AsosiyMutolaa

​ChIN TAQDIR

'​ChIN TAQDIR'ning rasmi

Dilnoza turmushga chiqqanida endigina o`n sakkizga to`lgan navnihol edi. Uning uchun hamma qarorni ota-onasi berishdi. To`ydan oldin kuyovni bir ko`rsatib, ko`nglini so`rashdi, xolos. «Bilmadim!» — Dilnozaning qizarib aytilgan shu so`z rozilik o`rniga o`tdi. To`y bo`ldi, oilaviy hayot boshlandi.

Ilk davrda Dilnoza kim yaxshi gapirsa, unda yaxshi odamni ko`rdi, undan madad kutdi. Xatolari ko`p bo`ldi, lekin uni tushunishdi, kechirishdi. Axir, qaynonasi Mahfuza opa o`zi yaxshi ko`rib kelin qilgandi-da. Eri esa... Javlon yigirma besh yoshlik, universitetni tamomlab, neft-gaz kompaniyasida mutaxassis lavozimida ishlayotgan, jiddiy, bosiq va tuyg`ularga xasis inson edi. Ishga ertalab ketgancha qosh qorayganda qaytadi, indamay televizorini ko`rib ovqatlanadi va yotoqxonaga yo`naladi. Faqat bir narsa kelinchakka yoqardi: har kuni ertalab erini ishga kuzatib yotoqxonaga kirganda pardoz stoli ustida shokoladmi, rafaellomi, xullas, shunga o`xshash shirinlik turgan bo`ladi. Bu erining unga ko`rsatgan e`tibori edi.

Ha, eri uni sevmasdi, shunchaki onasiga yoqqan qizga uylangandi. Lekin Dilnoza o`zini baxtsiz his qilmasdi. Chunki qaynonasi uni hammaga maqtar, ovsini opadek mehribon, qaynotasi otasidek g`amxo`r edi. Oradan vaqt o`tib, Javlon uning soddalarcha aytgan gaplariga kuladigan, ba`zida ishxonadan qo`ng`iroq qilib ahvoli va kayfiyatini so`raydigan bo`ldi. Ana shu telefon orqali muloqotlarda erining to`g`ridan-to`g`ri gaplashganda sezilmagan iliqligi, mehri yorqinroq tuyulardi. Javlon yomon odam emas, unga nisbatan ko`nglida nimadir bor, faqat buni aytolmaydi. Shu xayollardan kelinchakning boshi osmonga etardi.

Bora-bora ular bir-birlariga o`rganib ketdilar. Hammasi izga tushdi, faqat...

***

— Yo`q, oyi, tegmayman uningizga! Ikkinchi xotin bo`lmayman ikki dunyoda ham!

— Tegasan! Shunaqangi tegasanki... Sharmanda qilganing etmagandek, yana o`sha go`rso`xtang bilan gaplashayapsanmi? Yaxshiyam akang telefoningni titib bilib qoldi. Bo`lmasa qochib ketmoqchi ekansan-da o`sha bilan, ergina yutkur!

— Mening Javlonim katta rahbar, qo`l ostida faloncha odam ishlaydi. Qo`lini qayoqqa uzatsa, etadi. Faqat shu kelinim sal noboproq chiqdi-da. O`zim yaxshi ko`rib kelin qilgandim, bo`lmasa. Tuppa-tuzuk oilaning farzandi. Lekin bepusht ekan. Mana qarang, 7 yildirki, tug`maydi. O`g`limning boshi xam, u tengilar o`g`illarini sunnat to`y qilib, maktablarga etaklab olib chiqishdi.

— Unda ayting, umri o`tmasin, ajrashib boshqaga uylana qolsin.

— Ming marta aytdim, ko`nmaydi. Xotinini yaxshi ko`rarmish. Boshida bu pismiq kelin o`g`limga emas, menga yoqardi. O`g`limning shunga mehri tushsin deb nimalar qilmaganman. Keyin yaxshi bo`lib ketishdi. Faqat tug`madi. Tug`magani etmagandek, imillab ish qilishi, merovligini aytmaysizmi?

