bu­gun behad minnatdor bo`lsangiz kerag-a?

— Haqsiz! Chempion bo`li­shim­ning asosiy sababchisi buvim! Doim “mening nabiram Mu­ham­madqodir Abdullaevga o`xshab chempion bo`ladi”, deb orzu qilgan. Buvimni yillar davomida qilgan ezgu istagiga sazovor qil­ganimdan bugun be­had shod­man. Va albatta, buvijonimning menga bo`lgan e`tibori, kelajagimni ko`ra bilgani, diliga tukkan yuksak ishonchi uchun rahmat aytaman!

— 2000 yili Avstraliyaning Sidney shahrida o`t­kazilgan Olimpiada o`yin­larida hamyurtimiz Muhammadqodir Abdullaev boks bo`yicha musobaqada barcha raqiblari ustidan zafar quchib, g`o­lib­lik shohsupasiga ko`tarilganini ko`rib, xuddi buvingiz singari “men ham Olimpiya chempioni bo`laman”, deya niyat qilgansiz. 7 yoshli bolakayning orzusi ro`yobiga buva-buvingiz, ota-onangiz mehnatini yuzaga chiqarish istak kuchliligi sababmi yo mashhur bokschi bo`lish istagi?

— To`g`ri, o`zimda ham qiziqish bor edi. Eng muhimi, bu qiziqishimni oila a`zolarim vaqtida payqab, to`g`ri yo`naltira olishdi. Hozirgidek yodimda, televizorda karate bo`yicha chempionatni ko`rib, otamga “Men ham O`zbekiston chempionati bo`laman”, dedim (miriqib kuladi). Otam esa “O`zbekiston chempionati emas, chempio­ni bo`laman, degin”, deya gapimni to`g`irlagandi. Orzuim­ albatta ota-onamning mehnat­la­ri­ni yuzaga chiqarib, yurtimiz bayrog`ini yuqori ko`tarish edi.

— Hasanboy Do`smatov zamonamizning chinakam qahramoniga aylanguniga qadar hafsalasini pir qilgan holatlar ham bo`lgandir, hayot bir tekis emas, axir?

— Albatta, bu darajaga etish oson bo`lmadi. Yodimda, bundan avval o`tgan ikkita Jahon chempionatida hakamlarning xatosi bilan chempionlik bahslaridan chiqarilgandim. 2015 yil Qa­tar­ning Doxa shahrida ozarboyjonlik ra­qibimni mag`lub qil­ganimda ham uni g`o­lib, deya e`lon­ qilishgan. Sira unutmayman, o`shanda ringdan yig`lab chiqib ketgandim. Ochig`i, bu no­haqliklar sabab sportdan biroz hafsalam pir bo`ldi, bezdim. Hatto “qaytib boks bilan shu­g`ul­lan­ma­sam­mi­kan?” degan xayolga ham bordim. Shunda murabbiyim Ziyotdin Tayganboev “Sen hammadan kuchlisan, albatta chempion bo`lasan! Bunga ishon va sabr qil”, deb menga ruhiy tomonlama katta kuch berdi. Ko`rib turganingizdek, bari ortda qoldi va bolalikdagi orzuimga etdim (samimiy kuladi).

— Onangiz Dilnoza Hayitboeva bolaligingizda siz bilan mashq qila turib, “Hasanboy, mashhur bo`lganingda “birinchi ustozing kim?” deyishsa, “onam degin-a!” deganida “Eee, aya”, deya javob qaytarganingiz yodingizdami? Bugun onangizning o`sha savoliga qanday javob berasiz?

— Shubhasiz, chempion­ bo`­li­shimda onamning mehnati juda katta. Onamning ota­si — buvam bokschi bo`lgan va farzandlarini boks bilan shug`ullantirgan. Shu bois oz bo`lsa-da, onamning boksdan xabari bor. Buni bilganim uchun 5-6 yoshimda onamning qo`liga “boks-boks”, deb urardim (kuladi). Onamning sab­ri va kamolim yo`lidagi mehnati uchun benihoya minnatdorman.

— Bola­li­gingizda­ qarin­dosh­lar bilan o`t­ka­zi­la­di­gan marosim va to`ylar ham mashq­lar bilan teng kelib qolsa, shubhasiz, mashq qilish uchun zalga ketar ekansiz. Bu natijaga etish uchun o`yin-kulgi va erkalik­lardan voz kechgansiz. O`shandagi qat`iyatingiz dunyoni qoyil qoldirishingizga asos bo`ldi. Bugun yanada yuqori marralarni zabt etishda nimalardan voz kechyapsiz?

— Sport bilan shu­g`ul­langan kishi ko`p narsalardan kechishi kerak. To`g`ri, bolaligimda mashg`ulotlar bilan to`y yoki boshqa marosimlar bir vaqtga to`g`ri kelib qolsa, hech ikkilanmay sportni tanlaganman. Hozir ham bu odatimga sodiq qolganman. Chunki bugungi kunda men uchun sport birinchi o`rinda! Qolgan narsalarga keyin ham ulgursa bo`ladi. Axir “bir narsaga erishish uchun boshqasidan voz kechish kerak”, deb bejiz aytishmagan.

