Afg`onistonning Samar Xel qishlog`ida Mia Ali Bobo nomli, uch asrdan beri ruhiy kasallarni noan`anaviy ravishda davolaydigan dargoh ish olib boradi, deb xabar berdi Ria.ru nashri.
Davolash kursi 40 kundan iboratdir. Bemor derazasiz, qorong`i, shifti past xonada saqlanadi. Unga non va suvdan boshqa hech nima berilmaydi.

Bu erga oliy ma`lumotli psixolog depressiya, deb tashxis qo`yadigan barcha odamlar keltiriladi. Muassasa xizmatchilari bemorlarning ichiga jin va shayton kirib olgan, deb hisoblaydi. Yuvinish, cho`milish haqida gap bo`lishi mumkin emas.

Qarindoshlari tomondan olib ketilmagan bemorlar “zindonda” etti-sakkiz oylab qolib ketishi, ba`zan shu erda vafot etishlari ham mumkin. Faqatgina non va suv iste`mol qilish bemorlarning sillasini quritib, olamdan o`tishiga sabab bo`ladi. Vafot etgan bemorlar muassasa hovlisiga dafn etiladi.

Muassasaga nomi berilgan Mia Ali Bobo 1625 yilda dunyoga kelgan. Mazkur muassasada uning avlodlari xizmat qiladi. U o`ylab topgan davolash usuli avloddan avlodga o`tib kelmoqda.