— Ajrashgisi kelmasa, xotin ustiga uylansin Javlonjon. O`zim unga qizimni ikkinchi xotin qilib beraman!

— O`g`lim, bu bolang endi bo`lmaydi, shekilli. Kel qo`y, shu kasal bola tug`adigan xotiningni. Dugonam Sanobarning qizini ol. Xotiningni qo`yvorishing shart emas, dugonamning qizi ikkinchi bo`lishga rozi.

Sanam boshini qaysi devorga urishni bilmaydi. Hech qachon bunday ahvolga tushmagan, doim har qanday mushkul vaziyatdan ham yo`lini topib chiqib ketgandi. Ammo bu safar ish ancha jiddiy. U – oilaning erkasi, uch o`g`ildan keyin dunyoga kelgan qiz. Ota-onasi og`zidan chiqqanini muhayyo qilishdi, akalari eru-ko`kka ishonishmadi. Xullas, u o`zini dunyoda yagona malikadek his qilib o`sdi. Husni mo`l, ammo aqli oz bo`ldi. Mulohaza qilish, birovning ko`ngligi qarash degan narsalar uning xayoliga ham kelmagan. Istadimi, demak, u istak amalga oshishi kerak. Malik bilan bir maktabda o`qishgandi. Yigit armiyadan qaytgach, uni sevgi izhorlariga ko`mib tashladi. Sanam unga o`zini topshirdi. Ko`p o`tmay vujudida bu taqiqlangan muhabbatning mevasi paydo bo`ldi. Ayni shu paytda Malikni giyohvand moddalar savdosida ayblab qamoqqa olishdi va ozodlikdan mahrum etishdi. Onasi Sanobar opa Sanamning holatidan xabar topgach, nima qilarini bilmay qoldi. Ammo juda tadbirli juvon emasmi, yo`lini topdi. Shaharda yashaydigan ikkinchi kelinining homiladorligi Sanam bilan deyarli bir xil muhlatda ekan. Darrov qizni o`sha yoqqa jo`natib yubordi. Oradan olti oy o`tib, kelini va qizining bir hafta oralig`ida ko`zlari yoridi. Kelinim egiz tug`di deya Sanamning qizini ham o`g`lining familiyasiga yozdirib rasmiylashtirdi. Shu bilan yopig`liq qozon yopig`lig`icha qoldi. Sanam esa shahardagi bir fabrikada ishlay boshladi.

Sanobar opa yozda sanotoriyga dam olishga borib, u erda kursdoshi Mahfuza opa bilan uchrashib qoldi. Ikki dugona rosa hasratlashishdi. Albatta, bosh mavzu kelinlar edi. Sanobar opa kelinlarining epsizligi, o`g`illarining noshudligidan nolidi. Mahfuza aya, aksincha, yakkayu yolg`iz o`g`lini og`zidan bol tomib maqtadi:

Sanobar nega qizini ikkinchi qilib bermoqchi, bir balosi bordirov degan o`y Mahfuza opaning xayolidan o`tdi. Lekin dugonasi qizini bir «narkoman» zo`rlab qo`ygani, hozir shu tufayli qamoqdaligi, qizi o`zini o`ldirmoqchi bo`lgani-yu Xudo asragani haqidagi ertakka uni ishontirdi. Dam olishdan qaytishda dugonalar ahdni bir joyga qo`yib, o`zaro telefon raqamlari almashib xayrlashishdi. Ammo bu xabarni Sanam keskinlik bilan kutib oldi. Chunki Malik shu kunlarda qamoqdan chiqqan va ular «odnoklassniki» orqali muloqot qilayotgandilar.

***

...Mahfuza aya o`g`lini nima qilib bo`lsa ham ikkinchi marta uylantirish ahdida uyga qaytganida uni xushxabar (yo shumxabar – qaysi tarafdan qarashga bog`liq) kutayotgandi. Kelini Dilnoza homilador emish. Avval quvondi, lekin endi o`g`li bir umr shu «ming`aymas» kelin bilan yashab o`tishi kerakligini o`ylab, ichidan zil ketdi. «Juda bemavrid yukli bo`pti-da kelin. Endi Sanobarga nima deyman?»