— Bolalikda oldingizga qo`ygan marraga etdingiz. Bugun-chi, qanday yangi marraga erishishni niyat qildingiz?

— Albatta, ko`zlagan marramga etdim. Lekin bu bilan to`xtab qolish niyatim yo`q. Oldimda Jahon chempionati, Osiyo o`yinlari va Tokio olimpiadasi turibdi. Demak, marrani yanada kengroq olib, tinimsiz mehnat qi­li­shim kerak. Bu yo`lni ham bosib o`tib, professional boksda Jahon chempionati kamarlarini qo`lga kiritib, O`zbekistonning dovrug`ini butun dunyoga taratishni niyat qilganman.

— Odatda jangda ra­qi­bingizning qanday kam­chiliklari g`alaba qo­zo­ni­shingizda sizga qo`l keladi?

— Ra­qi­bim­ni birinchi o`rinda ruhan engsam, u ko`p xato qila boshlaydi. Va men bundan foydalanaman.

— O`z­be­kis­ton xalq shoiri Iqbol Mirzo, taniqli ijodkorlar Nodir Jonuzoq va Orif Tolib muallifligidagi sizning hayot va faoliyatingizga bag`ish­langan kitob chop etilishi 24 yoshli bokschining tarixdan mus­tahkam o`rin egallashiga bir zamin. Siz uchun kutilmagan sovg`a bo`l­gan­dir?

— Shub­hasiz! Bu katta voqea bo`ldi va ta­rixga muhr­landi. Mendan keyin farzandlarimiz ajdodlari qanday inson bo`lganini his qilib, ular ham yangi cho`qqilar sari intilishadi. Fursatdan foydalanib, kitob mualliflariga o`z minnatdorligimni bildiraman, e`tiborlarini qadr­lay­man!

— Ko`p­lab uchrashuvlarda ishtirok etdingiz, xususan Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasi”da ham sizni intizor kutgan jajji sportchilar bilan ham ko`­rish­din­giz. Ularning umidli ko`zlariga qarab, o`z bolalik xotiralaringiz ko`z oldingizda gavdalangan bo`lsa, ajabmas...

— Albatta, bo­la­jonlarni ko`rsam, o`z bola­li­gim xuddi kinotasmadek ko`z o`ngimdan birma-bir o`ta boshlaydi. Muhammadqodir Abdullaevning ortidan yugurganlarim sira yodimdan chiq­may­di. O`y­lay­manki, bolajonlarimiz ham o`z ustida ishlab, o`qib-o`r­ganib, biz egallagan mar­­ra­lar­dan-da yuqori cho`q­qilarni egallashadi. Buning uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar bor, unumli foydalanilsa, bas.

— Sport bilan shu­g`ul­­lanayotgan ­ba­`zi­ o`s­mir­lar zo`­ravonga aylanish­yapti, natija esa ayanchli yakun topyapti. Bu vaziyatda sport vakili sifatida qanday maslahat berasiz?

— Haqiqiy sportchi ko`chada kuchini ko`rsatmaydi. Nomdor sportchilarimiz ham shu vaqtgacha biror marta ko`chada urishmagan, zo`ravonlik qil­magan. Zo`ravon “sport­chi”­larning esa oldiga qo`ygan aniq maqsadi yo`q. Undaylar o`zini ko`rsatish uchungina sport zallariga borishadi. Ishonchim komil, bizning yutuqlarimizni ko`rib, zo`ravonlik qilayotgan yosh­larimiz to`g`ri xulosa chi­qa­ra­di va bizning izdoshlarimizga aylanishadi.

— Kelajakda farzandlaringizni ham sportchi qilasizmi yo boshqa soha vakili bo`lishlari tarafdorimisiz? Siz ota-onangizga tortiq qilgan baxtni kelajakda farzandlaringiz ham sizga tortiq qilishini istarsiz balki?

— Farzandlarim sportga qiziqsa, iste`dodi bo`l­sa, albatta sport bilan shu­g`ul­lan­tiraman.

— Qator-qator yutuqlar, mukofotlar egasisiz. Bularning bari sizga bildirilgan ishonch va mas`uliyat. Ishonch va mas`uliyat yuki og`irlik qilmayaptimi?

— Yutuqlarim meh­nat­la­rim evaziga berilgan rag`bat. Va bu olg`a qadam bosishda menga yanada kuch bag`ish­laydi. Qaysi so­ha­da fao­liyat yuritishimizdan qat`i nazar bari meh­nat­larimizga yarasha bo`­la­di.

Xorijda­ bo`l­­sangiz-da, Mus­ta­qil­­lik bayramini ni­shon­laganingiz shubhasiz. O`tgan yilgi yutug`ingiz bayramga munosib tuhfa bo`lgandi. Istagimiz, shunday zafarlaringiz davomiy bo`lsin!

— Rahmat, bunga bor kuchim bilan harakat qilaman! Fursatdan foydalanib, O`zbekiston xalqini eng aziz bayramimiz bilan muborakbod etaman. Tinch­ligimiz, inoqligimizga ko`z tegmasin!

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar