AsosiyJamiyat

​BUXORODA O`G`IL O`Z OTASINI O`LDIRDI

'​BUXORODA O`G`IL O`Z OTASINI O`LDIRDI'ning rasmi

Oilada o`g`il farzand dunyoga kelsa, uni oila shajarasining davomchisi sifatida ardoqlashadi. U komil inson bo`lib ulg`aysa, nafaqat ota-onasining, balki yurtning koriga yaraydi. Kerak bo`lsa, o`g`lonlar oila, Vatan kabi muqaddas tushunchalar uchun ko`ksini qalqon qiladi, deb yozadi O`zA.

Shu boisdan o`g`illar tarbiyasi alohida yondashuvni talab etadi. Bolalikdan ularga halollik, vatanparvarlik, mardlik kabi olijanob fazilatlar singdirilsa, fidoyi o`g`lon kamolga etadi. Tarbiyada biror xato, bo`shliqqa yo`l qo`yilsa-chi?

...Munkillab qolgan bobo darvozaning qattiq taqillashidan cho`chib uyg`ondi. Yuragi noxushlik alomatini sezib uvishgan bo`lsa-da, ochmay iloji yo`q edi. Axir, eshik ortidagi mast-alast – o`z bolasi...
Spirtli ichimlik ta`sirida hushini butunlay yo`qotgan, sal kutib qolganidan g`azablanib, ko`zi qonga to`lgan o`g`il otasini zarb bilan itarib yubordi. U bu bilan kifoyalanmay oshxonaga kirib stol ustida turgan pichoqni qo`liga oldi... Ko`kragiga qayta-qayta urilgan tig` zarbidan ota ko`zini yumdi. Hovlidagi shovqin-surondan uyg`ongan oilaning boshqa a`zolari qonga belangan otani darhol shifoxonaga olib borishga chog`landi. Lekin otaizor yo`lda jon berdi.

Padarkush o`g`il o`ziga kelganida nima qilib qo`yganini anglab, dardu dunyosi qorong`u bo`ldi. Uni dunyoga keltirib katta qilgan, nima desa ko`ngliga qaragan otasining qadriga etmagani, unga tirgak bo`lish o`rniga doim o`z injiqliklari bilan pand berganidan pushaymon edi. Lekin endi kech...
Fuqaro O.ning bu qilmishi uchun O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining “v,j” bandlari bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Mazkur jinoyat ishi 2017 yil 22 avgust kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyati sudida ko`rib chiqildi.

– Mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida muhokama qilindi, – deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyati sudi raisi Ikrom Muslimov. – Qilmishni sodir etgan fuqaroning aybi jabrlanuvchi va guvohlarning ko`rsatuvlaridan tashqari, jinoyat ishida mavjud bo`lgan ekspertiza xulosalari, hodisa joyini ko`zdan kechirish, olingan narsalar to`g`risidagi bayonnomalar va boshqa dalillar bilan o`z isbotini topdi. Sudning hukmi bilan O. uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shu bilan birga unga jazoni o`tash joylarida alkogolizmdan davolanish tarzidagi tibbiy yo`sindagi majburlov chorasi qo`llaniladigan bo`ldi.

Sudning qora kursisida o`tirgan bu yigit aslida ijtimoiy foydali mehnat bilan shug`ullanmasdan, spirtli ichimlik iste`mol qilishga ruju qo`yib, doimiy ravishda otasidan pul talab qilib, u bilan janjallashib kelgan. U muqaddam ikki marotaba, o`g`rilik va talonchilik jinoyatlari uchun sudlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`tab chiqqan. Shunday bo`lsa-da, axloqan tuzalish yo`liga o`tmagan.
Bu voqealardan u istiqomat qilayotgan mahalla-ko`yning xabari bo`lganmikin, degan haqli savol tug`iladi. Yoki Buxoro shahrining Nurobod ko`chasi mahalla instituti, profilaktika xizmati kabi tuzilmalar e`tiboridan tashqaridami?
Oilalarda tinchlikni, xotirjamlikni ta`minlashga mas`ul bo`lgan mutasaddilar bu oilaga vaqtida kirganida, ichkilikka ruju qo`ygan odamni davolatish choralari ko`rilganda, yuqoridagi noxush voqea sodir bo`lmasligi mumkin edi.

Shu sababli sud bunday hodisaning kelgusida boshqa oilalarda takrorlanmasligining oldini olish, bu borada profilaktika ishlarini kuchaytirish, mahalla fuqarolar yig`ini raislari va profilaktika inspektorlarining e`tiborini mazkur masalaga qaratishni lozim, deb topdi. Ularning o`z vazifalarini lozim darajada bajarishlarini ta`minlash maqsadida Buxoro shahar hokimi va Buxoro shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig`iga xususiy ajrimlar chiqarildi

    Boshqa yangiliklar