Nima ham derdi, rostini aytdi. Sanobar opa shunday imkoniyat qo`ldan chiqqani uchun taqdirdan, qizining sho`r peshonasidan nolidi. «Sen norozi bo`lding, shukr qilmading, Xudoga xush kelmadi bu, ana, shunday yigitdan quruq qolding!» deb Sanamni qarg`adi. Sanam esa o`ziga yoqmagan nomzoddan oson qutulgani uchun xursand edi. Lekin xursandchiligi uzoqqa bormadi: Malik uylanayotgani haqida xabar keldi.

***

Dilnoza to`qqiz oy ancha qiynaldi. Ayniqsa, homila to`rt oyligida skrining tekshiruvidan o`tganda shifokorlar qo`ygan tashxis uning dilini vayron qildi: homila sog`lom emas, Daun kasalligi bilan tug`ilish xavfi juda yuqori. Shifokorlar homiladorlikni to`xtatishni taklif etishdi, lekin Dilnoza unday qila olmasdi. O`zi necha yilda etishgan baxti, yana birinchi homiladorlik, abort qildirsa, asoratlari yomon bo`lishi mumkin. Shularni o`ylab hech kimga mudhish tashxis haqida indamadi. Hatto, eriga ham. Nima bo`lsa, peshanamdan deb tug`ishga qaror qildi. Eri unga juda mehribon, eru-ko`kka ishonmasdi. Shuncha yillar davomida Javlon va Dilnoza bir birlariga ko`ngil qo`yib, bog`lanib, bir tanu bir jon bo`lib qolishgandi. Javlon Dilnoza homilador bo`lmagan taqdirda ham, qo`yib yubormoqchi emasdi. Hech qachon! Umuman!!!

***

«Daun kasalligi». Javlon chaqaloqning tashxisini eshitib, karaxt bo`lib qoldi. Salkam 8 yilda Olloh unga bergan baxt nega bunday kemtik? Qaysi gunohlari uchun? U barcha ojiz bandalar kabi boshiga tushgan ishni sinov emas, jazo deb bilardi. Ustiga-ustak, bu tashxisni Dilnoza ancha avval bilganini eshitib, joni halqumiga keldi. Demak, xotini o`zining onalik baxti uchun hamma narsani qurbon qilibdi, Javlonning endi butun umr boshi egik, umri hasratda o`tishini o`ylamabdi. Faqat o`zini o`ylabdi, u bilan maslahatlashmabdi. Shunday o`ylardan qiynalib yurgan o`g`lining ahvolini ona badtar qildi. Har kuni Dilnozani qarg`ab, yomonlardi, uning maqsadi kelinni tug`ruqxonadan uyga olib kelmaslikka Javlonni ko`ndirish edi. Ammo Javlon bunday qila olmadi. Dilnozani uyga olib keldi.

Kasal bolani boqish oson emas. Dilnoza har safar poliklinikaga chiqqanida o`g`lida yangi bir kasallik alomatini topishardi. Bola sho`rlik turli dori va ukollardan vujudi ezilib, o`smay, sarg`ayib, so`lib borardi. Bu yoqda Mahfuza opa kelinni hamma narsaga aybdor sanashni qo`ymasdi.

Bir safar Dilnoza o`g`li bilan shifoxonaga tushib qoldi. Bolaning yuragida qusur bor ekan. Bu Javlon uchun yana bir zarba bo`ldi. Mastura opa paytdan foydalanish vaqti kelganini sezdi.

Haftalik zorlanishlar, «o`lib qolaman» deb qo`rqitishlar natijasida Javlon Sanamga uylanishga ko`ndi. Faqat shart shuki, Dilnoza buni bilmasligi kerak. Sanam va uning onasiga ham ahvol tushuntirildi. Ular ham bunga ko`nishdi. Sanam Malikdan alamini olish uchungina Javlonga tegishga rozi bo`lgandi. Nikoh o`qitildi, o`n chog`lik xotinlar chaqirib xudoyi qilindi. Javlon Sanam uchun uy ijaraga oldi. Xotini shifoxonadan chiqqach, u ikki ro`zg`orlik er sifatida turmush kechira boshladi.

