O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi “Jamiyatda millatlararo va fuqarolararo totuvlik, o`zaro hamjihatlik va do`stlik muhitini saqlashga va mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni qo`llab-quvvatlash” mavzusida davlat grantlari ajratish uchun tanlov e`lon qiladi.
Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi ijtimoiy ahamiyatga molik maqsadlarni nazarda tutuvchi loyiha buyurtmanomalari qabul qilinadi:
1. Yoshlarga o`zbek xalqining ma`naviy boyliklariga hurmat bilan qarashni, xalqimiz an`analari va urf-odatlarini, bebaho tarixiy merosini saqlash va rivojlantirish tuyg`usini singdirish.
2. Mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan diniy konfessiyalar, yurtimizda yashayotgan millatlar va elatlar o`rtasida tinchlik va barqarorlikni ta`minlash borasida O`zbekiston tajribasini targ`ib qilish hamda ommalashtirishga bag`ishlangan radioeshittirishlar va teleko`rsatuvlar tayyorlash.
3. Respublikada do`stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashni targ`ib etish, barcha fuqarolarga ularning millati, dini va e`tiqodidan qat`iy nazar, teng huquqlar va imkoniyatlar yaratish.
4. Turli millatlar vakillari orasida adovat va nifoq keltirib chiqaradigan ekstremistik hamda radikal g`oya va mafkuralar tarqalishining oldini olish bo`yicha amaliy choralar ko`rish.
5. Internet tarmog`ida chet tillarda O`zbekiston xalqlarining boy madaniy-tarixiy merosini yoritib beruvchi o`ziga xos resurslar yaratish.
6. O`zbekistonning tarixi, madaniyati va san`ati, buyuk shaxslari, mustaqillik yillarida jamiyat hayotining turli sohalarida respublikada erishilgan yutuqlar to`g`risidagi axborotni chet tillarda tayyorlash va internet tarmog`iga joylashtirish.
7. Mamlakatimiz madaniyati, san`ati, adabiyotining yorqin namunalari, O`zbekistondagi me`moriy va tarixiy yodgorliklar, YuNESKO Butunjahon madaniy merosi ro`yxatiga kiritilgan ob`ektlar to`g`risidagi axborotlarni xorijiy auditoriyaga etkazish.
8. Xorijliklar orasida O`zbekiston xalqlarining tarixi va madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan turli tanlovlar tashkil etish va o`tkazish, ularda O`zbekiston xalqlarining tarixiy-madaniy merosiga, jamiyatda millatlararo va fuqarolararo totuvlik, hamjihatlik hamda do`stlik muhitini mustahkamlash borasidagi tajribasiga qiziqish uyg`otish.
9. O`zbekistonda yashab kelayotgan turli millat va xalqlarning o`ziga xos milliy an`analarini, urf-odatlarini va udumlarini saqlash va rivojlantirish, jamiyatda millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida O`zbekistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to`g`risida xalqaro hamjamiyatni xabardor etish.
10. O`zbekistonning tashqi va ichki siyosatining asosiy jihatlarini, amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning natijalarini aks ettiruvchi xolis va ishonchli axborotlarni ingliz hamda boshqa xorijiy tillarda tarqatish maqsadida internet tarmog`ida maxsus saytlar ishlab chiqish va yaratish.
11. Mustaqil ommaviy axborot vositalarida O`zbekiston xalqlarining an`analari va madaniyatiga bag`ishlangan maqolalar, hikoyalar, ocherklar va boshqa bosma materiallar chop etish, hujjatli, tarixiy va ma`rifiy filmlar, teleko`rsatuvlar, radioeshittirishlar tayyorlash va efirga uzatish.
12. Mustaqillik yillarida jamiyat hayotining turli sohalarida tinchlik va barqarorlikni saqlash borasida ko`rilgan izchil chora-tadbirlarning natijalarini targ`ib etish.
Davlat granti ajratilishi uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:
1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati.
2. www.fundngo.uz veb-saytiga joylashtirilgan shaklda to`ldirilgan davlat granti uchun ariza.
3. Oxirgi o`zgartish va qo`shimchalar bilan davlat ro`yxatidan o`tgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi.
4. Tashkilotning davlat ro`yxatidan o`tganligi to`g`risidagi guvohnoma nusxasi.
5. Agar loyihani amalga oshirish lisenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda lisenziyaning nusxasi taqdim etiladi.
6. 3, 4 va 5-bandlarda ko`rsatilgan hujjatlar rahbar imzosi va tashkilot muhri bilan tasdiqlangan bo`lishi shart.
7. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining tavsiya xatlari, iltimosnomalari ilova qilinishi mumkin.
Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 25 million so`mgacha.
Hujjatlar 2017 yil 12 sentyabrdan 12 oktyabrgacha qabul qilinadi.
Hujjatlar “O`zbekiston pochtasi” orqali O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi nomiga yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo`yicha qabul qilinadi: 100163, Toshkent shahri, Islom Karimov ko`chasi, 43-uy.
Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.
Ma`lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-64
13.09.2017 15:49
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI HUZURIDAGI JAMOAT FONDI DAVLAT GRANTLARI AJRATISh UChUN TANLOV E`LON QILADI






