O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to`g`risida”gi Qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Toshkent shahrida tajriba tariqasida yo`l-patrul xizmati motosikldagi guruxi tuzildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda.

Ushbu guruxga yo`llar va ko`chalarning harakatlanish qiyin bo`lgan qatnov qismlarida, odamlar gavjum joylarda yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash vazifasi yuklatilgan. Ya`ni YPX xodimi motosiklda engil avtomobilga qaraganda tirbandliklar hosil bo`lgan, yo`l-transport hodisalari yoki serqatnov chorraxada svetofor ishlamayotgan joylarga tezroq etib boradi. Motosiklning avtomobilga ko`ra manyovr qilishi osonroq, gabaritlari ham ixchamroq. Shuning uchun har bir soniya g`animat bo`lganda YPX xodimi motosiklda kerakli joyga tezroq etib kela oladi.

Motosikldagi YPX inspektori motosiklni a`lo darajada boshqara olishi lozim. Shuning uchun ushbu guruxda motosikl xaydash malakasiga, ya`ni “A” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo`lgan xodimlar jamlangan va ularni boshqarish malakasini oshirish bo`yicha mashg`ulotlar maxsus avtodromlarda o`tkazildi. Mashg`ulotlar tugagach 2017 yil 16 avgust kunidan YPX xodimlari motosikllarda shahar ko`chalari bo`ylab patrullik qilishni boshlashdi. Agar tajriba o`zini oqlasa, motosikldagi YPX xodimlari doimiy tarzda poytaxtimiz yo`llarida harakat xavfsizligini ta`minlaydilar.