Dilnoza nimalarnidir sezgandek bo`ldi, albatta. Ammo farzandi bilan band xayoli bu sezgilarga ortiqcha urg`u bermadi. Hayot bir maromda davom etaverdi. Toki Javlonning singlisi Farangiz kelinoyisi bilan urishib qolmaguncha. Arzimagan narsadan chiqqan gap talashuv jarayonida Farangiz allaqachon akasining boshqa ayolga uylanib olganini kelinoyisiga aytib qo`ydi!

Dilnoza ota uyiga ketdi va ko`p o`tmay ajrashish haqida ariza berdi.

***

...Oyoq-qo`li chandib bog`langan, og`ziga latta tiqilgan Mahfuza erto`lada nafas etishmay qiynalib yotardi. Javlon eshikdan kirib kelganda negadir uy besaranjom ko`rindi. Hovli jim-jit. Qizlari hali bog`chada bo`lsa kerak, ammo onasi qani? Sanam-chi? U onasi va xotinini chaqira boshladi, lekin hech kim ovoz bermadi. Hovliga chiqib, erto`laning eshigi ochiq turganiga ko`zi tushdi va o`sha yoqqa yo`naldi... Javlon to onasini bo`shatib olguncha «Ishqilib sog`-salomat bo`lsinlar-da» degan o`y vujudini titratib turdi.

Hammasi Sanamning ishi edi. U yana Malik bilan topishib olgandi. Malikning xotini ketib, o`zi moddiy qiyinchiliklar domida qolgandi. U yana Sanamning boshini aylantirdi. Shu darajadaki, bir-biridan shirin ikki qizi ham ayolning ko`ziga ko`rinmadi. Eri ishga ketganida darvozani Malik va uning hamtovoqlariga ochib berdi. Ular Mahfuza ayani erto`laga olib tushib tinchitib chiqishgach, uydagi qo`lga ilingan narsalarni olib ketishdi. Seyfni ocha olishmadi, shundayicha ko`tarib ketishdi. Sanam Malikdan ortda qolmay, mashinaning oldi o`rindig`iga o`tirib oldi.

Jinoyatchilar uzoqqa keta olishmadi, qo`lga tushishdi. Sanam ikki bolasini ro`kach qilib javobgarlikdan qutulmoqchi edi, ammo Javlon uni onalik huquqidan mahrum ettirish uchun sudga ariza berdi. Sud uning talabini qondirdi. Endi Javlonning 4 va 3 yashar qizaloqlari ham rasman, ham jisman onasiz qoldilar.

Bolalarga ona kerak edi. Mastura aya yana kelin qidirishga tushdi. Lekin Javlon bu safar kimga uylanishni o`zi hal qilishini aytdi.

U hamon Dilnozani yaxshi ko`rardi. Ajrashganlaridan keyin uni nazardan qochirmadi. Nogiron o`g`li uchun hamma narsani muhayyo qildi. Bir marta Dilnozani erga bermoqchi bo`lganlarida, kuyovlikka da`vogar bilan gaplashib nikohga yo`l qo`ymadi.

Javlon Dilnozani etaklab kirib kelganda Mahfuza aya avval dovdirab qoldi. Keyin gap nimadaligini tushundi... Taqdirga tan berdi. Bolalarini duo qildi.

Taqdirlar arshda yoziladi, erda ro`y beradi. Yaratgan peshanamizga yozgan chin taqdirdan hech qochib qutula olmaymiz. Bir buzilib, qayta tiklangan, bugun besh farzandni birdek baxtiyor etib tarbiyalayotgan (Dilnoza yana ikki farzand ko`rdi) ushbu oilaning baxti bardavom bo`lishiga ishonamiz, zero qahramonlarimiz ota-onalar ahdi bilan bog`lagan va o`z mehnatlari bilan mustahkamlagan rishta hech uzilmagay.

ShAHINA

    Boshqa yangiliklar